Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:37

B.Abdullaev: Karimov davrida ushlanganimda, MXX yerto‘lasidan tirik chiqishim dargumon edi


O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda gumon qilinib, Toshkentda sudlanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev prezident Mirziyoevga ochiq xat bilan murojaat qildi.

Advokati Sergey Mayorov matbuotga yetkazgan maktubda jurnalist o‘zining qiynoqqa solingani, iqrorlik ko‘rsatmalari qiynoqlar ostida olinganini da’vo qiladi.

Shuningdek, u muhojirlikda yurgan qator muxolifat va inson huquqlari faollariga qarshi soxta ko‘rsatmalar berishga majburlanganini aytadi.

Jurnalist Bobomurod Abdullaev shu kunlarda yana 3 kishi - bloger Hayot Nasriddinov¸ tadbirkorlar Ravshan Salaev va Shavkat Olloyorovlar bilan birga Toshkentda sudlanmoqda.

Sudlanuvchilarga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasida (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etish aybi qo‘yilgan.

Shu kunga qadar ham Abdullaevning huquqlarini himoya qilib kelayotgan advokat Sergey Mayorov uning qiynoqqa solinganini da’vo qilgan, sudda bu da’volar qayta tergovga ham jo‘natilgan edi.

29 aprel kuni Ozodlik tahririyatiga taqdim qilingan ochiq maktubida jurnalist bu da’volarni takrorlab, prezident Mirziyoevga murojaat qiladi.

"Ular (DXX - sobiq MXX xodimlari - tahr.) meni qiynoqqa solib, mendan Muhammad Solih, Ixtiyor Abdullaev, Po‘lat Bobojonov, Galima Buxarbaeva, Markus Bensman, Nadejda Ataeva, Nigora Xidoyatova, Sirojiddin Tolipov, Pahlavon Turg‘unov, Shuhrat Bobojonov, Alisher Taksanov, Mo‘’tabar Tojiboeva, Ulug‘bek Xaydarov va boshqalarga qarshi ko‘rsatmalar olishdi... Yuqorida ismi keltirilganlarning aksariyati Sizning yangi siyosatingiz tufayli O‘zbekistonga qaytishga umid qila boshlaganini e’tiborga olsa, “Usmon Haqnazarov” ishi orqali MXX ularni ham chuv tushirishni (kelishi bilanoq yangi jinoiy ishlar bo‘yicha hibsga olishni) rejalashtirganini payqash qiyin emas... ", deb yozadi jurnalist.

Jurnalist B.Abdullaevning prezident Mirziyoevga yozgan xati
Jurnalist B.Abdullaevning prezident Mirziyoevga yozgan xati

Jurnalist "tergovning ayblovi aynan shu ko‘rsatmalar asosida yaratildi, aniqrog‘i, to‘qildi" deb ta’kidlaydi.

Shuningdek, jurnalist unga qo‘yilayotgan asosiy ayblov - "Usmon Haqnazarov" taxallusi ostida yozilgan maqolalarida konstitutsion tuzumni ag‘darishga qaratilgan chaqiriqlar bilan chiqqani haqidagi ayblovni ham to‘liq inkor qilgan.

Jurnalistning da’vo qilishicha, bu maqolalarga ba’zan boshqa mualliflar tomonidan o‘zgartishlar kiritilgan.

"Lekin men hech qachon O‘zbekistondagi konstitutsion tuzumni ag‘darishga chaqirmaganman ham, bu yo‘lda biron bir harakat ham qilmaganman, birov bilan til ham biriktirmaganman. Men ommani ogohlantirib qo‘yish maqsadida, xalqni talon-taroj qilayotgan qaroqchilarning kirdikorlarini fosh qilish maqsadida maqolalar yozganman xolos", deb murojaat qiladi Abdullaev.

44 yoshli jurnalist Bobomurod Abdullaev qamalguniga qadar bir qator mustaqil nashrlar, xususan "Farg‘ona” axborot agentligi bilan hamkorlik qilgan, shuningdek, sport sharhlovchisi sifatida ham tanilgan.

O‘tgan yilning 27 sentabr kuni ta’mirga bergan mashinasini ustaxonadan olish uchun uyidan chiqib ketganicha bedarak yo‘qolgan Abdullaevning oradan bir kun o‘tib Toshkentdagi Milliy xavfsizlik xizmati izolyatorida ekani ma’lum bo‘lgan.

1 oktabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi jurnalistga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159-band 4-qismi bilan ayblov e’lon qildi.

Jurnalist 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda ayblanmoqda.

"Ochig‘ni aytaman: agar men Islom Karimov davrida qo‘lga olinganimda na MXX yerto‘lasidan na tergovdan tirik yoki sog‘ chiqishim dargumon edi... Muhtaram Prezident! Bugun siz olib borayotgan erkinlashtirish siyosati mazlum xalqimizning ehtiyojlaridan va shaxsan Sizning tashabbusingizdan kelib chiqqanini butun dunyo ko‘rib turibdi... Yurtimizda tashabbusingiz bilan shunday ezgu ishlar amalga oshirilayotgan ekan, ustimdan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish sudda odilona ko‘riladi va menga nisbatan odil hukm chiqariladi, deb umid qilaman", deya prezidentga murojaat yo‘llaydi mustaqil jurnalist.

Shu kunga qadar ​12ta xalqaro tashkilot - ​Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Chegara bilmas muxbirlar, Xalqaro Pen klub, Amnesty International va Human Rights Watch kabi tashkilotlari O‘zbekiston hukumatidan Bobomurod Abdullaev, shuningdek, Hayot Nasriddinov va Akrom Malikovni ozod etishni talab qilib kelmoqda.

Ayni paytda Bobomurod Abdullaev va uning sheriklari sifatida ko‘rilayotgan 3 fuqaro ustidan sud Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida o‘tkazilmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG