Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:30

AQSh vakili BMTning Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarini olqishladi


Shimoliy Koreyaning qit’alararo “Hwasong-14” ballistik raketasi
Shimoliy Koreyaning qit’alararo “Hwasong-14” ballistik raketasi

AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Heley ushbu xalqaro tashkilotning Shimoliy Koreyaga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini “bir avlod umri davomida har qanday mamlakatga qo‘llanishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir sanksiyalar”, deb atadi.

Heley xonim, 5 avgust kungi chiqishida, ko‘rilayotgan choralar yetarli emas, “muammoni hal qildik deb o‘zimizni ovutmay qo‘ya qolaylik, u hali-beri hal bo‘ladigan muammo emas”, deb ta’kidladi.

“BMT Xavfsizlik Kengashi to‘liq tarkibda Shimoliy Koreya diktatoriga joyini ko‘rsatib qo‘yish uchun yig‘ildi. Shu damda kengashning ishi bilan amali bir bo‘ldi”, Nikki Heley, AQShning BMTdagi doimiy vakili.

AQSh prezidenti Donald Tramp Tvitterda ushbu sanksiyalarni maqtab sharh yozdi: “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiya qo‘llash uchun yakdil ovoz berdi. Xitoy bilan Rossiya ham biz bilan birga ovoz berdi. Sanksiyalar juda katta moliyaviy ta’sir ko‘rsatadi!”

Oq Uy tarqatgan bayonotda aytilishicha, “Prezident ushbu qaror qabul qilinishida Xitoy bilan Rossiya hamkorlik qilganini yuksak qadrlaydi”.

Pxenyan iyul oyida ikkita qit’alararo ballistik raketani sinovdan o‘tkazgandan so‘ng BMT Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreyaga nisbatan keskin sanksiyalarni qo‘llash uchun yakdillik bilan ovoz berdi. Ushbu mamlakat vakillari qit’alararo raketa AQShning istalgan hududiga uchib bora olishini iddao qilgan edi.

AQSh davlat kotibi Reks Tillerson Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Kang Kyung-va bilan Filippinda bo‘lib o‘tayotgan mintaqaviy sammit doirasidagi uchrashuvi chog‘ida BMT sanksiyalarini “juda yaxshi natija”, deb aytdi.

Ayni chog‘da Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yion shimoliy koreyalik hamkasbini BMT sanksiyalarini bajarish va “xalqaro hamjamiyat”ni mensimaslikni bas qilishga chaqirdi. Shu bilan birga u Qo‘shma Shtatlar bilan Janubiy Koreya “kuchayib borayotgan tanglikka barham berish”i va barcha tomonlar muzokaralarni qayta boshlashi kerakligini ta’kidladi.

Shimoliy Koreyaga nisbatan AQSh tayyorlagan sanksiyalarning asosiy bandi ushbu mamlakatdan ko‘mir, temir, qo‘rg‘oshin, dengiz mahsulotlari eksportini va barcha mamlakatlarning u yerga mahsulot import qilishini taqiqlashdan ibortadir.

Hisob-kitoblarga qaraganda, ushbu tovarlar eksporti har yili Shimoliy Koreyaga 1 milliard AQSh dollari miqdorida erkin muomaladagi valyuta olib kelayotgan edi.Bu mamlakat eksportining uchdan bir qismini tashkil qiladi.

Bundan tashqari, BMT XKning ushbu qarori dunyoning boshqa mamlakatlariga Shimoliy Koreya ishchilarini yollashini, ushbu mamlakatda qo‘shma korxonalar tashkil etishni va qo‘shpma korxonalarga sarmoya yotqizishni taqiqlaydi.

BMT Xavfsizlik Kengashi barcha 15 nafar a’zosining sanksiyalarni qo‘llashidan maqsad Shimoliy Koreya yadro va raketa dasturlari bo‘yicha muzokara stoliga qaytishi uchun bosim o‘tkazishdir.

Pxenyan esa qurollar dasturi AQShning tajovuziga qarshi turish uchun zarurligini aytmoqda.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzyaning ogohlantirishicha, “sanksiyalar bir-birdan maqsad bo‘la olmaydi”, ular Janubiy Koreyani muzokaraga jalb qilish vositasi bo‘lmog‘i lozim.

XS
SM
MD
LG