AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) O‘zbekistonda "Odam savdosidan jabr ko‘rganlarni reintegratsiya qilish" loyihasini muvaffaqiyatli yakunladi. Uni "Istiqbolli avlod" nodavlat tashkiloti amalga oshirgan. Toshkentda shunga bag‘ishlangan anjumanda AQSh elchisi Pamela Spratlen ham qatnashdi.
"Odam savdosidan jabr ko‘rganlarni reintegratsiya qilish" loyihasi doirasida olti yil davomida jabrdiydalarga turli xil xizmatlar ko‘rsatildi.
"Istiqbolli avlod" jamoasi bu jinoyatdan omon qolgan va uning tuzog‘iga ilinishi mumkin bo‘lgan qariyb 400 nafar xotin-qizlarga psixologik, tibbiy va yuridik yordam ko‘rsatgan, ularga hunar o‘rgatgan. 2015-yilda tashkilot pazandalik, kompyuter savodxonligi, tikish-bichish, kosmetologiya sirlarini o‘rgatuvchi markaz ochgan edi.
"Xotin-qizlar ko‘pincha jinsiy ekspluatatsiyaga jalb qilinadi", - deydi AQSh elchisi Pamela Spratlen. "Bundan kelib chiqadigan jismoniy va ruhiy travmadan qutulish uchun vaqtida va uzoq muddatli muolaja zarur. Bunday g‘amxo‘rliksiz yana odam savdosi qurboniga aylanish hech gap emas".
Toshkentda o‘tgan konferensiyada loyiha natijalari, inson savdosiga qarshi kurashda hukumat va nohukumat sektorlari o‘rtasidagi hamkorlik va keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Elchi Spratlen "Istiqbolli avlod" tashkiloti olib borgan reintegratsiya proekti samarali bo‘lganini e’tirof etdi. Uning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar odam savdosiga qarshi yana bir loyiha ustida bu tashkilot bilan ishlashda davom etadi. Uning doirasida muhtojlar uchun ishonch telefonlari tashkil etilmoqda, huquq-tartibot xodimlari uchun treninglar o‘tkazilmoqda.
Vashington hukumatlar va notijoriy tashkilotlar bilan hamkorlikda insoniyatning azaliy dushmani -odam savdosiga qarshi kurashni kuchaytiradi.