Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:35

Mehnat muhojirlari avtobuslarda yurmaslikni taklif etmoqda


“Yurtdoshlarimiz avtobuslarda yurishmasin!” Bu Ozodlik tahririyatiga Qozog‘istondagi fojiadan keyin kelib tushayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarning takliflaridan biridir. Ozodlik muhojiratda yurgan O‘zbekiston vatandoshlarining ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llagan ayni mavzudagi ko‘p sonli savollari, murojaat va takliflaridan ayrimlarini quyida e’tiboringizga havola qiladi.

“Yurtdoshlarimiz avtobuslarda yurishmasin!“

Ozodlikning Moskvadagi tahririyatiga Novosibirskdan murojaat qilgan 35 yashar Sardorbek Qozog‘istondagi fojiadan juda ta’sirlangani aytib, yurtdoshlariga avtobuslardan foydalanmaslikni tavsiya qildi.

- Har kimning cho‘ntagi ko‘tarmaydi, tejash niyatida avtobusda ketayapti. Bu avtobuslar hech qanday talablarga javob bermaydi! Oldiga borsangiz qo‘rqib ketasiz “Yetib borarkanmizmi?”, deb. Bu avtobuslarning pechkalari ham ishlamaydi: oyoqlaringiz muzlab, belingiz botib, pachag‘ingiz chiqib borasiz. Orqada o‘tirib qolganlar umuman muzlab qolishadi.Avtobusda odatda hujjati yo‘qlar ketadi, dedi andijonlik Sardorbek.

“Uchoqlar narxlarini pasaytirishsin!”

Yana bir guruh muhojirlar O‘zbekiston-Rossiya o‘rtasida uchayotgan uchoqlar chiptalari narxlari balandligi sabablarini tushuntirib berishni so‘raydi.

- Taklifim – samolyotlar biletlari juda qimmat. Qo‘shni Qirg‘izistonning O‘sh shahriga samolyotga bilet bagajsiz 4 mingdan oshiqroq, bagaj bilan oshib ketsa 7 ming rubl bo‘ladi. Shuni arzonroq qilishning iloji bormikan hukumatimiz uchun? deya savol qo‘ydi ismini bildirishni istamagan tinglovchi.

O‘zbekistonliklar "O‘zbekiston Havo yo‘llari" va O‘zbekistonga parvoz qilayotgan boshqa aviashirkatlar chiptalarining asossiz qimmatligi va monopoliya tugatilishi kerakligi mavzusini Internet tarmoqlarida qizg‘in muhokama qilishni davom etmoqda.

Moskvadan Istanbulga odamlar 50 dollar bilan uchishadi. O‘g‘illarim 60 dollarga Moskvadan Istanbulga borib kelishga chipta olishadi. Qizim Amerikadan Moskvaga va Moskvadan Istanbulga 300 dollar bilan keldi. Istanbuldan Samarqandga esa Sizning samolyotingizga 380 dollarga chipta oldi. Chunki O‘zbekistondan samolyotlarda uchish dunyoning hech bir mamlakatida Siz belgilaydigan narxlarchalik qimmat emas!" deb yozdi romantic taxallusiga ega muxlis.

“Muhojirlarga yordam beruvchi jamg‘arma kerak”

Oxirgi paytlarda Ozodlik tahririyatiga turli baxtsiz hodisalarga uchragan yurtdoshlariga ko‘mak berish istagida bo‘lganlardan murojaatlardan kelmoqda. AQSh, Turkiya, Britaniya, Janubiy Koreya va Arabiston mamlakatlaridan yordam qo‘lini cho‘zish istagida bo‘lgan o‘zbek vatandoshlari jamg‘arma tuzishni taklif qilishadi.

Jumladan, Ozodlik tahririyatiga Sankt-Peterburgdan murojaat qilgan o‘zbekistonlik Shavkat Rossiya va boshqa qo‘shni davlatlarda og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga ko‘mak beruvchi jamg‘arma tuzish kerakligi haqida gapirdi.

