Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:24

OzodMaktub: "Mirziyoev hukumati ham bizni o‘gay sanashda davom etmoqda"


O‘sh shahridagi sobiq Qirg‘iz-o‘zbek universiteti
O‘sh shahridagi sobiq Qirg‘iz-o‘zbek universiteti

OzodMaktub ruknimizga kelgan maktub egasi 37 yashar Farg‘onalik yigit. Muallif O‘shdagi Qirg‘iz-o‘zbek universitetida ta’lim olgan esa-da, ish topa olmayotganidan, olgan diplomi O‘zbekistonda e’tirof etilmayotganidan shikoyat qilgan. Maktubni​ tahrirsiz berayapmiz.

Taqdir taqozosi bilan 1998 yilda Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida joylashgan Qirg‘iz-o‘zbek universitetini tarix fakultetiga o‘qishga kirib, 2003 yilda tamomladim.

Hozirda ushbu oliy o‘quv yurti O‘sh davlat sotsial universiteti deb qayta nomlangan. O‘qishni tamomlagach, umumta’lim maktablari, nodavlat-notijorat tashkilotlarida faoliyat olib bordim. Lekin 2005 yildan boshlab menga o‘xshagan "o‘gay diplom sohiblari" ishsiz qoldik.

Emishki, chet elda tarix va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishini tamomlagan fuqarolarning diplomi nostrifikatsiya qilinmas ekan.

Vaholanki, ushbu Oliy o‘quv yurti ikki davlat o‘rtasidagi xalqaro shartnomaga asosan tashkil etilgan edi. Karimovning murosasiz siyosati davrida jim yashab keldik. Chunki, u davrda arz dod qilishdan foyda yo‘q edi.

Karimov vafotidan keyin vaziyat o‘zgarishiga umid qilgan edik, lekin, afsuski, Mirziyoev hukumati ham biz kabilarni o‘gay sanashda davom etmoqda.

Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, o‘sha davrda O‘shdagi Qirg‘iz-o‘zbek universitetida O‘zbekistonning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari professor o‘qituvchilari, ya’ni O‘zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti, Andijon Davlat universitetining domlalari dars bergan, ma’ruza qilgan.

Buning sababi o‘sha davrlarda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida maoshlar kam bo‘lib Qirg‘iz-o‘zbek universitetining o‘sha davrdagi rektori akademik Mamasaidov ularga yaxshi haq to‘lar edi.

Shunday qilib bizni avlod vakillari diplomi bor savodsizlarga chiqib qoldik.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Bishkekka amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ushbu masala ko‘tarilishiga umid qilgan edim.

Lekin afsus unday bo‘lmadi.

Biroq Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambaevning joriy yil oktabr oyiga rejalashtirilgan Toshkent tashrifi davomida ushbu masala ham ko‘tarilishini istardim.

Ba’zan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarini yengil yelpi tamomlab yuqori lavozimlarda ishlayotgan chalasavodlarni ko‘rib ensam qotadi.

Men ko‘tarayotgan masala Farg‘ona vodiysida istiqomat qilayotgan ko‘plab fuqarolarning taqdiriga daxldor.

Shu masalani muhokama qilish imkoni bo‘lsa radioda ko‘tarib chiqsanglar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

"Ozodlik" radiosi aralashuvi bilan ko‘p masalalar ijobiy yechim topmoqda.

Internet tarmog‘i orqali "Ozodlik" xabarlarini hatto Shavkat Mirziyoevning shaxsan o‘zi kuzatib borayotgani ushbu masala ko‘tarilsa yechimga yo‘l ochilishidan dalolatdir.

Sizlardan iltimosim ushbu masalani "Ozodlik" o‘zbek va qirg‘iz xizmatlari orqali ko‘tarib chiqsangiz.

O‘zbek va qirg‘iz tillarida ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga qo‘yib bersangiz. Zora yaqinlashib borayotgan ikki davlat rahbarlari masalani ijobiy tomonga hal qilisharmidi.

Ozodlik tahririyatidan: OzodMaktub-da bayon etilgan qarashlar Ozodlik tahririyati nuqtai nazari yoki pozitsiyasini aks ettirmaydi. Barcha fikrlar maktub muallifiga oid

XS
SM
MD
LG