17 aprel kuni Moskvada – Federal xavfsizlik xizmatining Lubyankadagi binosi yonida Telegram messenjerining yopilishidan norozilar aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilganlar norozilik ifodasi tarzida tarmoq logotipidagi kabi qog‘ozdan yasalgan samolyotlarni uchirdilar.
Norozilar orasida Pussy Riot guruhi a’zosi Mariya Alexina va ruhoniy faol Dmitriy Enteolar bo‘ldi.
Roskomnadzor tashkiloti esa App Store i Google Play do‘konlaridan Rossiyada taqiqlangan Telegram messenjerini olib tashlashni talab qildi. Bu haqda "Interfaks" agentligi Roskomnadzor matbuot xizmatiga tayanib 17 aprel kuni xabar qildi.
Rossiya nazorat agentligi Telegram-ga aloqador IP-adreslarni bloklashda davom etmoqda. Bloklash jarayonini kuzatayotgan faollarga ko‘ra, bunday adreslar adadi ikki milliondan oshib ketgan.
Roskomnadzorning ma’lum qilishicha, taqiq Telegram shifrlash kalitlarini Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmatiga (FSB) berilmaguncha davom etaveradi.
O‘tgan hafta Moskva sudi chiqargan ajrimga muvfoiq, Rossiyada dushanba kundan boshlab Telegramga kirish taqiqlab qo‘yildi.
Rossiyada sud qaroriga binoan dushanba kunidan Telegram messendjerini bloklash boshlandi.
Roskomnadzor tashkiloti, shuningdek, bu ijtimoiy aloqa tarmog‘iga yashirinchia yo‘llar bilan olib kiruvchi vositalarni ham bloklashini bildirdi.
Roskomnadzor rahbari Aleksandr Jarov bu ishlar Rossiya qonunchiligi asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
2017 yilning 1 noyabrida qabul qilingan "Axborot to‘g‘risida"gi qonunga binoan saytlarga qo‘yilgan to‘siqni chetlab o‘tishga xizmat qiluvchi shirkatlar ham taqiqlangan saytlar reestrida bo‘lgan axborot manbalarini ochib bermasligi kerak.
Telegramni yaratgan Pavel Durov uning messenjeri uning tarkibiga o‘rnatilgan to‘siqlarni aylanib o‘tish usullari va VPN yordamida ishini davom ettirishi to‘g‘risida bayonot berdi.
Moskva shahar, Taganskiy rayon sudi 13 aprel, juma kuni messenjerini Rossiyada bloklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.
Telegramni Rossiyada to‘sib qo‘yish to‘g‘risidagi talabni sudga Roskomnadzor (Aloqa, informatsion texnologiyalar va ommaviy kommunikatsiyalar ustidan nazorat bo‘yicha federal xizmat) kiritgan.
Sud qaroriga binoan messenjerning Rossiya hududidagi faoliyatiga qo‘yilgan taqiq Telegram rahbariyati “shifr kalitlarini Federal xavfsizlik xizmatiga (FSB) berish majburiyatini bajarmagunicha amal qiladi”.
Sud qaroriga ko‘ra, u (qaror) beto‘xtov bajarilishi lozim. Messenjer advokatlarining qaror ustidan shikoyat arizasiga kiritishga 1 oylik vaqti bor.
Roskomnadzor mulozimlari Telegramdan terroristik tashkilotlar foydalanayotgan ma’lumotlar bo‘lishi mumkinligini iddao qilib, bu messenjerni zudlik bilan yopishni talab qilayotgan edi.
Telegram vakillari sud majlisida ishtirok etmadi. Svoboda radiosi muxbirining sud zalidan xabar qilishicha, Roskomnadzorning da’vosini ko‘rib chiqish uchun 20 daqiqadan ozroq vaqt kifoya qildi.
Sud majlisi arafasida messenjerni yaratgan Pavel Durov o‘z advokatlariga sudda ishtirok etishni taqiqlab qo‘ydi. Ayni paytda messenjer himoyachilari sudga majlisni kechiktirish so‘rovini kiritgan edi, biroq bu so‘rovni sud rad etdi.
Bir hafta muqaddam Roskomnadzor Telegram rahbariyati oldiga qo‘ygan muhlat yakuniga yetdi. Bu muhlat ichida Roskomnadzor Telegramdan foydalanuvchilar yozuvlarini shifrlash kalitlarini berishni talab qilgan. Telegram rahbariyati bu talabni bajarish texnik jihatdan imkonsiz ekanligni aytib, bosh tortmoqda.