- Ko‘p odamlar pul yoki boshqa masalada yordam bergisi keladi. Lekin kimga murojaat qilishni yoki qanday yetkazib berish yo‘llarini bilmaydi. Tashkilotchi yo‘q-da! Muhojirlarga yordam berish uchun jamg‘arma tuzish kerak, dedi Shavkat.

Ayni paytda, O‘zbekistonning o‘zida “Orzu va hayot” xalqaro jamg‘armasi Aqto‘be qurbonlari oilalariga moddiy yordam berish uchun rejalashtirgan xayriya marafonini bekor qildi.

Jamg‘arma tuzish masalasi Ozodlik sahifalarida muhojiratda yurgan o‘zbekistonliklar tomonidan oldin ham ko‘tarilganini eslatish lozim.

“Nega O‘zbekistonda motam kuni e’lon qilinmadi?”

20 yanvar kuni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi oldida Rossiyada yashovchi o‘nlab o‘zbekistonlik Qozog‘istonda avtobus yong‘inida halok bo‘lgan vatandoshlarini xotirlash marosimini o‘tkazdi. Tadbir tashkilotchisi, “Vatandosh” birlashmasi prezidenti Usmonxon Baratov va tadbirga yig‘ilgan mehnat muhojirlari O‘zbekistonda motam e’lon qilishni taklif qildi.

“...Elchixonadagi O‘zbekiston bayrog‘i motamga bag‘ishlab tushirilmabdi! Elchi uchun 52ta yosh Vatandoshning o‘limi oddiy bir kun ekan! Xayf senga elchi!" - deydi Usmonxon Baratov.

“Hukumat O‘zbekiston o‘zida ish tashkil etsin!”

Tahririyatga kelayotgan takliflarning aksari – O‘zbekiston ichkarisida ish o‘rinlarini ko‘paytirish va mehnat migratsiyasi oqimini kamaytirish bilan bog‘liq.

O‘zbekiston hukumati o‘zbek yigitlarini chetga chiqarmasdan, O‘zbekistonda ish o‘rni yaratsa yaxshi bo‘lardi, deb yozdi Shingyzkhan.

“52 o‘g‘lon nobud bo‘ldi... Endi Rossiyaga ish izlab borish to‘xtaydimi? G‘ururimiz yurtdoshlarimiz jonidan ustunmi?!”- dedi Jamshid Niyozov ismli Feysbuk foydalanuvchisi.

Migratsiya departamenti hisob-kitobicha, Rossiyaning o‘zida 2 millionga yaqin o‘zbekistonlik muhojir rasman qaydga turib, mehnat qilib keladi. Hujjatsiz yurgan o‘zbek muhojirlari soni, kuzatuvchilar aytishicha, yana bir million odamni tashkil etadi.

Aqto‘be viloyatida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining avtobusda yonib ketishiga munosabat bildirgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ham bu fojianing asl sababi ishsizlik ekanini ta’kidladi.

“Olloh o‘lganlar yaqinlariga sabr bersin!“

Ayni paytda, Ozodlikka Qozog‘istondagi fojeada nobud bo‘lgan o‘zbek muhojirlari yaqinlariga dunyoning turli mintaqalaridan hamdardlik bildirib yuborilgan sanoqsiz xat-xabarlar ko‘paymoqda.

“Allohim, o‘tganlarni o‘zing rahmat qilgin. Joylarini jannatda qilgin, oilalariga sabr bergin. Musofir yurtda ishlab, pul topib, oila boqaman deb yurgan vatandoshlarimizni o‘z panohingda asra”, deya duo qildi Parizoda ismli o‘zbekistonlik ayol.

Samara-Chimkent avtoyo‘lining Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidan o‘tadigan qismida 18 yanvar kuni avtobus yonib ketgani oqibatida 52 o‘zbekistonlik halok bo‘lgan, faqat 5 odam avtobusdan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan edi.

O‘zbekiston Favqulodda holatlar vazirligi shaxsi aniqlangan migrantlar to‘liq ro‘yxatini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG