Afg‘onistonning eng taniqli pop qo‘shiqchisi Aryona Sayid ayollarning sahnaga chiqib xonandalik qilishiga qarshi radikallar tahdidlariga qaramasdan, o‘z xayriya konsert dasturini bekor qilmasligini bildirdi.
Ozodlik radiosi bilan suhbatda Sayid Qobulda bo‘lib o‘tadigan konsert rejalashtirilgandek o‘tkazilishini aytdi.
“Sahnaga chiqish qarorimdan qaytganim yo‘q. Afg‘onistonliklarga quvonch bag‘ishlashga, vaqtlari maroqli o‘tishiga hissa qo‘shishga, qarashlarini o‘zgartirishga, bir-ikki soatga bo‘lsa-da, tashvishlarini unutishlariga hissa qo‘shishga harakat qilaman”, dedi qo‘shiqchi.
Konsert 19 avgustga, Afg‘oniston o‘z mustaqilligini nishonlaydigan kunga belgilangan. Mamlakat 1919 yil ko‘p xotinlilikka hamda paranjiga qarshi kurashgan Omonullaxon yetakchilikda mustaqillikka erishgan.
O‘ta konservativ Afg‘onistonda ayollarning sahnaga chiqib qo‘shiq kuylashiga ko‘pchilik e’tiroz bildiradi. Sayidning g‘arbliklarga xos kiyinishi, liberal qarashlari hamda feministik izohlari tufayli unga juda ko‘p tahdid qilishadi.
Sayid pushtu hamda dari tillarida kuylaydi. Qo‘shiqcha Qobulda tug‘ilgan, 8 yoshida shaharni tark etgan. Hozirda London shahrida yashaydi.
Ozodlik bilan suhbatda Sayid Afg‘onistonda ayollar erkinligi og‘ir ahvolda ekanligini aytdi.
Rasmiylar Sayidni tanqid qilishiga qaramasdan, qo‘shiqchi katta shuhrat qozongan bo‘lib, uning qo‘shiq videolarini millionlab odam ko‘radi.
Sayidning aytishicha, uning vataniga bo‘lgan muhabbati va mamlakatni birlashtirish istagi hech qachon so‘nmaydi.
Qo‘shiqchi konsertdan tushgan mablag‘ mamlakat shimolida amalga oshirilgan hujumlar tufayli uyini tark etgan oilalarga berilishini aytdi.
“Tabiiyki, meni qo‘llab-quvvatlayotganlardan juda minnatdorman va bu uchun har soniya Xudoga rahmat aytaman”.
“Konsertga qarshilarga keladigan bo‘lsak, ulardan xavotirda emasman. Aytmoqchimanki, zo‘r berib harakat qilsalar-da, zo‘rg‘a 40-50 odam to‘plashdi. Bu hech narsa emas. Afg‘onistonda 36 million odam yashaydi. Ularning aksari men bilan ekanligini bilaman”, dedi qo‘shiqchi.