Google shirkatining Google Translate onlayn tarjima xizmatida o‘zbek tili ham paydo bo‘ldi. Endilikda foydalanuvchilar o‘zbek tilidagi matnlarni yuzga yaqin tilga, boshqa tillardagi matlarni esa, o‘zbek tiliga onlayn tarzda tarjima qilishlari mumkin. Biroq foydalanuvchilar tarjima sifatida qator noqisliklar borligini aytishmoqda.
Joriy yil boshida Google shirkati Markaziy Osiyo tillarini o‘zining Internetdagi tarjima xizmatiga qo‘shishda yordam bera oladigan ko‘ngillilarni hamkorlikka chaqirgan edi. Ulardan Internet-gigantning maxsus onlayn tizimida o‘z tillaridagi tarjimalarni tekshirish va to‘g‘ri matnlarni tanlashda yordam berishlari so‘ralgan. Shunday ko‘ngillilar ko‘magida bugundan boshlab Google Translate o‘zbek, qozoq va tojik tillarini taniy boshladi.
Qayd etish joiz, kuniga kamida 200 million foydalanuvchisi bo‘lgan xizmat hozircha o‘zbek tilidagi tarjimalarni mukammal bajarayotgani yo‘q. Xususan, o‘zbek tilidan ingliz va boshqa tillarga yoki o‘zbek tiliga tarjima qilingan jumlalar tushunarsiz yoki mutalqo boshqa ma‘no kasb etmoqda. Masalan, ingliz tilidagi “I am from Uzbekistan”, jumlasi o‘zbekchaga “Men O‘zbekistondan emasman” deya tarjima qilinayotganini ko‘rish mumkin.
Foydalanuvchilar bunday bo‘lishiga qator omillar, jumladan, kamida 30 million foydalanuvchisi bor o‘zbek tilining Internetda kam qo‘llanishi sababchi ekanini aytmoqdalar.
Dunyodagi eng yirik elektron ensiklopediya bo‘lmish Wikipedianing o‘zbek tilidagi sahifasining faol mualliflaridan biri Nodir Otaevning aytishicha, Google tarjimoni Internetda mavjud elektron matnlardan foydalanib, ular yordamida tarjimaning eng yaxshi variantini taklif etadi. Shu bois, Google Translate o‘zbek tilini mukammal o‘rganishi uchun Internetda o‘zbek tilida sifatli yozilgan matnlar soni ko‘p bo‘lishi kerak.
- Internetda sifatli yozilgan o‘zbek tilidagi matnni topish oson emas. Avvalambor Inernetdagi o‘zbekcha vebsaytlarda o‘zbek tili yaxshi yozilgan bo‘lishi kerak… Umuman o‘zbek tilidagi standartlarga ko‘proq e‘tibor berilsa yaxshi bo‘lar edi. Hatto hukumat saytlariga ham kirsangiz qator xatolar topasiz. Shunday ekan, boshqa saytlar haqida gapirmasak ham bo‘laveradi,- deydi Nodir Otaev.
Shuningdek, Wiki-ekspertga ko‘ra, o‘zbekcha tarjimalar sifatini oshirish uchun Google Translate xizmatiga ko‘ngilli ravishda yordam beruvchilar soni ortishi kerak kerak.
O‘zbekcha Wikipedia muallifi Nodir Otayev bilan suhbatni qo‘yida to‘liq tinglashingiz mumkin.
Google Translate bepul onlayn tarjima xizmatidir. Unda nafaqat alohida so‘zlar yoki iboralarni, balki matnlarni, hujjatlarni va hatto veb-sahifalarni dunyoning 90ta tiliga tarjima qilish mumkin. Xizmat ayrim keng qo‘llanilgan tillardagi tarjimalarning audio variantini ham taklif etadi. Onlayn tarjimondan kompьyuter va mobil mosalmalarda foydalanish mumkin.