Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:57

Qudratli general Parpiev iste’fosi ortidan uning ikki polkovnik jiyani ishdan olindi


General-leytenant Botir Parpiev 14 yil Soliq qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlagan.
General-leytenant Botir Parpiev 14 yil Soliq qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlagan.

Andijon shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Parpiev 27 may kuni kechqurun ishdan olindi. Shu kuni, Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Anvar Parpiev ham lavozimidan ozod qilingan.

Bu haqda Ozodlikka Andijon va Buxoro viloyati ichki ishlar tizimida ishlaydigan militsiya xodimlari xabar qildi.

Shuhrat Parpievning ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risidagi xabarning hozircha rasmiy tasdig‘i yo‘q. Shuhrat va Anvar Parpievlarning ishdan olinganini ichki ishlar boshqarmasi mulozimlari tomonidan tasdiqlandi.

Bu ikki mulozim yaqinda Soliq qo‘mitasi rahbarligidan ketgan O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpievning jiyanlaridir.

Botir Parpiev esa O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatiga 1995 yildan 23 davomida raislik qilgan Rustam Inoyatovning qudasidir.

Ozodlikning ichki ishlar boshqarmalarida ishlaydigan manbalari Parpievlarning xavfsizlik va boshqa davlat boshqaruv organlarida turli lavozimlarni egallab kelganligini aytadilar.

Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, general Parpievning IIV da yuqori lavozimlarni egallab kelgan jiyanlari faoliyati ustidan tekshiruv boshlangan. O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi bu boradagi Ozodlik so‘roviga javob bermadi.

Andijon shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Parpiev 27 may kuni kechqurun viloyat ichki ishlar boshqarmasiga chaqirtirilib, shoshilinch tarzda o‘z vazifasidan ozod qilingan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan ichki ishlar mulozimlaridan birining aytishicha, ular ham boshliqning ishdan olinishi sababini bilmaydi:

“Biz ham hayron qoldik. Kecha, shunaqa gap bo‘ldi. Sababini aytishmayapti. Bugundan Shuhrat Parpiev ishga chiqmadi”, dedi mulozim.

Bu mulozim shu paytgacha bergan xabarlarning hammasi o‘z tasdig‘ini topgan.

Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Anvar Parpiev ham 27 may kuni kechqurun ishdan olingan.

Bu haqda Ozodlikka ismi sir qolishini so‘ragan militsiya xodimlaridan biri xabar qildi.

Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan ikki mulozimi Anvar Parpievning ishdan olinganini bir-biridan mustaqil ravishda tasdiqladi.

“Bugun Anvar Parpiev ishda yo‘q. Eshitishimcha, srochno Toshkentga chaqirtirilibdi. Qaysi sabab bilan ishdan bo‘shatilgani haqida xabarimiz yo‘q”, dedi Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi mulozimlaridan biri. Ikkinchisi ham aynan shu gapni aytdi.

Shuhrat Parpiev Andijon shahar IIB boshlig‘i lavozimiga 2017 yil martida tayinlangan.

Anvar Parpiev Buxoro viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga; 2017 yilning iyunida tayinlangan edi.

Prezident Karimov davrida qudratli generallardan hisoblangan Botir Parpiev O‘zbekiston Soliq qo‘mitasini 14 yil boshqardi va joriy yilning 11 mayida Prezident Mirziyoev tomonidan o‘z vazifasidan bo‘shatilib, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisi etib tayinlangan.

Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi Ozodlikka bergan ma’lumotlarga qaraganda, Shuhrat va Anvar Parpievlar O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpiev ukalarining o‘g‘illaridir.

Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, shuningdek, Shuhrat Parpiev va unga yaqin bo‘lgan odamlarning mol-mulkini "xatlash boshlanganini" qo‘shimcha qildi.

Botir Parpiev 1946 yilda Andijon viloyatida, militsiya general-mayori Rahmat Parpievning oilasida tug‘ilgan.

1992-1996 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘i, 1996-1998 yillarda O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, 1998-2002 – O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2002 yilning iyun oyidan dekabr oyigacha – O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri, 2002-2004 – O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan, 2003 yilda bojxona xizmati general-leytenanti unvonini olgan.

2004 yildan buyon Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

XS
SM
MD
LG