Линклар

Шошилинч хабар
30 январ 2025, Тошкент вақти: 13:42

Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha qonun imzo uchun Trampga taqdim etildi


Vladimir Putin va Donald Tramp
Vladimir Putin va Donald Tramp

27 iyul kuni AQSh Senati Rossiya, Eron va Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi va uni prezident Donald Trampga imzolash uchun yubordi.

Loyihani qo‘llab 98 senator ovoz berdi. Atigi ikki senator qarshi ovoz berdi.

Yangi loyiha Rossiya AQSh prezidenti sayloviga aralashgani hamda Ukrainadagi agressiyasi uchun unga qarshi joriy qilingan sanktsiyalarni qonunlashtirib, Moskvaning Suriyadagi amaliyotlari uchun yangi choralarni belgilaydi. Bundan tashqari, yangi loyihada mazkur sanksiyalar bekor qilinishi uchun prezident Kongress ma’qulligini olishi kerak, deyilgan.

Oq uy Rossiya, Eron va Shimoliy Koreyaga qarshi sanktsiyalarni qo‘llashini bildirib kelsa-da, prezident qo‘lining bog‘lab qo‘yilishiga qarshidir.

Prezident Tramp o‘z saylov kampaniyasi davomida Rossiya bilan ayrim sohalarda, jumladan, “Islom davlati” jangari guruhini yo‘q qilishda hamkorlik qilishni va’da qilgan edi.

27 iyul kuni kechqurun Oq oy prezident hali qonun loyihasini imzolamaganini bildirdi.

Loyiha Kongressning vakillar palatasida ham 419-3 ovoz bilan ma’qullandi. Ya’ni, prezident uni veto qiladigan bo‘lsa, Kongress a’zolari uning vetosini bekor qilishi muqarrar.

Mazkur xabar ortidan prezident Vladimir Putin AQShning Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish harakatiga Moskva hozircha bosiqlik bilan munosabatda bo‘layotganini, ammo o‘rni kelganda Vashingtongga javob qaytarishga tayyor ekanini bildirdi.

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo bilan Savonlinna shahridagi uchrashuvidan so‘ng 27 iyulda o‘tgan matbuot anjumanida Putin AQShning sanksiya joriy etish harakatini “iqtisodiy raqobatda ustunlikka ega bo‘lish uchun geosiyosiy ustunlikdan foydalanish”, deb baholadi.

Kongress a’zolari esa Rossiya AQSh prezidenti saylovga ta’sir o‘tkazishga uringanini ko‘rsatuvchi dalillar etarlicha ekanligini, shu sababli mazkur qonun kerak ekanligini ta’kidlashmoqda.

AQShdagi taniqli senator Jon Makkeyn: “Amerika Qo‘shma Shtatlari Vladimir Putin va boshqa har qanday agressorga o‘z demokratiyamizga hujum qilinganda qarab o‘tirmasligimizni ko‘rsatishimiz kerak”, dedi.

Trampning partiyadoshlari prezident qonun loyihasini veto qiladigan bo‘lsa, Kongress vetoni bekor qilishini aytib, prezidentni uni imzolashga chaqirdi.

Yangi qonunda Putin va unga yaqin oligarxlarga qarshi choralar belgilangan. Rossiya iqtisodining muhim sektorlari, jumladan, qurol-aslaha hamda energetika sohalari ham mo‘ljalga olingan.

Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalar esa mamlakatning yadroviy qurol ishlab chiqarishga qaratilgan harakatlariga halal berishni ko‘zlaydi.

Nihoyat, Eronga qarshi sanksiyalar esa, mamlakatning ballistik raketa dasturiga hamda terrorizmni qo‘llashda ayblanayotgan Eron inqilobiy gvardiyasiga qarshi choralarni o‘z ichgia oladi.

XS
SM
MD
LG