Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:35

Televizor: Ozodbek Boburni bar-kursiga o‘tqazib, gitara chaldirdi


Bir yaxshi gap aytib qo‘yish ehtiyoji saytimizning pana-puchmog‘ida bekorchilikdan mudrab yotgan “Televizor” ruknini uyg‘otishga majbur qildi. Sal kechroq aytilayotgan gap, lekin gap yaxshi bo‘lsa, menimcha, qachon aytsa ham bo‘laveradi. Gapki, Ozodbek Nazarbekovning qariyb ikki oy oldin “Yoshlar” ko‘rsatgan kontserti haqda.

Ozodbekni men bundan 8 yil oldin – 2008 ning yozida O‘shdagi uyimning salqin ayvonida “tanidim” - o‘sha yilgi konserti yozilgan diskni chalqancha yotvolib, ikki marta eshitdim.

Keyin bolalik o‘rtog‘im keldi. "Ozodbek deganni eshitganmisan", dedim o‘zim kabi musiqadan uzoq o‘rtog‘imga.

"Yo‘q", dedi u va men “yangi chiqqan artis bolaning” “yaxshiydi” deb tugaydigan qo‘shig‘ini xirgoyi qila boshladim. O‘rtog‘im menga qarab turdi-turdi-da, xirgoyimni shartta bo‘lib, “Agar senga o‘xshab aytadigan bo‘lsa, Ozodbegingning ovozi ikki pulga qimmat ekan” dediyu, gapni dollar kursigami, go‘sht narxigami burvordi.

O‘shandan beri hammomda yolg‘iz qolsam ham xirgoyi qilmayman.

Men o‘rtog‘imga Ozodbekning ovozini maqtamoqchimasdim – o‘lay agar, tushunmayman bu narsani: qancha qattiq chiqsa, ovoz shuncha yaxshi, deb o‘ylayman.

Men o‘rtog‘imga Ozodbekning intonatsiyalari (ataylab “ohanglari” demayapman chalg‘imaslik-chalg‘itmaslik uchun) spektrining favqulodda rang-barangligini aytmoqchi bo‘lgandim.

Intonatsiyalardagi nyuanslar epkinday yengil, tushday havoyi ekanligini, o‘sha yengil, havoyi nyuanslarning har biri mening ekanini, har birini o‘z umrimda ko‘p marta yashab o‘tganimni his qilarimni aytmoqchi bo‘lgandim.

Ayttirmadi o‘rtog‘im. Gapni dollar kursigami, go‘shtning narxigami burvordi...

O‘shandan beri o‘ylardim Ozodbekning spektri boy intonatsiyalarini. Ovozining imkoniyatlaridan, deb bilardim. Ovozning o‘zi o‘ynaydi, deb o‘ylardim.

O‘zi o‘ynamas ekan, egasi o‘ynatar ekan. Intonatsiyadagi har bir nyuans mehnat, izlanish mahsuli ekan, deb tushundim uning qariyb ikki oy oldingi konsertini youtubedan ko‘rib-eshitib.

Ozodbekning Bobur g‘azallariga bastalagan qo‘shiqlaridan iborat konserti shakli bilan ham, mazmuni bilan ham meni yiqitdi.

"Uyqu kelsin"ga boshlagan edim ko‘rishni, uyqumni qochirdi.

Ozodbek “ming” yillik shtamplardan qocha olganini ko‘rdim.

Nazm qismi filologiya professoriga, Navo qismi konservatoriya professorigagina qiziq bo‘lgan navbatdagi “ming" yillik “Nazm va Navo” qilib qo‘ymaganiga suyundim.

Boburning g‘azalini bar kursisida o‘tirib ham, gitara chalib ham aytsa bo‘larini, shunday qilinsa, osmon uzilib, yerga tushmasini ko‘rdim.

Adabiyotni "Odobnoma" deb biladigan o‘zbek adabiyoti muallimlarining ko‘ngilni aynatuvchi pafosidan Ozodbek turgan sahna holi bo‘lganiga suyundim.

O‘sha pafos pastda – tik turgan ko‘ruvchi-talabalar orasida qo‘shiqlar orasidagi blits-intervyularda sezildi, albatta. Lekin sahnada sezilmagani muhim.

Muhimi, millat o‘sha uyatli pafosdan hech yo‘q bitta konsertda - Ozodbekning konsertida qutuldi.

Skripkachilar orkestrini ko‘rib ko‘zlarim quvnadi, eshitib mazza qildim.

Minimalizm stilida ishlangan sahna bezagi esa, alohida bir “qo‘shiq”.

Bahaybat ekranlarda hadeb bulutlarni ko‘rsataverishgani avvaliga biroz erish tuyuldi. Uchinchi qo‘shiqdan boshlab bulutlar o‘rniga “ming” yillik usullarni qo‘llay boshlashlaridan: mavzudan kelib chiqib, Boburning, minorayu maqbaralarning suratlarini, Sharq rassomlarining miniatyuralarini ko‘rsatishlarini kutib, qo‘rqib o‘tirdim. Yo‘q, ko‘rsatishmadi yigitlar. Besh ketdim.

Menga faqat bir narsa – Ozodbek kuylagan g‘azallarning matnlari yetmadi. "Ortdagi ekranlarga chiqarsa, qanday bo‘lardiykin?" deb o‘yladim. O‘yladimu o‘yimdan qaytdim: dizayn kontseptsiyasi buzilgan bo‘lardi. Karaoke-barga o‘xshab qolardi.

Balki televizorda berayotganlarida ekran ostiga yozsalar bo‘larmidi?!

Boshqalarni bilmadimu, shaxsan mening nafaqat musiqaga, balki she’rga ham, ayniqsa o‘rta asrlar shoirlari matniga qulog‘im og‘irroq. Masalan, Sherali Jo‘raevning “Bahor ayyomidur”ini ming marta eshitganmanu lekin aynan qanday so‘zlar aytilayotganini hanuz ilg‘ay olmayman :)

Xullas, qutlug‘ bo‘lsin Ozodbekka konserti.

Hammamizga qutlug‘ bo‘lsin.

Katta yaxshi ko‘rib tursin uni. Yomon ko‘rib qolishidan Xudo saqlab tursin.

***

Ha, aytgancha, O‘shdagi o‘rtog‘imga jo‘natvordim konsertga ishorani. Bir ko‘rsin, maza qilsin, dollarning kursiyu go‘shtning narxidan boshqa narsalar ham borligini bilsin xumpar...

XS
SM
MD
LG