Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:01

Qoraqalpog‘istonlik pensioner: “Osmondan tuz yoqqanini birinchi ko‘rishim”


Qoraqalpog‘istonda tuz yomg‘iri
Qoraqalpog‘istonda tuz yomg‘iri

Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatining bir qator tumanlariga 26-27 may kunlari yoqqan qum-tuz yomg‘iri, 28 mayning tongiga kelib to‘xtadi. Ozodlik suhbatdoshlarining aytishicha, ular bunday ekologik fojiani hayotlarida ilk bor ko‘rdilar. Barcha ekinzor va daraxtlarni oppoq tuz qatlami qoplab oldi, nafas olish qiyinlashdi. Dehqonlar hosil taqdiridan xavotir olmoqda.

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanida yashaydigan 80 yashar Temirbek bobo bunday ekologik fojiani hayotida birinchi bor ko‘rganini Ozodlikka aytdi:

- Buni katastrofa desa ham bo‘ladi. Bir sutka osmondan tuz yog‘di. Quyosh ko‘rinmay qoldi. Hamma joy qor yoqqandek oppoq bo‘ldi. Tomorqadagi ekinlarni va daraxtlarni suv bilan yuvib chiqdim. Hozircha ekinlarga ta’siri bilingani yo‘q, qani bir-ikki kun o‘tsinchi nima bo‘larkin? Yoshim saksonga boryapti, lekin bunaqasini ko‘rmaganman. Avval qattiq shamol bo‘lganda, chang qum olib kelardi. Lekin tuz yoqqanini endi ko‘rishim, Orolni quritganimiz uchun tabiat bizdan endi qasos olishni boshladi, deydi Temirbek bobo.

Оролга яқин минтақаларда туз бўрони кузатилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:02 0:00

Chimboy tumanida yashaydigan dehqon Farhodning aytishicha, bo‘ron 27 mayga o‘tar kechasi tunda boshlangan:

- Bo‘ron tunda boshlandi. Ertalabgacha hamma joy oppoq bo‘lib qoldi. Kunduzi sal nariroq joyni ko‘rish imkonsiz bo‘lib qoldi. Qozog‘iston televideniesi bu bo‘ron qurib qolgan Oroldan ko‘tarilganini aytdi. Mening tomorqam ham oppoq bo‘lib yotibdi. Hosilga zarar qiladimi yoki yo‘qmi, buni hozir hech kim aytib berolmaydi., vaqt ko‘rsatadi, deydi Farhod.

Farhodning aytishicha, barcha ekinzor va bog‘larni oppoq tuz qatlami qoplab olgan:

“Bu fojianing oqibati qanday bo‘lishi haqida hozir hech kim bilmaydi. Bunaqa holat birinchi bor bo‘layotgani uchun hamma hayron. Hech kim nima qilishini bilmaydi. Ba’zilar ekinlari changini qoqib chiqyapti, ba’zilar o‘z holiga tashlab qo‘ygan”, deydi Farhod.

Ozodlik Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi bilan bog‘lanib, bu fojianing oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘radi.

Vazirlik kengashi kotibiyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi hozircha bu haqda hech qanday topshiriq bo‘lmaganini aytdi:

“Bilmadim, balki tegishli tashkilotlar biror narsa qilayotgandir. Balki Qishloq xo‘jaligi vazirligiga topshiriq berilgandir. Hozircha bizga bu haqda hech qanday topshiriq bo‘lmagan”, dedi kotibiyat mulozimi.

Mulozim bu haqda kim bilan gaplashish mumkinligi haqida ham hech narsa bilmasligini aytdi.

Qoraqalpog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi telefonlari esa javob bermadi.

Ma’lum bo‘lishicha, bo‘ron Navoiy va Buxoro viloyatlarida hamda Turkmanistonning Dasho‘g‘iz viloyatida ham kuzatilgan.

O‘zgidrometga ko‘ra, mamlakatning shimoli-g‘arbidan sekundiga 20 metr tezlikda esgan kuchli shamol qum-tuz to‘zonini ko‘targan.

Shirkatning bildirishicha, Toshkentdan Urganch orqali Moskvaga uchayotgan NU-55 reysi poytaxtdan mahalliy vaqt bilan soat 10:00da uchgan. Biroq samolyot bo‘ron oqibatida Urganchga bora olmagan va Buxoro aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Bundan tashqari qum bo‘roni oqibatida “Toshkent-Urganch-Buxoro” reysi Nukusdagi zahira aerodromidan amalga oshirilgan. Bu reys ham 4,5 soatga kechikkan.

27 may kuni Nukus shahridagi kuzatish maydonida havodagi changning miqdori me’yordan 3 karra ko‘p ekanli qayd etildi. Bu kabi holat Qoraqalpog‘istondan tashqari, Xorazm viloyatida ham kuzatilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Gidrometeorologiya boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Sinoptiklarga ko‘ra, shanba kuni Qoraqalpog‘iston hududida havo ochiq bo‘lib, shamol tezligi shtil holatida kuzatilgan. Havoning harorati kunduzi 37-39 darajagacha ko‘tarilishi natijasida tuproqning yuqori qatlamidagi qoplangan namliklar bug‘lanib, 1-10 santimetr qalinlikda qurg‘oqchilik paydo bo‘lgan. 27 may kuni esa shimoliy-g‘arbiy tomondan kelgan sovuq havo oqimi ta’siri bilan shamolning tezligi 10-15 metr sekunddan 22-27 metr sekundgacha yetgan. Bu shamol kuchi ta’sirida paydo bo‘lgan qurg‘oq tuproqning ko‘tarilishiga olib kelgan.

XS
SM
MD
LG