Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:41

O‘zbekistonlik taniqli xonanda Aqto‘be qurbonlariga qo‘shiq bag‘ishladi (VIDEO)


Namanganlik xonanda Sardor Mamadaliev Aqto‘be qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab, "52 vatandosh xotirasiga" nomli qo‘shiq kuyladi. Ushbu qo‘shiq ijtimoiy tarmoqlarda "Birov o‘g‘lonmidi kuyov bo‘lmagan..." degan satrlari bilan yoyilmoqda.

Namanganlik 32 yashar xonanda Sardor Mamadalievning Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi avtohalokatda tiriklayin yonib ketgan 52 o‘zbekistonlik mehnat muhojiriga bag‘ishlangan yangi qo‘shig‘i 20 yanvar kuni Youtube tarmog‘iga yuklandi.

Bu 18 yanvar kuni sodir bo‘lgan fojeada o‘lganlar xotirasiga kuylangan ilk qo‘shiqdir.

Xonanda Sardor Mamadaliev hozircha bu mavzuda Ozodlikka intervyu berolmasligini bildirdi.

Sardor Mamadaliev 1985 yilda Namangan viloyatining Chust tumanidagi Olmos qishlog‘ida tug‘ilgan.

U ilk bor "Devonaman" qo‘shig‘i bilan o‘zbekistonliklar orasida nom qozongan.

Qo‘lma-qo‘l bo‘layotgan satrlar

Tarmoqlarda Sardor Mamadaliev ijro etgan "52 vatandosh xotirasiga" nomli qo‘shiqning alam va qayg‘uga to‘la satrlari qo‘lma-qo‘l tarqalmoqda.

Ushbu she’r muallifi esa taniqli shoira Malika Salimovadir:

52 bolang yondi daf’atan,

E, voh, kulga qanday o‘raysan kafan.

Ona bo‘l, boshinga oq ro‘moling yop,

Ota bo‘l, belingni bog‘la, jon Vatan!

Samolar zirillab ketdi faryoddan,

Darvoza ochildi to‘g‘ri Jannatdan,

Og‘a bo‘l, yelkanga tobutlarni ort,

Singil bo‘l, dod solib yig‘la jon Vatan!

O‘zbegim, sen qachon qochding mehnatdan,

Qayga ketmoq bo‘lding og‘ir qismatdan!

Shahidlar shahriga aholilaring

So‘nggi karvonlarga mindir jon Vatan!

Nogoh alangaga burkanganda tan,

Kalima keltirib ulgurdimikan.

"O‘zbekman" deganning jon yuragidan,

52 qabr kavla jon Vatan!

Biri o‘g‘lonmidi kuyov bo‘lmagan,

Biri yigitmidi farzand ko‘rmagan.

Yoki yetim qolgan go‘daklarining,

Ko‘zlariga qanday qaraysan, Vatan!

Musofirlik faqat o‘zbekdamikan,

Bizning kamimiz bor qaysi millatdan.

Berma bolalaring alangalarga,

Bevaqt ajallarga berma, jon Vatan!

XS
SM
MD
LG