Rossiyada ommalashgan GetTaxi Internet-taksi xizmati o‘z tizimidagi markaziy osiyolik haydovchilarga ruscha ism bergani katta bahslarga sabab bo‘lmoqda. Rus tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda bu harakati uchun millatchilikda ayblanayotgan shirkat "eksperiment" o‘tkazayotganini aytmoqda.
Ushbu muammoga jamoatchilik ilk bor 5 dekabr kuni moskvalik Dmitriy Oparin Feysbukdagi o‘z sahifasida qoldirgan yozuv tufayli e‘tibor bera boshladi. Oparin GetTaxi xizmatini kavkazlik va osiyolik haydovchilar ismlarini o‘zlaridan beso‘roq ohangdosh ruscha ismlarga o‘zgartirayotganini aytib, o‘z noroziligini bildirgan edi.
Feysbukdagi bahsga ko‘shilgan moskvalik Mixail Libkin tanqid qilinayotgan shirkatning mobil ilovasi orqali taksi chaqirganida unga Anton ismli taksichi yuborilgani, biroq kelgan haydovchining asl ismi Oybek ekani haqida yozgan.
Libkinga ko‘ra, 7 dekabrdan boshlab GetTaxi shirkati onlayn tizimidagi haydovchilariga haqiqiy ismlarini qaytara boshlagan.
- GetTaxida haqiqiy mo‘‘jizalar yuz bermoqda. Oybek-Anton-Oybek. Ismlarni qaytarish aktsiyasi... Odamlar, millatchilikka ko‘z yummaylik. Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak... Xohlagan taksi xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib: “Haydovchilaringiz kim?” deb so‘rang. Ko‘p hollarda siz "slavyanlar" degan javobni olasiz. Men o‘zim tekshirib ko‘rganman, - deb yozadi Mixail Libkin.
Millatchilikda ayblangan GetTaxi xizmati asoschisi Shaxar Vayser Open Russia internet nashriga bergan intervьyusida haydovchilar ismini ruschalashtirish "eksperiment" qatori sinab ko‘rilgayotganini va bunday taklif haydovchilarning o‘zlaridan bo‘lganini aytdi.
Rossiyada taksichilik qilayotgan o‘zbekistonliklar ismlarni ruschalashtirish borasida turli fikrdalar.
15 yildan beri Rossiyada ishlab, bo‘sh vaqtida kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi shahrisabzlik To‘ra ismlarni ruschalashtirishda hech qanday millatchilik yo‘q, degan fikrda.
- Bu o‘rislarning yurti. Bizda qiyin otlar borku o‘zbekcha "g‘", "q" harflari bor ichida. Bular aytolmaydi-da. Bu "politika" emas. Tiliga to‘g‘ri kelsa, aytadi. Misol uchun, "G‘ayrat" bo‘ladigan bo‘lsa, bular "Gena" desak bo‘ladimi, seni otingni ruscha aytaylik, deyishadi, - deydi o‘zbekistonlik haydovchi.
Xabarovsk shahrida o‘z shaxsiy mashinasida taksichilik qiluvchi andijonlik Bahodirjon esa uni Rossiyada "Borya" deb chaqirishlarini, biroq u bunga qarshi ekanini aytadi.
- Mening ismimni ham o‘zgartirishgan. Chunki ular ismimizni aytishga juda ham qiynalishadi. O‘rtoqlarim bor, masalan, Ramziddinni "Roma" deb o‘zgartirishgan. Menikini "Borya" deb. Menga bu narsa yoqmaydi. Bu millatchilik-da. Chunki bizning dinimiz Islomda bunaqa ism o‘zgartirish yo‘q, mumkin emas. Shuning uchun meni o‘zimning ismim bilan chaqirishgani ma‘qul, - deydi Bahodirjon.
Sankt-Peterburgdagi taksi firmasida haydovchilik qiluvchi jizzaxlik Saidning aytishicha, taksi shirkatlari millatchi mijozlar tufayli osiyolik taksichilarning ismlarini ruschalashtiradi.
- Misol uchun, bir xil natsist kliyentlar bo‘ladi. O‘shalar aytadi, "rus voditelь jo‘nat”, deydi. Beshta barmoq bir emas. Menda ham bo‘lgan. Borganimda: "Pochemu voditelya musulьmanina otpravili", deb shikoyat qilgan. Bunaqalarga men o‘zimiz kimligimizni, tariximizni yaxshilab tushuntirib qo‘yaman, - deydi haydovchi.
Rossiyalik taniqli blogger Rustem Adagamov CityMobil taksi xizmatining mobil ilovasida "slavyan haydovchini tanlash" funktsiyasi borligiga e‘tibor qaratgan edi.
"Bunday optsiyasi bor taksi shirkati normal davlatda bir hafta ham ishlay olmas edi. Rossiya uchun bu tabiiy holmi?" deb yozgan edi blogger o‘z Tvitter sahifasida.
Pul topish ilinjida Rossiyaga borgan markaziy osiyoliklar uchun millatchilik asosiy muammolardan biridir. Joriy yilda Rossiyada 19 nafar muhojir rus millatchilari hujumi qurboni bo‘lgani aytiladi. Halok bo‘lganlar orasida o‘zbeklar ham bor.