Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:38

Mirziyoev Andijonda: Har yuz metrga ikkitadan melisa qo‘yildi, aholiga uydan chiqmaslik aytildi


19 may kuni Shavkat Mirziyoevning Andijonga tashrifi bois har yuz metrga fuqarolik kiyimidagi militsiya va soliq xodimlari qo‘yildi. Prezident korteji yuradigan yo‘nalishdagi hududlarda aholiga uydan chiqmaslik tayinlandi.

Har yuz metrda melisa va soliqchi

Andijondan olingan ma’lumotga ko‘ra, prezident tashrifi bois huquq-tartibot idoralari 19 may kuni ertalab soat 4dan “oyoqqa turgan”.

“Soat to‘rtda aeroportda razvod bo‘ldi. Yo‘llarda harakatlanish to‘xtadi. Xuddi Karimovni kutib olishga o‘xshagan vaziyat. Yo‘llar to‘silgan. Katta ko‘chalarga katta mashinalar qo‘yilib, to‘sildi. Har yuz metrga militsiya va soliq xodimlari ikkitadan tashlangan. Hammamiz grajdanskiy kiyimda turibmiz”, dedi o‘zi bevosita ushbu tadbirlarda ishtirok etayotgan huquq-tartibot idorasi xodimi.

Uyiga "qamalgan" andijonliklar

Andijonlik ayolning Ozodlikka aytishicha, prezident korteji yurishi rejalangan yo‘nalishlarda yashovchi aholi uydan chiqmaslik borasida ogohlantirilgan:

“Andijon shahridagi 5 mikrorayonda har bir dom oldiga odam qo‘yishdi. Hamma tashkilot xodimlari shu yerda. Aholiga “Derazangni yop, kallangni chiqarma” deb aytib chiqishdi”, dedi andijonlik ayol.

Shaharning Boburshoh markaziy ko‘chasida yashovchi ayol ham uyi oldida militsiya xodimlari yurgani haqida xabar qildi:

“Domimiz oldida bitta militsiya kiyimida va bitta grajdanskiy kiyimdagi odamlar yuribdi. Qo‘llarida ratsiya bor”, deya xabar yo‘lladi Bobirshoh ko‘chasida yashovchi ayol.

Shahar o‘qituvchilari qishloqqa jo‘natildi

Prezident tashrifi bilan bog‘liq vaziyatdan xabardor andijonlik mulozimning Ozodlikka aytishicha, 19 may kuni Andijon shahrida maktablar o‘qituvchilari prezident borishi rejalangan qishloqlarga jo‘natilgan.

“Masalan, 15, 4, 3- maktablar Ulug‘nor tumaniga jo‘natildi. Ular Ulug‘norda prezident boradigan joylarda aholini ko‘chaga chiqarmasdan ushlab turishadi. Bugun soat 20:00da Ulug‘norda prezident yig‘ilish o‘tkazadi. Prezident o‘sha yerda video selektor qilishi rejalashtirilgan. Andijon shahridagi selektor ishtirokchilari faqat ayollar bo‘lishi mumkin. Chunki erkaklar kelishini otmen qilishdi. Hozircha sababi ma’lum emas”, dedi andijonlik mulozim.

Tushdan keyin prezident korteji Ulug‘nor tumaniga ketgani xabar qilindi. Hozircha Ulug‘norda o‘tishi rejalangan yig‘ilishga oid tafsilotlar Ozodlikka ma’lum emas.

Prezidentning rasmiy saytidagi xabarga ko‘ra, Mirziyoev Andijonda viloyat faollari va mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazadi. Xabarda yig‘ilishga oid boshqa ma’lumot yo‘q.

Kadr o‘zgarishlari?

18 may kuni Ozodlik gaplashgan andijonlik rasmiylar¸ prezidentning Andijon tashrifi davomida bir qator kadr o‘zgarishlari kutilaëtganini bildirdi.

Андижон кутиш режимида – Ҳоким сараланган тарбиячи ва болаларни президент учун шоуга ҳозирламоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:01 0:00
Бевосита линк

“Aytishlaricha¸ viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovni Toshkentga o‘ziga maslahatchi qilib olib ketishi mumkin. Bu masala hal bo‘lgan shekilli¸ Abdurahmonov Andijondagi rus tili o‘qituvchilaridan rus tilidan dars olayapti. Ruschasini yaxshilashni so‘rashipti¸” deydi Andijon ta’lim sohasi mulozimi.

Ozodlik gaplashgan bir qator andijonlik mulozimlar ¸ prezident safari davomida andijonliklar tomonidan kutilayotgan katta voqea – shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning ishdan olinishi ekanini aytdi.

“Butun O‘zbekistonga so‘kong‘ich hokim deb tanilgan Rahmatullaevni prezidentning shaxsan o‘zi olib tashlaydi¸ degan gap hammaning og‘zida. Oladimi-yo‘qmi - anig‘ini kelib-ketgandan keyin bilamiz¸” -dedi shahardagi davlat tashkilotlaridan biri mutasaddisi.

So‘kong‘ichligi uchun roppa-rosa bir oy muqaddam shaxsan O‘zbekiston bosh vaziri tomonidan so‘nggi ogohlantirish olgan¸ sud hukmi bilan jarimaga tortilgan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning 15 may kungi yig‘ilishda mahalliy tashkilot rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini yana haqorat qilgani yozilgan audioga asoslangan xabar 18 may kuni Ozodlik tomonidan e’lon qilindi.

Андижон шаҳар ҳокими маҳаллий раҳбарларни яна сўкди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:58 0:00
Бевосита линк

Prezident hokimlarni o‘zining joylardagi rasmiy vakili deb e’lon qilib¸ ular faoliyatini huquqni muhofaza qiluvchi tizimlar nazoratidan ozod qilgani ortidan¸ viloyat va shahar hokimlarining noqonuniy hatti-harakatlariga tegishli chora ko‘rish¸ Ozodlik gaplashgan huquq tizimlari rasmiylariga ko‘ra¸ prezidentga qarshi harakat sifatida baholanadigan bo‘lib qolgan.

XS
SM
MD
LG