Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:27

Blog: Facebookdagi o‘ttiz bir “qo‘rqmas” haqida badiha


Seshanba kuni peshindan keyin internetdagi ikkita ijtimoiy tarmoqda “Qo‘rqmayman” degan fleshmob boshlandi. To‘rtta jurnalist tashabbusi tadbir boshlanganidan 15 soat o‘tib, 31 kishi qo‘lida ”Qo‘rqmayman” degan yozuv bilan tushgan suratini Facebookdagi sahifasiga ildi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida borayotgan “Qo‘rqmayman” nomli fleshmobga O‘zbekiston ichkarisidan qo‘shilayotganlar ko‘p hollarda yuzini ko‘rsatmasdan,bir parcha qog‘ozga “Men qo‘rqmayman” deb yozib, internetda e‘lon qilmoqda.

O‘z rasmini qo‘yganlardan biri hozir Kandada muhojirlikda yashayotgan andijonlik jurnalist G‘afurjon Yo‘ldoshev nega qo‘rqmasligini she‘riy satrlarda ifodaladi:

Qo‘rqmayman men diktatoringdan,

Buni ana, bilganlar aytsin.

Xalqimni och-yalang‘och qilgan,

O‘sha diktator mendan qo‘rqsin.

Odamlarga yorug‘lik bermay,

Gazni yegan, oltinni yegan,

O‘sha mechkay, yeb to‘ymas, yuho –

Islom Karim bizlardan qo‘rqsin!

Bu misralar tagiga izoh qo‘ygan Mister Qalampir ismli yuzer G‘afurjon akani olqishladi:

“Gap bo‘lishi mumkin emas. Mana bor ekanku, haqiqiy qo‘rqmaydiganlar. Kimdan qo‘rqmagani va nima uchun qo‘rqmayotganini aniq ravshan yozgan. Bravo!”

Termizlik 31 yashar muxandis yigit Umid Soatov esa o‘z jasurligini “Agar doimo qo‘rqsak¸ unda yashashdan nima ma‘no bor?!” deb izohladi.

Shvetsiyada istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik siyosiy faol Dilobar Erkinozoda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Qo‘rqmayman” degan sahifani ochdi.

- O‘ychi o‘ylanguncha, tavakkalchi ish bitiradi! Ko‘p o‘ylanmasdan qo‘rqmasligimizni izhor qilaylik, - deydi blogger bilan suhbatda fleshmob faollaridan biri Dilobar Erkinzoda.

Dilobar Erkinzoda
Dilobar Erkinzoda

Tadbirni AQShdan turib qo‘llab-quvvatlayotgan Ahmadjon bunday fleshmoblarning samarasiga ishonishini o‘z sahifasida yozdi.

Ahmadjonning fikricha, bundan ikki yil avval Belarusda shunday tadbir o‘tkazilgan va ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan. Bu tadbirda belarusliklar hushtak chalib, diktatorga e‘tiroz bildirgan edi.

Ayni paytda 10 millionga yaqin aholi yashaydigan Belarusda o‘tkazilgan fleshmobda o‘n minglab kishi qatnashgani aytiladi.

31 million kishi istiqomat qiladigan O‘zbekistondan esa hozircha 31 kishi qo‘rqmas ekanini ijtimoiy tarmoqda izhor qildi. Ya‘ni, 1 milliondan 1 kishi hozircha “qo‘rqmayman”, deb ayta oldi.

Tadbirni Ukrainadan turib qo‘llayotgan Do‘stanazar bu raqamni oz deb bilishini aytarkan, ayni paytda bu ahvolni tabiiy, deb baholaydi.

“Nayzaning uchi doimo nozik bo‘ladi, bu 31 kishi ulkan nayzaning uchi, xolos” deydi Do‘stnazar.

Ayni paytda ko‘pchilik bu tadbirga bepisandlik bilan ham qaramoqda.

Tadbir ishtirokchilaridan biri bo‘lgan amerikalik talaba qiz Tinch okeani sohilidagi qumloqqa “Qo‘rqmayman” deb yozib qo‘ydi.

Bir pasdan keyin kelgan odatiy to‘lqin bu yozuvni yuvib ketdi va kichikkina hodisa, go‘yoki ayni fleshmob taqdiriga bitilgan ramziy bashorat o‘laroq ko‘rindi.

Va, 31 millionning og‘zidan tushmay kelayotgan savol yana tilga ko‘chdi - xo‘sh, nima foyda bunday tadbirdan?!

Men bu savol javobini Ozodlik mushtariylaridan kutib qolaman...

XS
SM
MD
LG