O‘zbekiston chorak asrdan so‘ng ilk bor BMT minbaridan dunyo
hamjamiyatiga yangi prezident Shavkat Mirziyoev qiyofasida taqdim
etilmoqda. Bu xalqaro hamjamiyatga yangilanayotgan O‘zbekistonni
tanishtirish uchun qulay imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda.
O‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihga ko‘ra, Prezident Mirziyoev bu imkoniyatdan samarali foydalanishi kerak. AQShga yo‘l olgan O‘zbekiston rahbarining BMT Bosh assambleyasi sessiyasida ma’ruza qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Prezident Mirziyoev 18- 20-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan AQSh safari davomida BMT Bosh assambleyasi majlisida nutq so‘zlaydi.
Prezident AQShda BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish, Xalqaro valyuta
jamg‘armasi direktori Kristian Lagard, Jahon banki guruhi prezidenti Jim Yon Kim bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoevning Amerika-O‘zbekiston biznes forumida qatnashishi, forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSh korxonalari o‘rtasida yirik shartnomalar imzolanishi kutilayotgani xabar qilinmoqda.
O‘tgan yil prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoev ilk bor BMT Bosh
assambleyasi majlisida qatnashmoqda; chorak asr davomida O‘zbekistonni bu minbardan marhum prezident Islom Karimov taqdim etib kelgan.
BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston birinchi marta dunyo hamjamiyatiga yangi rahbar Shavkat Mirziyoev qiyofasida taqdim etiladi.
Aynan shuning uchun ham Shavkat Mirziyoevning xalqaro hamjamiyatga
qaratilgan ilk chiqishi, nimalar haqida gapirishi muhim ko‘rilmoqda.
O‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihning aytishicha, Prezident
Shavkat Mirziyoev dunyo hamjamiyatiga yangilanayotgan O‘zbekistonni
taqdim etish imkoniyatidan samarali foydalanishi kerak.
“Hozir dunyoda Mirziyoev olib borayotgan siyosatga nisbatan qiziqish bor. Ayniqsa, Karimov davridagi 27 yillik repressiv siyosat, 27 yillik turg‘unlikdan keyin Mirziyoev qilayotgan ishlar, jarayon umidli ko‘rinmoqda. G‘arb davlatlari ham O‘zbekistonga aynan shunday umid ostida qiziqish bilan qaramoqda, bu e’tibor kun sayin oshib boryapti. Mirziyoevning BMTdagi chiqishi shu qiziqishni oziqlantiradigan g‘oya bilan shakllantirilsa, dunyo davlatlarining O‘zbekistonga, shuningdek, prezident Mirziyoev shaxsiga nisbatan qiziqishi yanada kuchayadi. Bu esa o‘zbek xalqi uchun ham yaxshi bo‘ladi. Men o‘ylaymanki, Mirziyoevning aqli bunga yetadi, shunga yarasha chiqish qiladi; faqat va’da berib, keyin unutiladigan shaklda emas”, - deydi Muhammad Solih.
Shavkat Mirziyoevning BMT minbaridan qiladigan ma’ruzasi tafsilotlari aniq emas, ammo O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan islohotlar, rejadagi istiqbollar, tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlar haqida, shuningdek, mintaqadagi ekologik vaziyat, suvdan foydalanish masalasiga ham to‘xtab o‘tishi mumkin.
“Bu Mirziyoevning BMTga birinchi tashrifi, birinchi chiqishi. Shunga
yarasha, albatta, tayyorgarlik ko‘rgan. Hozir O‘zbekistonning yangi rahbarini siyosati haqida ko‘p gapirilmoqda, turli fikrlar bildirilmoqda, umumiyatla, musbat taassurot. Albatta, bundan ilhomlangan Mirziyoev nimalar haqida gapiradi, buni hali ko‘ramiz. Ammo hozirgacha bo‘lgan o‘zgarishlar biz kutgan darajada bo‘lmasa-da, umidlar yo‘qolmagan, Mirziyoevning chiqishi shu umidlarni inobatga oladi, deb yana umid qilyapmiz. Albatta, Mirziyoev
hozirgacha qilgan ishlari haqida qisqa hisobot berishi ham mumkin, lekin bu nafaqat mening fikrim, boshqa siyosatchilarning qarashiga ko‘ra ham, O‘zbekistonda hali siyosiy islohotlar boshlanmadi”, - deydi Muhammad Solih.
Prezidentning AQShga safari nafaqat siyosiy ahamiyatga molik, balki Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki rahbarlari bilan kutilayotgan muzokaralar, AQSh-O‘zbekiston tadbirkorlarining biznes forumidagi ishtiroki nazarga olinsa, Mirziyoev yirik moliyaviy shartnomalarni ham rejalayotgani ehtimoli yuqori.
“Bu tashrif siyosiy tashrif. Albatta, buning iqtisodiy tomonlari ham bor. Ammo G‘arbning iqtisodiyotini jalb etish uchun nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy islohotlar muhim. G‘arb o‘z tarixidan, tajribasidan iqtisodiy imkoniyatlar siyosiy islohotlarsiz ishlamasligini juda yaxshi biladi. Shuning uchun ham G‘arb parallel ravishda olib borilgan islohotlargagina iqtisodiy yotirimlar kiritadi. Buni O‘zbekiston rahbariyati yaxshi tushunishi kerak, mana iqtisodiy islohotlar qilyapmiz, eshiklarni ochyapmiz, tadbirkorlarga imkoniyat beryapmiz degan gaplar, siyosiy platformadagi islohotlar bilan
dastaklanmasa, bunga ishonadiganlar kam topiladi”, - deydi Muhammad
Solih.
Mirziyoev safari davomida AQShdagi o‘zbek jamoatchiligi vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazishi rejalangan.
"Amerika ovozi"dan