Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Bahrom Jo‘raevni 3 may kuni ishdan bo‘shatilgan xodimi Shavkat Ibratov pichoqladi. Bu voqeani tasdiqlagan MIB xodimlaridan birining aytishicha, ishdan noqonuniy bo‘shatilganini iddao qilgan sobiq xodim boshlig‘iga to‘rt marta pichoq sanchgan. Kasalxonada jarrohlik qilingan Bahrom Jo‘raevning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda qolmoqda.
Yakkabog‘ tumani Majburiy ijro byurosining boshlig‘i Bahrom Jo‘raev 3 may kuni o‘z ish kabinetida sobiq xodimi Shavkat Ibratov tomonidan pichoqlandi.
Bu xabarni tasdiqlagan Yakkabog‘ tumani MIBining ismi sir qolishini so‘ragan xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, boshlig‘ini pichoqlagan Shavkat Ibratov bundan bir oy oldin ishdan bo‘shatilgan edi:
“O‘sha kuni Shavkat Ibratov mast holatda kelib, byuroga kirgan. Uni hamma tanigani uchun hech kim yo‘lini to‘smagan. U to‘g‘ri boshliqning xonasiga kirib, Bahrom Jo‘raevga to‘rt marta pichoq urgan. Biz ham shovqin-surondan bilib qoldik. Darhol tez yordam chaqirildi va boshliqni kasalxonaga olib ketdi. Shavkat Qarshi tumanidan kelib ishlardi, bundan bir oylarcha oldin attestatsiyadan o‘tkazilmagan edi. Boshliq bilan o‘rtalarida nima gap o‘tganidan xabarim yo‘q”, dedi MIB xodimlaridan biri.
Ismi sir qolishini so‘ragan Yakkabog‘ tumani kasalxonasi vrachi Bahrom Jo‘raevning ahvolini “barqaror og‘ir”, dedi:
“Kasalning bugungi ahvoli, barqaror og‘ir. Ozgina yaxshi tomonga siljish bor. Xudo xohlasa endi vaqt davolaydi. Operatsiyadan keyin og‘irlashish yoki qon ketish holati kuzatilmadi. Oshqozon, jigarga, oshqozon osti beziga jarohat etgan, tomirlar kesilgan. Xirurglarimiz yaxshi qarashyapti. Hozir hushiga kelgan, gaplashib turibdi”, dedi kasalxona shifokori.
Yakkabog‘ tumani ichki ishlar bo‘limining navbatchisi bunday voqea rasman qayd qilinmaganini aytdi:
“Bizda bunday voqea qayd qilinmagan, xabarimiz yo‘q”, dedi navbatchi militsiya xodimi.
Ammo MIB xodimining aytishicha, 4 may kuni og‘ir tan jarohati yetkazishda gumonlanayotgan Shavkat Ibratov maxsus mashinada MIBga olib kelingan:
“Kecha Shavkatni aristonlar tashiydigan mashinada voqea joyiga militsiya xodimlari olib keldi va qanday qilib pichoqlagani holatlarini rasm va videoga olishdi”, deydi MIB xodimi.
Shavkat Ibratov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bo‘yicha ayblanayotgani haqida Ozodlik ma’lumot ololmadi.
O‘zbekistonda pichoq vositasida jonga qasd qilish holatlari ko‘p kuzatiladi.
7 aprel kuni Andijon shahridagi 10-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi shaharning 29-maktabida o‘qiydigan tengqurining yuragiga pichoq sanchib o‘ldirgan edi.
O‘tgan yilning 6 oktabr kuni 1- sonli Toshkent yuridik kolleji talabasi 2 kursdoshini pichoqlagan edi.
2017 yilning 18 avgustida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida uchastka noziri pasport tekshiruvi o‘tkazayotgan paytda pichoqlab o‘ldirilgan edi.