Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:25

Sobiq rektor: Huquqlarim buzilgani tan olingan BMT qarorini Hukumat e’tiborga olmayapti


Termiz davlat universiteti sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulov.
Termiz davlat universiteti sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulov.

Termiz davlat universitetining sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulovning Ozodlikka aytishicha, uning arizasi yuzasidan BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi 2017 yil avgustida chiqargan xulosada uning huquqlari buzilgani qayd etilgan.

Qo‘mita o‘z xulosasida Xalqaro fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi paktga a’zo davlat, ya’ni O‘zbekiston Allaqulovga huquqiy himoyaning samarali vositalarini taqdim etishi shartligini belgilagan.

Biroq Xidirnazar Allaqulovning Ozodlikka aytishicha, xalqaro tashkilot xulosasi chiqqaniga qariyb bir yil bo‘layotgan esada, uning huquqlarini tiklash yuzasidan qilayotgan barcha murojaatlari javobsiz qolmoqda.

Professor Allaqulovning aytishicha, uni BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga arz qilishga O‘zbekiston sudlari uni mutlaq oqlaganidan keyin ham ishga qayta tiklanmagani sabab bo‘lgan.

“Meni respublikaning 8 ta shahar va tumanidagi 14 ta sudning 30 dan ortiq sudyasi 3 yil sudladi. Sudlarning barchasi meni haq deb, davlat va uning organlarini nohaq, deb topdi. Sud 2006 yil, 23 fevralda menga nisbatan oqlov hukmi chiqardi. Bosh prokuratura ikki marta protest kiritdi. Lekin sudlar protestlarni rad etdi. Va 2007 yil, 5 iyundan e’tiboran oqlov hukmi uzil-kesil qonuniy kuchiga kirdi”.

O‘ziga oid bu ma’lumotlarni Ozodlikka murojaat qilgan Termiz davlat universitetining sobiq rektori, 14 yildan buyon ishsiz yurgan iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov OzodMikrofon formatidagi suhbat davomida keltirdi.

Surxondaryo viloyati markazidagi universitet rektori lavozimiga 2002 yili tayinlangan va 2004 yili bu lavozimdan bo‘shatilgan professor Allaqulov haqiqat izlab BMTning Inson huquqlari qo‘mitasiga ham arz qilganini aytib berdi.

Xalqaro qo‘mitaning 2017 yil avgustida chiqarilgan xulosasida arizachi bergan quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:

2004 yili unga (rektor Allaqulovga) nisbatan xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda yirik miqdorda firibgarlik qilganlik ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston ovozi” gazetasining 2004 yil, 20 may va 28 sentyabrь sonlarida “Holvani rektor, kaltakni student yeydimi?” degan sarlavha ostida ikkita maqola e’lon qilinadi.

Termiz davlat universiteti
Termiz davlat universiteti

Sobiq rektor o‘zining BMT qo‘mitasiga arizasida bir xil sarlavhali bu ikki maqolada u “o‘g‘ri”, “aferist”, “jinoyatchi”, “bosh aybdor”, deb atalgani va universitet byudjetidan pul mablag‘larini o‘g‘irlagani aytilgani to‘g‘risida yozgan.

Shundan so‘ng ishdan bo‘shatilgan rektor Allaqulov uch yil davomida o‘z boshidan 3 yilga cho‘zilgan "sud marafonini bosib o‘tadi" va oxir-oqibat uzil-kesil oqlanadi.

(Ozodlik mavzuni o‘rganar ekan, professor Allaqulov bilan “O‘zbekiston ovozi” gazetasi o‘rtasidagi mojaro O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasining ilmiy tadqiqoti ob’ekti bo‘lganini ham aniqladiki, xohlovchilar bu ish bilan Internetda “Xidirnazar Allaqulov”, deb izlov berib-topib tanishishi mumkin).

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi Xidirnazar Allaqulovning arizasi yuzasidan 2017 yil avgustida chiqargan xulosasining 9-bandida bunday deyilgan:

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi prof. Allaqulov arizasi yuzasidan 11 betlik xulosasining 1- beti
BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi prof. Allaqulov arizasi yuzasidan 11 betlik xulosasining 1- beti

“Paktning (Xalqaro fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘g‘risidagi pakt - tahr.) 2-moddasi 3-bandiga muvofiq ishtirokchi-davlat X.Allaqulovga huquqiy himoyaning samarali vositalarini taqdim etishi shart. Bu Paktda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari buzilgan shaxslarga to‘liq hajmda qoplashni, to‘lashni talab qiladi. Ushbu holatda ishtirokchi-davlat, jumladan: a) X.Allaqulovga adekvat, ya’ni to‘liq hajmda kompensatsiya taqdim etishi, shu jumladan mahrum bo‘lgan ish haqi va olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari va uning obro‘iga yetkazilgan ziyon, sudda ishni ko‘rish bilan bog‘liq sud harajatlari va ushbu Taqdimnomada ko‘rsatilgan buzulgan huquqlari uchun; b) X.Allaqulovga uning obro‘i, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘i tiklanishi uchun satisfaktsiya (qoniqishi)ning tegishli vositalarini shahar sudining 2009 yil 16 yanvar kunidagi qaroriga muvofiq taqdim etishi shart. Shu bilan birga ishtirokchi-davlat kelajakda bunday huquqbuzarliklar bo‘lmasligining oldini olish choralari ko‘rmog‘i shart”, deyilgan BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi Xidirnazar Allaqulovning arizasi yuzasidan 2017 yil avgustida chiqargan xulosasida.

Sobiq rektor, professor Allaqulov 15 may kuni Ozodlikka bergan suhbatida BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi xulosasini olganidan buyon prezident Mirziyoevga va uning davlat maslahatchilariga 8 marta yozma va 3 marta videomurojaat qilgani, biroq hanuzgacha bironta ham javob olmaganini aytdi.

“Men ishdan nohaq bo‘shatilganman va o‘z arizalarimda ishga qayta tiklashlarini talab qilayapman. Bu ishni och qolganimdan emas, toptalgan sha’nim va qadrimni tiklash uchun qilayapman”, - dedi Xidirnazar Allaqulov.

Nima uchun ishga qayta tiklashni so‘rab, Oliy ta’lim vaziriga emas, Prezidentga murojaat qilayapsiz, degan savolga javoban sobiq rektor O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 2005 yil 7 maydagi farmoyishi bilan oliy o‘quv yurtlari rektor va prorektorlarini tayinlash vakolati Vazirlar Mahkamasiga berilgani, boz ustiga, o‘sha farmoyishga binoan Hukumat rektor tayinlashni Prezident devoni ma’qulligini olganidan so‘ng amalga oshirishga haqli ekanligini aytdi.

2004 yili Termiz davlat universiteti rektori lavozimidan bo‘shatilganidan buyon ishsiz yurgan iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulovning OzodMikrofonga bergan suhbatini quyida tinglang..

Термиз давлат университети собиқ ректори Хидирназар Аллақулов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:48 0:00
Бевосита линк


XS
SM
MD
LG