Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:31

Notanish ayolni itlardan qutqargan o‘zbekistonlikning o‘zi nobud bo‘ldi (VIDEO)


Kogonlik Oleg Shushunov 19 yoshda edi.
Kogonlik Oleg Shushunov 19 yoshda edi.

Moskva viloyatining Istra tumanida daydi itlar hujum qilgan qizni qutqargan o‘zbekistonlik 19 yashar yigit o‘zi itlar qurboniga aylandi. Itlar talagan ayolni qutqarib qolgan Oleg Shushunov bundan 4 yil oldin Buxoroning Kogonidan Podmoskovyega ko‘chib o‘tgan ekan.

2018 yilning 11 mart kuni Moskva viloyatining Istra tumani Kursakovo qo‘rg‘onida daydi itlar g‘ajib ketgan yosh yigitning jasadi topildi.

Aynan shu vaqtda mahalliy shifoxonaga it talagan yana bir mahalliy ayol keltirilgani ma’lum bo‘ldi.

Moskva viloyati bo‘yicha tergov qo‘mitasi rasmiysi ikkala shaxsning Jeleznodorojnaya ko‘chasida itlar hujumi qurboni bo‘lganini bildirdi.

- Hozirda daydi hayvonlarni tutib olish bilan shug‘ullanuvchi xizmatlar bilan birgalikda tekshiruv va qidiruv amaliyotlari olib borilmoqda.Tergovchilar odamlarga hujum qilgan itlar kimga tegishli ekanini aniqlamoqda, dedi Ozodlikka Moskva viloyat Tergov qo‘mitasi rasmiysi Olьga Vradiy.

Mahalliy axborot vositalari xabar qilishicha, 11 mart kuni kechki payt uyiga qaytib kelayotgan 26 yashar Kristina Isupovaning yo‘lini bir to‘da daydi it to‘sadi. Ulardan qochib qutulmoqchi bo‘lgan ayolni itlardan biri yerga yiqitadi va qolgan itlar uni talashga tushadi.

O‘sha yerdan o‘tib ketayotgan 19 yashar Oleg Shushunov tayoq ko‘tarib keladi va itlarni haydashga urinib ko‘radi. Dod-voyni eshitib qolgan odamlar kelguniga qadar to‘qqizta it Olegni talab, o‘ldiradi.

Youtube tarmog‘ida Olegga qilingan hujum videotasviri paydo bo‘ldi.

Shifoxonaga og‘ir ahvolda olib ketilgan Kristina ertasi kuni o‘ziga keladi va uning hayotini hodisa joyida nobud bo‘lgan yigit qutqarib qolganini biladi.

Istra politsiyasidan olingan ma’lumotga binoan, 1998 yilda tug‘ilgan Oleg Shushunov bundan 4 yil oldin Buxoroning Kogon shahridan Istra tumaniga ko‘chib o‘tgan, shu yerda maktabni bitirgan. Oxirgi yillarda kvartiralarni ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanib kelgan Oleg bundan bir yil oldin uylangan, bir oydan keyin farzandi tug‘ilishini kutayotgan bo‘lgan.

Aytilishicha, o‘zbekistonlik marhum yigitning rafiqasi taniqli rus xonandasi va kompozitori Yuriy Lozaning jiyani.

Yuriy Loza o‘zining Feysbuk sahifasida “U qaxramonlarcha harakat qildi va o‘z hayotini unga mutlaqo notanish bo‘lgan odamga bag‘ishladi”, deb yozdi.

Istra tuman ma’muriyati hodisaning ertasi kuniyoq shaharchadagi barcha daydi itlarni ovlab, o‘ldirganini ma’lum bo‘ldi.

Istra shahar Tergov qo‘mitasi O‘zbekiston grajdanining nobud bo‘lgani yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

XS
SM
MD
LG