Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:08

O‘zbekiston g‘arbida tuz yomg‘iridan keyin bemorlar ahvoli og‘irlashdi, ekinlar qurib qolmoqda


Qoraqalpog‘istonda yuz bergan qum va tuzli bo‘rondan keyin o‘simliklardan tuz ketmayapti
Qoraqalpog‘istonda yuz bergan qum va tuzli bo‘rondan keyin o‘simliklardan tuz ketmayapti

Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatida 27 may kuni yoqqan tuz yomg‘irining odamlar salomatligiga va qishloq xo‘jalik ekinlariga ta’siri sezila boshladi.

Ozodlik suhbatlashgan dehqonlarning aytishlaricha, tomorqalardagi ekinlar qovjirab, o‘sishdan to‘xtab qolmoqda.

Qoraqalpog‘iston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ko‘rilgan zarar miqdori hisoblanayotganini Ozodlikka aytdi.

Ayni paytda, Xorazm viloyat hokimligi mulozimi tuz bo‘ronidan umuman zarar ko‘rilmaganini bildirdi.

Tabiiy ofat odamlar salomatligiga qanday ta’sir qildi?

Ijtimoiy tarmoqlar mushtariylari, Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi bu tabiiy ofatga rasmiylar yetarli e’tibor bermayotgani, mahalliy hokimiyatlarning zarar ko‘rganlarga yordam bermayotgani va bu holatni yashirishga urinayotgani haqida yozmoqdalar.

Jumladan, mushtariylardan biri Feysbukda bu haqda shunday deb yozdi:

“Bu ofatning odamlarga ta’siri yaxshi deb bo‘lmaydi, davleniyasi bor odamlarning ahvoli og‘irlashgan, ekinlarimiz qovjirab qurib qolmoqda, dehqonchilik katta talafot ko‘rdi, lekin insonlarniki undan yomonroq. Meditsina xodimlari qaerda, sog‘likni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘istonga kelishga qo‘rqib, jim yashirinib o‘tiribdimi. To‘g‘ri, bunday ekologiyaga kelishni kim ham xohlardi”.

Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida yashaydigan 63 yashar O‘g‘iljon opaning aytishicha, nafas olish qiynlashgani sababli vaqtincha boshqa joyga borib yashashga qaror qilgan:

"Menda ham davleniya, ham nafas qisish kasali bor. Uch kun oldin osmondan chang va tuz yoqqanidan keyin qon bosimim ham ko‘tarildi, nafas olish ham qiynlashib qoldi. Yoshlar hech narsa bilmaganday yurishibdi, lekin kasali bor odamlarga qiyin bo‘lib qoldi. Shuning uchun, vaqtincha Toshkentdagi qizimning uyiga borib yashab turishga qaror qildim. Nasib qilsa, ertaga jo‘nayman", deydi O‘g‘iljon opa.

Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligining davolash boshqarmasi boshlig‘i Odilbek Rajapovning Ozodlikka aytishicha, respublikada chang-tuz tabiiy ofatidan keyin hech qanday favqulodda holat kuzatilmagan, odamlarning shifkorlarga murojaat qilish holati ko‘paymagan.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi mutaxassisi, ximiya fanlari nomzodi Sharbay To‘ramurodovning Ozodlikka aytishicha, respublikaga yoqqan tuzning kimyoviy tarkibi o‘rganib chiqilmoqda:

- Bu tuzning tarkibini o‘rganish uchun davlat tomonidan maxsus komissiya tashkil qilindi. Hozir ular shuni o‘rganishyapti. Bu tabiiy ofatdan keyin odamlar orasida qaerdadir bomba portlagan degan vahima bo‘lib ketdi. Keyin men tekshiruvning ilk xulosalarini ommaga taqdim etdim. Birinchi tekshiruvdan bu tuzning tarkibida radioaktiv moddalar, og‘ir metallar, zaharli ximikatlar yo‘q ekanligi aniqlandi. Laboratoriya tekshiruvlari hali davom etyapti, - dedi Sharbay To‘ramurodov.

