Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:49

Jazo muddatining ikki baravarini o‘tagan “Birlik” faoli qamoqdan chiqdi


Muhammadali Qoraboev qamoqdan chiqqanidan so‘ng.
Muhammadali Qoraboev qamoqdan chiqqanidan so‘ng.

“Birlik” xalq harakati partiyasining Namangan viloyati raisi bo‘lib ishlagan 70 yashar Muhammadali Qoraboev 11 yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqdi. Tovlamachilik aybi bilan 5,5 yilga qamalgan Qoraboev qamoqda ekanligi paytida ikki marta raskrutga qilinib, unga qamoq muddati qo‘shib berilgan edi.

“Birlik” xalq harakati partiyasining Namangan viloyati raisi bo‘lib ishlagan 70 yashar Muhammadali Qoraboev 18 oktabr kuni O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining Navoiy shahridagi 64/47 sonli muassasasidan ozodlikka chiqarildi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Vasila Inoyatovaning Feysbukdagi sahifasida yozishicha, Qoraboev jamiyatning kafolat xati asosida chiqarilgan va unga O‘zbekiston Jinoyat protsessual kodeksining 252-moddasi (jamoat kafilligiga olish) qo‘llanilgan.

Muhammadali Qoraboev 2006 yilda O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165 moddasi, tovlamachilikda ayblanib, 5,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda, Muhammadali Qoraboev, qamoqxonada unga nisbatan ikki marta raskrutka qo‘llanilganini aytdi:

- Bu menga nisbatan uyushtirilgan jinoiy ish edi. Qamoqda ham ichki tartibni buzgansan deb, 221-moddani qo‘llab qamoq jazolari qo‘shib berishdi. Aslida bu dindorlarga va siyosiy muxoliflarga jazoni qo‘shib berishga bahona bo‘ladigan navbatchi modda bo‘lgan. Agar o‘shanda besh yarim yil berishgan bo‘lsa, men o‘n bir yilu ikki oy o‘tirib chiqdim, deydi Muhammadali Qoraboev.

2006 yilga qadar Birlik xalq harakatining Namangan viloyati bo‘limi raisi bo‘lib ishlagan Muhammadali Qoraboev, ilgari ham turli ayblovlar bilan bir necha marta hibsga olinib, keyin qo‘yib yuborilgan edi.

Muhammadali Qoraboev o‘zining ozod etilishini, mamlakatda esishni boshlagan demokratiya shamolining natijasi deb bilishini aytdi:

- Mana respublikamizda demokratiya shamollari yaxshiroq esyapti, shuni shabadalari biz kabi mahkumlarga ham tegyapti. Biz davlatimizni ravnaqi va o‘zbekistonliklarning baxti uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilamiz, deydi Muhammadali Qoraboev.

"Birlik" faoli Qoraboev Shavkat Mirziyoev qudratga kelganidan buyon ozod etilgan o‘n to‘rtinchi siyosiy mahkumdir.

O‘tgan bir yil davomida 14 nafar jurnalist, siyosiy partiyalar faollari va inson huquqi himoyachilari Muhammad Bekjon, A’zamjon Farmonov, Solijon Abdurahmonov, Bobomurod Razzoqov, G‘anixon Mamatxonov, A’zam Turg‘unov, Rustam Usmonov, Samandar Qo‘qonov, Erkin Musaev, Botirbek Eshqo‘ziev, Bahrom Ibrohimov, Davron Qobilov, Davron Tojiev va Muhammadali Qoraboev ozod etildi.

Hyuman Rayts voch inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida yana 12 nafar inson huquqi faoli va jurnalistlar qolmoqda.

XS
SM
MD
LG