Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:42

Hamshiralar Sergelida qurilgan uylarni tozalash ishlarida tekinga ishlatilmoqda


Sergelidagi "arzon uy-joylar" qurilishida poytaxtdagi poliklinika, bog‘cha-maktablar xodimlaridan tekin ishchi kuchi sifatida foydalanilmoqda. Hamshiralarga ko‘ra, ularni ishdan haydash yoki oylik maoshidan ushlab qolish kabi tahdidlar bilan yangi uylarni tozalash ishlariga majburlashmoqda. Toshkent shahar hokimligi rasmiysining Ozodlikka aytishicha, tozalash ishlariga "barcha tashkilotlar o‘z xohishi bilan hasharchi jo‘natmoqda".

Majburiy hashar

Sergelidagi arzon uy-joylar qurilishida Toshkentdagi poliklinikalar, bolalar bog‘chalari va maktablarning xodimlari hasharchi sifatida ishlayapti. Xususan, 17 yanvar kuni Yunusobod tumanidagi 53- poliklinikadan 6 kishi, 54- poliklinikadan esa, 3 kishi Sergelidagi yangi uylarni tozalashga jalb qilindi.

Ozodlik suhbatlashgan hamshiralardan biriga ko‘ra, u bir haftadan buyon qurilayotgan yangi uylarni tozalash ishlariga qatnayapti:

“Bizning poliklinikadan har kuni 10 kishini Sergeliga jo‘natishayapti. Ertalab soat 8 da ishxonaga kelamiz. Keyin skoriy mashinalarda bizni Sergeliga olib borib qo‘yishadi. Kechqurin soat 5-6 gacha ishlaymiz. Yangi uylardagi kvartiralar ichini supurib-sidirayapmiz. Oynalarini yuvayapmiz. Tualet-vannalarini tozalayapmiz. Bizga birov so‘rasa, “hasharchimiz” deb aytasan deyishdi”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz hamshira.

Yana bir hamshira qizning Ozodlikka aytishicha, “hashar”ga borishni istamaganlarga tahdid ham qilinmoqda:

“Bir hamkasbim “bora olmayman, sog‘ligim ko‘tarmaydi” degandi, unga baqirib berishdi. “Ishdan haydalasan bo‘lmasa” deyishdi. Qo‘shni poliklinikada ishlaydigan dugonamning aytishicha, ularga “bormaganlarning oyligidan ushlab qolamiz” deyishibdi. Shunga hammamiz qo‘rqqanimizdan borishga majbur bo‘layapmiz. 30 dekabr kuni boshlandi bu “hashar”. Hatto 31 dekabr – bayram kuni ham hasharga olib ketishdi. Boshqa tumanlarni oldingi oylari olib borishgan. Har bir tumanni navbati bilan olib borishar ekan”, dedi Yunusoboddagi poliklinikalardan birining hamshirasi.

Aksar bog‘cha va maktablar esa asosan, shanba-yakshanba kunlari ushbu “hashar”ga borayapti.

“Bizning bog‘chadan har shanba-yakshanba kuniga bittadan odam Sergeliga tozalagani borayapti. Hamma o‘z hisobidan yo‘lkira to‘lab boradi. Bu ham yetmaganday “ish qurollarimiz” ham o‘z hisobimizdan. Ya’ni pol yuvish uchun latta, oyna artish uchun latta, yana chelak va uy ichi hamda uy tashqarisini supurish uchun alohida supurgilar olib borishimiz kerak. Bu harajatlar uchun bolalarimiz rizqidan qirqib, sarflayapmiz”, dedi Chilonzor tumanidagi bog‘chalardan birining xodimasi.

Toshkent shahar hokimligi rasmiysi Sergelidagi arzon uylar qurilishiga ishchi-xodimlar majburlanayotganini inkor qilib, barcha tashkilotlar o‘z xohishi bilan hasharchi jo‘natayotganini ta’kidladi.

Arzon uylar loyihasi

Shavkat Mirziyoev Toshkentning Sergeli tumani, Sputnik dahasida joylashgan barak uylarda yashovchilar bilan 2016 yilning 25 sentabr kuni o‘tkazgan uchrashuvidan so‘ng bu uylar o‘rniga ko‘p qavatli turar-joy binolari qurishga va’da bergan edi.

Mirziyoevning 2016 yilning 22 noyabr kuni maxsus qaroriga ko‘ra, 2017-2020 yil ichida Sergelida kam ta’minlangan oilalar uchun 500 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalangan.

O‘zbek nashrlariga ko‘ra¸ bu loyihani moliyalashtirishga xorij banklari¸ xususan¸ Turkiyaning “Ziraat” bankidan olingan 200 million dollarlik kredit sarflanadi.

Joriy yilda 66 ta uy qurib bitkazilgani xabar qilindi. Rresident.uz sayti Sergelida “13 gektar maydonda 66 ko‘p qavatli uy-joy qad rostlagani va 1, 2, 3 xonali bu uylar aholiga imtiyozli kreditlar asosida berilgani” haqida 17 noyabr kuni xabar qildi.

Biroq keyinchalik Bosh prokuratura yangi qurilgan arzon uy-joylarni sotishda qonunbuzarlik holatlari sodir etilgani aniqlanganini ma’lum qildi. Hozirda ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG