Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:36

FSB o‘zbek muhojirini Asadga qarshi kurashga odam yollaganlikda ayblamoqda (VIDEO)


Saratov viloyatida FSB tomonidan qo‘lga olingan 24 yashar o‘zbekistonlik “Islomiy davlat” guruhiga odam yollaganlikda ayblanmoqda. Maxfiy xizmatlar u Internet orqali odamlarni yollab, o‘zi ham Suriyaga chiqib ketishga uringanligini iddao qilmoqda.

24 yashar O‘zbekiston vatandoshi ekani aytilgan muhojir yigit Internet orqali “Suriyaga ketish uchun o‘ziga safdosh qidirgani” aytildi.

- Tintuv paytida uning shaxsiy buyumlari orasida, dastlabki taxminlarga ko‘ra, ekstremistik mazmundagi adabiyotlar topildi. So‘roq paytida ayblanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘ldi, uning o‘zi tergov yakuniga qadar hibsga olindi, deyiladi Saratov viloyat FSB boshqarmasi xabarnomasida.

1993 yilda tug‘ilganligi aytilayotgan, ammo ismi tergov siri sifatida oshkor etilmayotgan muhojir yigit so‘roq paytida Bashar Asad hukumatiga qarshi kurashishga otlanganini bildirgan.

FSB o‘zbekistonlikka nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 208- moddasi 2- qismi (“Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga xilof ravishda xorij davlati hududidagi qurolli uyushmada ishtirok etishga hozirlik ko‘rish”) asosida jinoiy ish ochilganini ma’lum qildi.

Youtube portalida o‘zbek muhojirini qo‘lga olish jarayoni tasvirlangan operativ videolavha ham paydo bo‘ldi.

(Saratov viloyati UFSBsi videosi)

Unda bir necha qavatli uyning xonasiga kirib borgan maskalilardan biri qo‘li orqa tomonga kishanlangan va yerda yotgan shaxsni kamera oldida savol-javob qilayotganini ko‘rish mumkin:

- Yot! Familiyang, isming nima?

- .....

- Qaerdan kelding?

- O‘zbekistondan.

- Qachon kelding?

- Kecha.

- Nima uchun bu yerga kelding?

- Ish izlab.

Keyin peshonasi bilan devorga tirab qo‘yilgan muhojirning uyida tintuv o‘tkazilayotgani namoyish etildi. Maskadagi xodim yigitning kiyimlari taxlangan sumkasidan rus tilida yozilgan “Sennosti namaza” (Namoz qadriyatlari) va “Kniga yedinobojiya” (Tavhid kitobi) asarini oladi. Shuningdek, sumkadan Rossiyaning har bir burchagida bepul tarqatiluvchi 5-6 dona sim-kartalar ko‘rsatildi.

Saratov FSBsi “dastlabki taxminlariga ko‘ra, ekstremistik” ekani aytilayotgan bu ikki kitobning biri - Shayx Solih al-Fauzanning rus tilida chop etilgan “Tavhid kitobi” 2007 yildan faqatgina Rossiyada taqiqlangan diniy adabiyotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ikkinchi kitob - Shayx ul-Hadis Mavlono Muhammad Zakariya Kandahlavining 2007 yilda Rossiyaning Qozon shahrida rus tilida chop etilgan “Namoz qadriyatlari” asari ham Rossiya “ekstremistik adabiyotlar” ro‘yxatidan joy olganini ko‘rish mumkin.

Kuzatuvchilar mazkur modda asosida sodir etilgan jinoyat uchun Rossiya qonunchiligida 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Ozodlik oxirgi bir necha yilda ekstremizm va terrorizmda ayblanib hibsga olinayotgan va sudlangan yuzlab o‘zbek, tojik va qirg‘iz muhojirlari borasida xabar berib keladi.

Xususan, 2017 yilning 1 sentabrida Moskvada nishonlangan Qurbon bayrami arafasida FSB olib borgan maxsus amaliyot natijasida ikki muhojir ushlangani aytilgandi. “IShID” tarafdori ekani aytilgan bu muhojirlardan biri bayramga kelgan musulmonlarga go‘yo sovuq qurol bilan tashlanishi, ikkinchisi portlovchi moslama bilan olomon orasida terrorchilik aktini amalga oshirishni ko‘zda tutgani xabar qilingan edi.

Mustaqil jurnalistlar va huquq himoyachilari FSB va maxsus kuchlar olib borayotgan bu kabi amaliyotlarning aksari mahalliy qonunlarning qo‘pol buzilishlari bilan amalga oshirilayotgani borasida bong urib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG