Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:35

8 martdan 8 martgacha eng ko‘p tilga olingan Yetti O‘zbek Ayoli (Ayollar o‘qisin)


Bayram - g‘alvirni ko‘taradigan dam. G‘alvirimizni Internetga soldik. O‘qib-o‘rganib, ko‘tarib oldik.

So‘nggi bir yil ichida shov-shuv bo‘lgan, tarmoqlarda, saytlarda eng ko‘p tilga olingan o‘zbek qiz-juvonlar “g‘alvirda” qoldi. Qolganlari joyida qoldi.

Joyida qolganlar ko‘p. G‘alvirga ilinganlari Yetti.

Yettinchisi kamroq, Birinchisi ko‘proq tilga olindi.

Birma-bir sanashga o‘tish oldidan tillarda doston bo‘lgan ettovlon uchun mushtarak bo‘lgan jihatni aytaylik.

Yoqsa o‘qing, yoqmasa qaytaylik?!

Jihatki, muchalari bo‘ldi Yetti qiz-juvonni internetxonlar tiliga tushirgan: birovi op-ochiq kuragi bilan, birovi nimochiq ko‘kragi bilan, yana birovi yalang‘och... (He, odam uyaladiyam aytishga :))

Boshladige!

7- o‘rinda Yulduz Usmonova

Tatusini ko‘z-ko‘zlaganiga ancha bo‘lib qolgan yulduz Yulduz opa Chechenistonda Ruslan Chagaevga quvvat bo‘lib “boksga tushar” ekan, o‘zini ancha sipo tutdi. Har qalay Ramzan Qodirovning siri bosgan bo‘lsa kerakda! Lekin yutqazib qo‘ygan bo‘lsa ham Chagaev ikkalasi millatni ancha quvontirdi. Yulduz Yulduz opaning “Serquyosh...”ni aytgani, “Hech kimga bermaymiz seni...” deb "tahdid" qilganidan ko‘ngillar yayradi. Shunaqa “tahdid”lariga baraka, deymiz.

6- o‘rinda Nargiz Zokirova

Yulduz Yulduzning tatusini esladigu yulduz Nargizning tatusiyam esga tushib ketdi. Ko‘pchilikka yoqmadi, ba’zilar taqirboshga uzukka ko‘z qo‘yilganday yarashibdi, dedi. Lekin Nargiz bog‘liq bu yilgi shov-shuv uning tatusi bilan bog‘liq emas. Bu yil u Moskvada ksenofoblar tajovuziga uchradi. Hatto yengil jarohat oldi. Nargizning boshiga tushgan ish tushungan odamga dars bo‘ldi: Rossiyaliklar Amriqodan kelgan g‘arbona ayolgaki shunday munosabat qilishdiki, tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r demaslikdan boshqa ilojimiz yo‘q.

5- o‘rinda Lola

“Orqasi ochiq ko‘ylakni chiqarmayam o‘l”, dedimi-yo‘qmi, bilmadik. Lekin xonanda Lola kuraklari ko‘rinib turadigan o‘sha orqasi ochiq ko‘ylagi qurboni bo‘lgani bor gap va bu qurbonlik jamoatchilik og‘zida ancha vaqt chaynaldi. Bu o‘rinda o‘zbekning “chidaganga chiqargan”, degan pisandasi yodga tushadi. Shou-biznesning o‘z qonun-qoidalari bor, demaganiga xayron qoladi kishi o‘sha biznesni nazorat qilayotgan idoraning. Nima bo‘lsayam, Lolaning ko‘ylakka qilgan harajati qoplandi o‘sha janjal bilan. Axir shou-biznes iborasidagi asosiy so‘z “shou” – tomosha emasmi?

4- o‘rinda Nilufar Usmonova

Yulduz Yulduzning qizi yulduz Nilufarning yoqasi sal chuqurroq o‘yilgan ko‘ylakda tushgan surati ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldiyu boshlanib ketdi janjal! Ana bo‘ldi janjal, mana bo‘ldi janjal. Millat nomusi posbonlari Nilufar qizni olib borib, olib keldi. Nimaymish, ko‘ksini ikki simmetrik bo‘lakka bo‘lib turgan chiziq ko‘rinib qolganmish. Shu qadar mayda gap ko‘rindiki bu gaplar, Ozodlik hatto o‘ziga ep ko‘rmadi unga aralashishni. Nilufar Usmonovaga maslahat: bundan buyon sovut kiyib yuring uyda ham, sahnada ham, to‘yda ham. “To‘ylardagi yarim yalang‘och xotinlarchi, ularga maylimi?” demang. Erlarining ularga tishi o‘tmaydi. Siz turibsizku axir, tergaydigan!

3- o‘rinda Lola Karimova

Prezidentning ikkinchi qizi kuni kecha AQSh Kinoakademiyasining Oskar mukofotlarini topshirish marosimida turmush o‘rtog‘i bilan VIP mehmon bo‘lganlarini maqtanib, o‘sha izdihomda tushgani suratlarini o‘zining Instagramiga qo‘ydi. Lola xonimning ko‘ylagiga qiyoslansa, Nilufar Usmonovaning janjalga sabab bo‘lgan ko‘ylagi o‘rta asr ritsarlarining temir sovutiyu bir asr oldingi o‘zbek ayolining paranjisi bo‘lib ko‘rinadi. “Domlaning aytganini qil, qilganini qilma”, deymiz xolos. Har qalay, Otasining hurmati bor.

2- o‘rinda Tamila

Muchalarining ixtiyor-beixtiyor namoyishi masalasida xonanda Tamila hamkasblari Lolani ham, Nilufarni ham changda qoldirib ketdi. O‘tiradigan joyini ko‘rsatgan ayol, balki Tamila emasdir. Har holda u kishining o‘zi keyin “men emasdim” deb bayonot ham berdi. Emas, bo‘lsa, emasdir. Lekin bu janjal boshqa bir muhim masalani suv yuziga chiqarib berdi. Odamlarning boshi ijtimoiy tarmoqlardan chiqmay qolgan bir sharoitda har bir kishi o‘ziga o‘zi qorovul bo‘lishi, eng muhimi “shaxsiy junni davlatning juniga” aralashtirmasligi kerakligini doimo yodda saqlashi lozimligini uqtirdi. Tamilami, Tamila emasmi, nima bo‘lsa ham shu darsni uqadigan odamga o‘qitgani uchun rahmat.

Mana endi, hazil-pazilni mutlaqo yig‘ishtiramiz.

Hazil-pazilni mutlaqo yig‘ishtiramiz, deyapman.

1- o‘rinda Gulchehra Boboqulova

Moskvada o‘zi qarayotgan qizchani o‘ldirgan samarqandlik ayolni gapirgan ham gapirdi, gapirmagan ham, yozgan ham yozdi, yozmagan ham, ko‘rsatgan ham ko‘rsatdi, ko‘rsatmagan ham. O‘zbekiston degan mamlakat borligi yetti uxlab tushiga kirmagan ham Vikipediyadan Uzbekistan deb izladi. Hammaga tanitdi O‘zbekistonni Gulchehra Boboqulova. “Tanitmay har balo bo‘l!” deging keladi. Deyolmaysan. Turib-turib rahming ham keladi bu xasta ayolga. Ruhiyat yuz beradigan bunday avariyalardan O‘zing saqla, deb duo qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q.

XS
SM
MD
LG