Линклар

Шошилинч хабар
24 феврал 2025, Тошкент вақти: 17:23

Makedoniya politsiyasi bilan to‘qnashuvda yuzlab qochqin jarohatlandi


10 aprel kuni Gretsiyadan Makedoniyaga o‘tmoqchi bo‘lgan qochqinlar Makedoniya politsiyasi bilan to‘qnashdi. Xabarlarga ko‘ra, Makedoniya politsiyasi qochinlarga nisbatan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, shovqinli granatalar hamda rezina o‘qlar qo‘llagan. Qochqinlar o‘z navbatida politsiya xodimlariga tosh otib javob qaytargan.

Chegara bilmas shifokorlar tashkilotining xabar qilishicha, tashkilotning tibbiy xodimlari hodisa joyida bo‘lgan va turli hil jarohat olgan 300 ga yaqin odamga yordam ko‘rsatgan. Kamida olti odam shifoxonaga olib ketilgan.

Makedoniya politsiyasi 23 politsiyachi jarohatlangani, ularning 5 nafarining ahvoli og‘ir ekanini bildirdi.

Makedoniya politsiyasi va qochqinlar o‘rtasidagi to‘qnashuv Gretsiyadagi Idomeni qochqinlar lageri yaqinida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda ayni damda 11 mingdan ko‘proq qochqin yashamoqda.

Bolqon davlatlari Yevropaning taraqqiy etgan mamlakatlariga o‘tmoqchi bo‘layotgan qochqinlarning yo‘llarini joriy yilning fevralida to‘sib qo‘ygan edi.

Xabarlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar 500 ga yaqin qochqin chegara ochilgani haqidagi mish-mishga ishonib, Makedoniya tomon otlanganidan keyin boshlangan.

Makedoniya politsiyasi bu mish-mishni rad etganidan keyin yuzdan oshiq qochqin, jumladan, bolalar chegaradagi to‘siq ustidan oshib o‘tishga uringan. Politsiya xodimlari bunga yo‘l bermagan. To‘qnashuvlar tushlikkacha davom etgan.

Shamol ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlarni Idomeni tomon uchirib borgan. Natijada politsiya bilan bevosita to‘qnashmagan qochqinlar ham jabr ko‘rgan.

Gretsiya politsiyasi to‘qnashuvlarga aralashmay, kuzatib turgan.

Gretsiya hukumatining migratsiya masalalari bo‘yicha idorasining matbuot kotibi Georgos Kiritsis Makedoniya politsiyasining kuch qo‘llaganini “xavfli va achinarli holat” deb baholadi.

Gretsiya rasmiylarining hisoblariga ko‘ra, mamlakatda hozirda 53 mingga yaqin muhojir bor.

Yevropa Ittifoqi va Turkiya o‘rtasida erishilgan yangi kelishuvga ko‘ra, 20 martdan boshlab Turkiyadan Gretsiyaga o‘tgan qochqinlar Turkiyaga qaytarila boshlandi.

Gretsiyadan deport qilingan noqonuniy muhojirlarning har biri evaziga Yevropa Ittifoqi Turkiyadagi suriyalik qochqinlarga boshpana beradi.

Inson huquqlari tashkilotlari bu kelishuvni keskin qoralamoqda.

XS
SM
MD
LG