Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:35

OzodMaktub: AQShda yashayotgan olim Mirziyoevdan "jirkanch usullarga chek qo‘yishni" so‘radi


Chorak asrdan buyon o‘zining biologik farzandini qidirayotgan fizika-matematika fanlari doktori, 73 yashar Sobir To‘laganov 2016 yilning dekabrida amaliy yordam so‘rab bosh vazir qabulxonasiga murojaat qilgani to‘g‘risida Ozodlikka aytib bergan edi. Shu kunda AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik olimdan kecha Ozodlikka xat keldi. Maktub Ozodlikka keldiyu adresati boshqa.

Olimning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning nomiga yozilgan xatini OzodMaktub ruknida e’tiboringizga havola qilayapmiz.

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevga, vaktincha AQSh da yashayotgan f.-m.f.d. Sobir To‘laganovdan

OChIQ XAT

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Sizga ayon bo‘lsa kerak, kechagi kunda kuch ishlatar tizimlarda, o‘ziga ta’sir o‘tkazish qiyin bo‘lgan haqiqat talab insonlarni itoatkor qilish uchun, ularning yakinlariga bosim o‘tkazish kabi jirkanch usullardan foydalanilgan hollar ham bo‘lgan.

Siz olib borayotgan siyosat tufayli, xalqimizda haqchillikka umid-ishonch uyg‘onaboshlagan bugungi kunda, o‘sha jirkanch usuldan voz kechmagan mulozimlar bor ko‘rinadi.

Dalil:

30-may kuni kechasi, AQSh vakti bilan soat 2 da, Toshkentdan menga telefon qilishdi. Ayolimning telefon orqali qo‘rquv asnosidagi “oh-voh dashnomlari”dan anglaganim shu bo‘ldiki, farzand kutayotgan qizimga militsiyadan telefon qilishib, meni surishtirishibdi, uyimiz kimga qarashli ekanini so‘rashibdi va, tushintirish xati yozib berish uchun, qizim ichki ishlar bo‘limiga borishi zarurligini aytishibdi. Mahalladan ham telefon qilishib, qizim ichki ishlar bo‘limiga borishi zarurligini tayinlashibdi.

Hech qanday asossiz militsiyaga chaqirish, hech qanday asossiz tushintirish xati yozish!

Bu havotirli holdan qo‘rquvga tushgan qizimni tobi bo‘lmay qolibdi. Shundan beri, ular men bilan aloqani uzishdi, telefon murojaatlarimga ham javob berishmayapti. Qo‘rquv tufayli, men bilan aloqa qilmasliklari bosimda engillik tug‘diradi, deb o‘ylashayotgan bo‘lishsa kerak. Qizimni ahvoli qanday, bilaolmay havotirdaman.

Ushbu bosimning sababi sifatida, mening virtual qabulxonangiz orqali Sizga yozayotgan murojaatlarim va ularni “Dunyo o‘zbeklari” saytida yoritib borayotganimdan boshqa tahmin mavjud emas.

Gap shundaki, yurtimizda esa boshlagan hurlik shabadalaridan, xalq manfaati yo‘lida qilinajak harakatlar rejalari haqidagi chiqishlaringizdan, oilamiz duch kelgan muhim bir nohaklik borasida Sizga murojat qilishga menda ishonch uyg‘ondi. Bu ishonch, siyosiy tajribasi puxta bo‘lgan, hur fikrli samimiy yurtdoshlarimiz tomonidan ham asosli deb topilgach, tug‘ruqxonada almashib qolgan biologik farzandimizni topishda ko‘mak so‘rab, virtual qabulxona orqali Sizga murojat etdim.

Murojaatnomamga, prokurorlar mantiq va haqiqatga zid javob yo‘llashdi. Shu tariqa, men ular javoblaridagi yolg‘on va mantiqsizliklarni ko‘rsatib, takror va takror, Sizga murojaat yuborayapman. Prokurorlarning, haqiqatni yuzaga chiqarmaslik uchun bunday jonbozlik ko‘rsatayotganlari boisi, avval ular bu jinoyat fosh bo‘lmasligi uchun ko‘p qonunga zid harakatlarni amalga oshirishganligida, deb o‘ylayman.

Muhtaram Prezident!

Mening qizimga ko‘rsatilgan bu asossiz bosim tashabbusi kimdan chiqganini aniqlab, qonuniy chora ko‘rilishini, bunday jirkanj usulga chek qo‘yilishini so‘rayman.

2017 yil 1-iyun’.

Hurmat bilan, f.-m.f.d. Sobir To‘laganov.

Murojaat raqami:

151713-s/17

XS
SM
MD
LG