"Ekinlarni suv bilan yuvsak ham, qovjirab qolyapti"

Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida yashaydigan, o‘zini Mahmud, deb tanishtirgan dehqon uch kun oldin sodir bo‘lgan tabiiy ofat – chang-tuz yomg‘iridan keyin tomorqasidagi ekinlarini bir sidra suv bilan yuvib chiqqan bo‘lsa ham, ekinlari qovjirab qolayotganini Ozodlikka aytdi:

- Bu ofatdan keyin yosh ko‘chatlarning hammasi o‘lib qoldi, kattaroqlari esa bir xil shalpayib turibdi, o‘zgarish yo‘q. Bo‘yi besh santimetrga yetib qolgan sholi, pomidor tamom bo‘ldi. Qurib-qovjirab qolyapti, dedi Mahmud.

Bu dehqon tomorqasida qurib qolayotgan ekinlarni rasm va videoga olib Ozodlikka yubordi.

Экинларнинг туз ëмғиридан кейинги аҳволи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:24 0:00

Qoraqalpog‘iston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, tabiiy ofatdan zarar ko‘rilganini tan oldi:

“Hozir bu bilan maxsus guruh mutaxassislari shug‘ullanyapti. Uch-to‘rt kun ichida hisob-kitob qilib, keyin natijasini aytamiz”, - dedi mulozim.

Xorazmda ham ekinlar quriyapti, lekin hokimlik buni rad etmoqda

Xorazm viloyat hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 27 may kuni chang-tuz bo‘ron viloyatning barcha tumanlarida sodir bo‘lgan.

Lekin, Ozodlik bilan suhbatda o‘zini tanishtirmagan mulozim, viloyat qishloq xo‘jaligi bu bo‘rondan "umuman zarar ko‘rmaganini" aytdi.

Ozodlikning Telegram ijtimoiy tarmog‘iga bog‘langan xorazmliklar esa, chang-tuz yomg‘iridan ekologik holat yomonlashgani, odamlarning nafas olishi qiyinlashgani, ekinlarning nobud bo‘layotgani haqida yozmoqdalar.

Xorazm viloyatining Shovot tumanida yashaydigan Darmongulning aytishicha, tomorqasidagi mevaga kirgan pomidorlar qovjirab qolmoqda:

- Birinchi aprelda tomorqaga pomidor ko‘chat qilgandik. Hozir piyoladay hosil solgan. Tuz yoqqanidan keyin ertasi kuni suv bilan yuvib tashladik. Lekin barglari qovjirab qurib qolyapti, dedi Darmongul.

Gurlan tumanida yashaydigan 70 yashar dehqon Aminboy akaning aytishicha, dehqonlar xavotirga tushib qolgan:

“Yomon bo‘ldi, ekinlar endi odam bo‘ladimi yoki yo‘q, hozircha bilmaymiz. Hatto mollar ham tuz tekkan o‘tni emay qo‘ydi. O‘tni o‘rib, qoqib bermasak mol yemayapti”, deydi Aminboy aka.

Chang-tuz bo‘roni qaerdan keldi?

Qoraqalpog‘iston Gidrometeorologiya boshqarmasining boshlig‘i Aybo‘sin Qidirniyazovning Ozodlikka aytishicha, 26 may kuni Qoraqalpog‘istondan boshlanib, Xorazm, Buxoro viloyatigacha yetib borgan chang-tuz bo‘roni, Orol dengizining qurib qolgan mintaqasidan emas, balki Ustyurt cho‘llaridan boshlangan.

“Bu bo‘ron shimoliy-g‘arbiy tomondagi Ustyurt cho‘llaridan keldi. Sovuq havo oqimi kelishi oldidan besh-olti kun avval juda issiq kunlar bo‘lgan. Havoning harorati 39 darajagacha ko‘tarilishi oqibatida tuproqning yuqori qatlamidagi namlik bug‘lanib, qurib qolgan. G‘arb va shimoliy -g‘arbdan kelgan kuchli shamol tuproqning yuqori qatlamini ko‘targan va Qorqalpog‘iston, Xorazmni qoplab, Buxoro viloyatigacha borgan. Bu kuchli shamol 16 soat davom etgan", deydi Qoraqalpog‘iston Gidrometeorologiya boshqarmasining boshlig‘i Aybo‘sin Qidirniyazov.

XS
SM
MD
LG