Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:46

Qizil O‘zbekiston rahbari Rashidov sharafiga Jizzax tomlari qizilga bo‘yaldi


Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi oldidan jizzaxliklar uylarining shiferlarini tunukaga almashtirib, uni qizilga bo‘yashga majburlandi. Belgiyadan keltirib, ko‘chalarga o‘tqazilgan gul va daraxtlar quriy boshlagach, ko‘chatlarning har biriga bittadan odam biriktirildi.

Qizil tomli uylar

Jizzax shahrining “Jizzaxlik” mahallasidagi uylarning tomlaridagi shiferlar o‘rniga qizil tunukalar o‘rnatildi. Shu mahallada yashovchi yigitning Ozodlikka yo‘llagan suratli xabarida aytilishicha, odamlar uylarini shiferlarini almashtirishga majburlangan:

"Sharof Rashidovning 100 yilligi munosabati bilan Mirziyoevning Jizzaxga kelishi olididan shahardagi "Jizzaxlik" mahallasida katta tayyorgarlik ko‘​rildi. Prezident kelishiga odamlarning soppa-sog‘ shifer tomini ochib, o‘​rniga qizil tunuka bilan boshqattan yopishga majburladi. Ko‘​zbo‘​yamachilik qilib, uylarning faqat ko‘​cha tomonini qizil tunukaga almashtirishdi. Uyning ichkari tomoni o‘​z joyida qoldi", deya bir nechta suratlarni Ozodlikka yo‘lladi jizzaxlik yigit.

"Jizzaxlik" mahallasida odamlar shiferlarini ko‘chirib, qizil tunika o‘tkazishga tayyorlayotgan payt olingan surat
"Jizzaxlik" mahallasida odamlar shiferlarini ko‘chirib, qizil tunika o‘tkazishga tayyorlayotgan payt olingan surat

“Jizzaxlik” mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi A’zam Ergashevga ko‘ra, mahalla markazidagi Sharof Rashidov tug‘ilgan (hozirda ushbu ko‘cha Sharof Rashidov nomi bilan ataladi) ko‘chada keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Ergashev, ushbu tadbirlar doirasida mazkur ko‘chadagi uylarning tomlariga qizil tunukalar o‘rnatilgani va ayrim holatlarda haqiqatdan ham tomlarning faqat ko‘chaga qaragan tomoni almashtirilganini tasdiqladi:

- Deyarli yangilandi. Har bir xonadonn o‘zining imkoniyatiga qarab, ko‘pchiligi faqat ko‘chaga qaragan tomonini qilgan, qolgani birato‘la yangilab olgan, o‘zining hisobidan,- dedi mahalla raisi A’zam Ergashev.

Ergashevga ko‘ra, bir kilometr uzunlikdagi Sharof Rashidov ko‘chasida 200 ta uy bo‘lib, uylarning deyarli barchasining ko‘cha tomoniga qizil tunuka o‘rnatilgan.

Ergashev aholi tomlarini yangilashga majburlanganini inkor qilib, buni barcha o‘z ixtiyori bilan qilganini ta’kidladi:

- Ketsa, bir million, ikki million so‘m atrofida ketadi. Shunchalik tadbir bo‘layapti endi, ko‘chalar obod bo‘lyapti. Odamlarning Sharof Rashidovga shunchalik mehri borda endi,- dedi A’zam Ergashev.

Rashidov yubileyi munosabati bilan ushbu mahallada amalga oshirilgan boshqa tadbirlar haqida A’zam Ergashev bilan quyidagi suhbatda to‘liq tanishasiz:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:34 0:00
Бевосита линк

Belgiyadan keltirilgan ko‘chatlarga qorovullar

Yana bir jizzaxlikning Ozodlikka aytishicha, Rashidov yubileyi munosabati o‘tkazilayotgan obodonlashtirish tadbirlari doirasida shahardagi ko‘p yillik daraxtlar kesilib, o‘rniga xorijdan keltirilgan ko‘chatlar o‘tqizilgan:

“Yo‘l yoqasidagi katta-katta, soya-salqin bo‘lgan daraxtlarni kesib, o‘rniga bir necha dollar turadigan kichik archalar va qanaqadir mevali daraxtlar ekildi. Lekin hali Mirziyoev kelib, ulgurmasidan, ekilishidan 5 kun o‘tib, daraxtlar qurib qoldi”, dedi jizzaxlik manba.

Jizzax ko‘chalaridagi qurigan ko‘chatlardan biri
Jizzax ko‘chalaridagi qurigan ko‘chatlardan biri

Jizzax shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshliq muovini Tolib Abduvohidovga ko‘ra, yubiley munosabati bilan ekilgan ko‘chatlarning 0,5 foizi qurib qolgan va ular o‘rniga yangi ko‘chatlar o‘tqazilgan:

- Belgiyadan kelgan ko‘chatlar, mahalliy ko‘chatlardan qrim qarag‘ayi, archa, kashtan, dub daraxtlari ekildi. Belgiyadan kelgan ko‘chatlar asosan, manzarali ko‘chatlar. Ularni mutaxasislarimiz tekshirib ko‘rishgan, bizning iqlimga to‘g‘ri kelarkan. Yozilgani bo‘yicha biz ekib chiqdik. Parvarishlashim doimiy. Nazoratimiz juda kuchli. Lekin bitta-ikkita ushcherb bo‘ldi. Shu 0,5 foiz quridi. Birinchidan, ular uzoqdan keladi. Ular tuvakda kelgan. Yerga moslashguncha og‘ir bo‘ldi. Hozir har bittasiga bittadan odam qo‘yib qo‘yganmiz. O‘shani kechayu kunduz sug‘oradi, atrofini tozalaydi,- dedi Tolib Abduvohidov.

Abduvohidovga ko‘ra, Rashidov yubileyi munosabati bilan Jizzaxda juda ko‘plab obodonlashtirish va tozalash ishlari amalga oshirilgan. Bu haqda quyida Abduvohidov bilan suhbatda batafsil tanishasiz:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:34 0:00
Бевосита линк

Yubileyga tayyorgarlik

Prezident Mirziyoevning joriy yil 27 martdagi qaroriga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonda davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidovning yuz yilligi nishonlanadi.

Yubileyning asosiy tadbiri 6 noyabr kuni Jizzax shahrida bo‘lib o‘tadi. Jizzax viloyat hokimligi xodimiga ko‘ra, hozirda yubileyga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetib qolgan:

- 6 noyabr kuni ertalab elga osh berilib, keyin Sharof Rashidovning haykali ochiladi. Keyin muzeyi ochiladi. Undan keyin viloyat musiqali drama teatrida Sharof Rashidov to‘g‘risidagi film va konsert taqdim qilinadi,- dedi o‘zini tanishtirmagan hokimlik xodimi Ozodlik bilan suhbatda.

Jizzax viloyat hokimligi xodimi bilan quyidagi suhbatda Rashidov yubileyi munosabati bilan viloyatda amalga oshirilgan boshqa tadbirlar borasida ham tanishasiz:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:07 0:00
Бевосита линк

Joriy yilda O‘zbekiston Senati Jizzax viloyati Jizzax tumanini Sharof Rashidov tumaniga aylantirish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagan edi. 1917 yilda tug‘ilgan Sharof Rashidov 1959-1983 yillarda, ya’ni 24 yil davomida O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimida ishlab, respublikani boshqargan. U 1983 yilda vafot etgan.

XS
SM
MD
LG