Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:52

Muhojirlar himoyachisi Rossiyadan deportatsiya qilinmoqda


Karomat Sharipov hech qachon Tojikiston grajdani bo‘lmaganini aytmoqda
Karomat Sharipov hech qachon Tojikiston grajdani bo‘lmaganini aytmoqda

Podmoskovyening Lyubersi shahar sudi tojikistonlik taniqli huquq faoli “Tojikistonlik mehnat muhojirlari” harakati rahbari Karomat Sharipovni Rossiyadan Tojikistonga chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror chiqardi. Sud uni “migratsiya qoidalarini buzganlik”da ayblab, 5 ming rublli jarimaga ham tortdi. Uning himoyasiga chiqqan yuzlab tojik muhojirlari politsiya tomonidan hibs etildi.

Himoyachi Alla Pankova jurnalistlar oldida qilgan chiqishida MDH Muhojirlar federatsiyasi boshlig‘i, “Tojikistonlik mehnat muhojirlari” (Tadjikskie trudoviye migranti) harakati rahbari Karomat Sharipovni Rossiya hukumati deportatsiya qilayotganini ma’lum qildi.

Advokatning so‘zlaricha, Tojikiston prezidenti hukumati ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Karomat Sharipovga Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi Kodeksning 18.8 moddasi 3 qismini buzganlik aybi qo‘yilgan va unga deportatsiya qilish to‘g‘risida bildirishnoma topshirilgan.

30 noyabr kuni huquq himoyachisi undan Rossiya grajdani pasporti noqonuniy ravishda olib qo‘yilgani yuzasidan sudga qilgan shikoyatiga rad javobi berildi.

“Tojikistonlik mehnat muhojirlari” harakati faoli Gulbahor Qodirovaning Ozodlikka bergan ma’lumotiga binoan, Rossiya grajdanlik pasportini Sharipovdan FSBning Smolensk viloyat boshqarmasi musodara qilgan.

- Biz Mudofaa vazirligiga Shoygu nomiga uning xizmat qilgani to‘g‘risida va Rossiya Mudofaa vazirligi yurisdiksiyasi ostida ekani borasida so‘rovnoma yuborgandik. Sud bizning birorta dalillarimizni qabul qilmasdan, faqat qarshi tomonning hujjatlarini qabul qildi. Smolensk FSBsidan sudda hech kim ishtirok etgani ham yo‘q, dedi Gulbahor Qodirova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Karomat Sharipov hech qachon Tojikiston vatandoshligiga ega bo‘lmagan, u Turkiston Harbiy okrugida xizmat qilgan va umrining asosiy qismini Rossiyada yashagan.

Karomat Sharipov - Moskvadagi muhojirlar himoyachilaridan biri edi
Karomat Sharipov - Moskvadagi muhojirlar himoyachilaridan biri edi

“Tojikistonlik mehnat muhojirlari” harakati raisi himoyasiga Lyubersi shahar sudi oldiga yig‘ilgan yuzdan ziyod mehnat muhojiri mahalliy politsiya tomonidan hibsga olindi va politsiya bo‘limiga avtozaklarda olib ketildi.

Karomat Sharipov ham sud qarori e’lon qilinganidan keyin ushlandi va politsiya nazorati ostida “Yegorevskoe” maxsus priyomnigiga joylashtirildi.

Himoyachilar Karomat Sharipovga nisbatan Rossiyada boshlangan bosimni Tojikiston hukumatining “Tojikistonlik mehnat muhojirlari” harakati ustidan qilgan arz-shikoyatdan boshlanganini iddao qilmoqda. Tojikiston rahbariyati oldin ham bu tashkilot faoliyatidan bir qancha marotaba o‘z noroziligini bildirgan edi.

Eslatish joizki, 2016 yilning avgust oyida “Tojikistonlik mehnat muhojirlari” harakati “qurultoy Nizomi va protokollaridagi kamchiliklar” bahonasida Rossiya Adliya vazirligi qarori bilan yopilgan edi.

Joriy yilning sentabr oyida Karomat Sharipov “Moskva” savdo kompleksida mehnat muhojirlarining ommaviy ravishda ushlanishiga qarshi chiqqan edi. Politsiya bedodligiga qarshi fikr bildirgan Sharipov yaqin orada “Moskvada 100 minglik migrantlar mitingini uyushtirishni” rejalayotganini so‘zlagandi.

2014 yilda Moskvaning yana bir yirik bozori – “Sadovod” qo‘riqchilari rahbari Karomat Sharipovni “o‘z odamlari bilan bozorni egallashga uringanlik”da ayblab, sudga bergandi.

“Tojikistonlik mehnat muhojirlari” harakati 2008 yilda Moskvada Karomat Sharipov tomonidan tuzilgan.

XS
SM
MD
LG