Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:27

Andijonda ikki kun oldin yo‘qolgan bankirning jasadi soydan topildi


"Hamkorbank"ning Andijon viloyat, Jalaquduq tuman bo‘limi xodimi, 28 yashar Fazliddin Qosimovning jasadi 11 mart kuni qo‘shni tuman hududidan oqib o‘tuvchi soydan topildi.

Huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, bankir yigit 9 mart kuni pichoqlab o‘ldirilgan va so‘ngra jasad soyga tashlangan.

Uch yildan buyon "Hamkorbank"ning Jalaquduq tuman bo‘limida ishlayotgan Fazliddin Qosimovning jasadi 11 mart kuni tushda Yorqishloq hududidan o‘tgan soydan topildi.

Andijondagi huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Fazliddin Qosimov ikki kun avval - 9 mart kuni kechki payt o‘ldirilgani aniqlangan:

“1990 yilda tug‘ilgan Qosimov Fazliddin Nabievich 9 mart kuni pichoqlab o‘ldirilgan. Uning badaniga kamida 10 marta pichoq urilgani aniqlangan. Uni o‘ldirib, murdasini soyga tashlashgan. Soy suvi kam bo‘lgani uchun murdani to‘ntarib yotqizib, ustiga tosh solingan qopni qo‘yib qo‘yishgan. Qosimovning mashinasi 10 mart kuni obed payti topildi. Jasad esa, kecha obedda topildi”, dedi huquq-tartibot idoralari xodimi ismini ochiqlamaslik sharti bilan 12 mart kuni.

Qosimovning qo‘shnilaridan biriga ko‘ra, Fazliddin oxirgi bor rafiqasi bilan telefonda gaplashgach, bedarak ketgan:

“Fazliddin oxirgi marta 9 mart kuni kechki payt soat taxminan 7 yarimlarda xotini bilan gaplashgan. U shu payti bankdan ishdan chiqayotgan bo‘lgan va xotinidan nima ovqat qilganini so‘ragan. Xotini mastava qilib, uni kutib o‘tirishganini aytgan. Fazliddin 15 minutlarda uyga yetib borishini aytgan. Eri yarim soatda ham uyga kelmagach, xotini unga telefon qilgan. Bu paytda uning telefoni o‘chiq bo‘lgan. Shundan keyin uni qidirish boshlandi. Uni Yorqishloq yo‘lidagi kanal bo‘yida, pichoqlab, qiynab o‘ldirishgan”, dedi Qosimovning qo‘shnilaridan biri.

Jalaquduq tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hodisa Qo‘rg‘ontepa tuman hududida sodir bo‘lgani bois, ishni Qo‘rg‘ontepa tuman IIBsi o‘rganmoqda.

Qo‘rg‘ontepa tuman IIB xodimi tergov ketayotgani bois Fazliddin Qosimov o‘limiga doir tafsilotlar ochiqlanmasligini ta’kidladi.

Huquq-tartibot organlari mulozimlari bank xodimi o‘ldirilishining sabablariga oid qanday versiyalar o‘rganilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berishni istamadi.

Biroq, Qosimovning o‘limi bo‘yicha, Jinoyat kodeksining 97-moddasi ("Qasddan odam o‘ldirish") bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Fazliddin Qosimov “Hamkorbank”ning plastik kartalar bo‘limida ishlagan.

Jalaquduqdan olingan ma’lumotga ko‘ra, 12 mart kuni “Hamkorbank”ning nafaqat Qosimov ishlagan bo‘limi, balki bankning deyarli barcha bo‘limlari ishlamagan. Shu kuni xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalari ham egalariga berilmagan.

“Hamkorbank” xodimiga ko‘ra, 12 mart kuni bank xodimlari Qosimovning o‘limi bo‘yicha tergov ishida ko‘rsatma berish bilan band bo‘lgani uchun aksar bo‘limlar yopiq bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG