Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:53

Moskvada o‘zbeklar o‘z yurtdoshlarini o‘g‘irlab, pul talab qilganlikda ayblanmoqda


Shahar politsiyasiga ko‘ra, odam o‘g‘irlashda gumon qilinib, Rossiya poytaxtining Kommunarka mavzesida​ ushlanganlar 20 dan 26 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston grajdanlaridir. Ular bir necha o‘zbek muhojirini o‘g‘irlab, ozod etilishi uchun yaqinlaridan 15 mingdan 600 ming rublgacha pul talab qilgani aytildi.

Moskva shahriga qarashli Troitsk va Novomoskovskiy ma’muriy okrugida (TiNAO) bir hafta davomida o‘zbekistonlik bir ayol va uch erkak o‘g‘irlab ketilgani haqida politsiyaga ularning yaqinlari xabar qilgan.

- “Kommunarskiy” politsiya bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari xabaricha, 24 mart kuni politsiyaga 30 yashar Zohirjon ismli O‘zbekiston vatandoshi murojaat qilib, ikki kun oldin 33 yashar Gulilola ismli turmush o‘rtog‘i yo‘qolib qolganini xabar qilgan, deya Ozodlik so‘roviga javoban ma’lumot berdi TiNAO politsiyasi navbatchi ofitseri.

Politsiyadan olingan ma’lumotga ko‘ra, soat 11.30 larda do‘konga xarid qilgani chiqqan Gulilola yo‘qolib qoladi va rosa 3 soat o‘tib Zohirjonga noma’lum kimsadan telefon qo‘ng‘irog‘i keladi.

Bu shaxs Zohirjonning rafiqasi “asirga olingani”ni aytgan. Gulilolaning o‘zi esa, telefon orqali uni ozod qilish uchun 50 ming rublni Sberbank kartasiga o‘tkazishni talab qilishayotganini bildirgan. Telefon qilganlarning talablariga ko‘nmagan Zohirjonga ertasi kuni yana qo‘ng‘iroq qilib, bu shaxslar to‘lovni 15 ming rublga tushirgan.

Muhojir yigit ularga pul topib berishni va’da qilib, politsiya bo‘limiga borgan.

Zohirjon u yerda yaqinlari o‘g‘irlab ketilgan boshqa o‘zbeklar o‘tirganini biladi.

"Jinoyatchilar o‘g‘irlanganlarning biridan 600 ming rubl talab qilayotgani aniqlandi", deya xabar qildi Moskva Tergov Qo‘mitasi boshqarmasi.

Boshqarma bayonotida bunday deyilgan: "Politsiya tezkor guruhi tomonidan ishlab chiqilgan rejaga ko‘ra, tovlamachilarga Mosrentgen qo‘rg‘onidagi “Topolyok” qurilish bozorida uchrashuv tayinlandi.

Operativ xodimlar odam o‘g‘irlash va tovlamachilikda ayblanayotganlarni tezda aniqladi va hibsga oldi. O‘zbekistonlik 20 yashar O. O. o‘g‘li, 24 yashar S. A. o‘g‘li, D. T. o‘g‘li va tojikistonlik 22 yoshli M.lar pul olayotganda jinoyat joyida ushlandi.

O‘g‘irlab ketilgan Gulilolani operativ xodimlar Checherskiy tor ko‘chasidagi kvartiralardan birida topdi. o‘g‘irlangan ayolni qo‘riqlashga tojikistonlik M. yollangani ma’lum bo‘ldi.

Qolgan odamlarni ozod etish uchun politsiya maxsus amaliyot ishlab chiqdi. Politsiyachilar tayinlagan uchrashuvga kelgan ayblanuvchilardan ikki nafari shaxsiy avtomobilda qochishga urindi", deyilgan Tergov qo‘mitasi bayonotida.

Aniqlanishicha, noma’lum kimsalar 28 yashar o‘zbekistonlikni “Toyota Kamri” avtomobiliga majburan tiqib, pistolet bilan tahdid qilib, 3 soat shaharda aylantirib yurgan. Boshqarmaga ko‘ra, muhojirdan 600 ming rubl talab qilganlardan pistolet va granata musodara qilingan, lekin keyinroq politsiya mashinaning old yukxonasidan topilgan qurol-aslaha mulyaj ekanini aniqlagan.

Ozod etilgan muhojirlardan birining akasi politsiyaga minnatdorchilik bildirdi.
Ozod etilgan muhojirlardan birining akasi politsiyaga minnatdorchilik bildirdi.

Ozod etilgan 28 yashar yigitning akasi “Kommunarskiy” politsiya bo‘limi operativ xodimlariga minnatdorchilik bildirgan videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi:

- Ular tufayli mening ukam o‘z oilasi, yaqinlari yonida. Katta rahmat ularga! O‘z joningni ishonib topshira oladigan, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa ham boshqalarni qutqarishga tayyor bunday jamoa, politsiyachilar borligiga rahmat! To‘g‘risini aytsam, men bunaqasini faqat kinoda ko‘rganman, dedi politsiyachilarga rahmat aytgan ozod etilgan o‘zbek muhojirining akasi.

Jinoyatda ayblanib ushlangan o‘zbekistonliklar va tojikistonlikka nisbatan Rossiya Federatsiyasi Bosh Tergov qo‘mitasi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 163- moddasi (“Tovlamachilik”) va 126- moddasi (“Odam o‘g‘irlash”) asosida jinoyat ishi ochilgani, boshqa epizodlar bo‘yicha tergovoldi surishtiruvb olib borilayotgani ma’lum qilindi.

XS
SM
MD
LG