25 may kuni Bekobod tibbiyot kollejining (Toshkent viloyati) uchinchi bosqichida o‘qiyotgan qizning jonsiz tanasi o‘z uyidan topildi.
Marhuma yashagan oilaning qo‘shnilari o‘quvchi o‘zining tomiriga ukol qilgan bo‘lishi mumkin va ehtimol u o‘sha in’eksiya oqibatida o‘lgandir, deb taxmin qilmoqda.
Kollej rahbariyatidan olingan ma’lumotga qaraganda, o‘quvchi qiz otasining dorixonasida amaliyot o‘tayotgan edi.
Mazkur voqea yuzasidan prokuratura tekshiruv boshlagan.
Bekobod tibbiyot kollejining farmatsevtika bo‘limi uchinchi bosqich o‘quvchisi Z.S.(o‘quvchi qizning ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum – tahr.) 25 may kuni o‘z uyida jonsiz topildi.
Marhuma yashagan oila qo‘shnilaridan biri Ozodlik muxbiri bilan muloqot davomida bo‘lajak dorishunos o‘zini o‘zi ukol qilib o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi:
“Bu qizning ota-onasi aptekachilar. O‘sha kuni u onasi bilan aptekada birga ishlayotgan bo‘lgan. Keyin qaysi bir ish bilan onasi uni uyiga yuborgan. Hech kelavermagach, xavotirlanib telefon qilsa, shunaqa voqea bo‘lgan ekan. Aytishlaricha, qiz uyiga kelib xonasiga kirganu qo‘l tomiriga qandaydir ukol qilgan. Men anig‘ini bilmaymanu, adrenalin qilgan deyishyapti. Keyin tez yordam chaqirishgan, lekin tez yordam kelganda, u jon taslim qilib bo‘lgan ekan. Biz chiqqanda morgga olib ketishdi”, deydi qo‘shnilaridan biri.
Uning aytishicha, o‘quvchi qizning ota-onasi va qo‘shnilar u o‘z joniga qasd qilgan, deb o‘ylayapti va buning sababini hech kim bilmayapti.
Bekobod tibbiyot kolleji direktori o‘rinbosari Mohira Berduqulovaning Ozodlikka aytishicha, o‘quvchi qiz amaliyotda bo‘lgan:
- Rosa odobli, yaxshi qiz edi. Problemasi yo‘q edi. Uylarida biror gap bo‘lganmi, yo‘qmi, biz bu narsani aniq bilmaymiz. Uchinchi kurslar hozir praktikada edi, u dadasining dorixonasida praktika qilib turgandi. Biz ham hayron qoldik. Tibbiy ekspertiza “doridan zaharlanish”, deb beribdi. Qolganini prokuratura o‘rganyapti, dedi Mohira Berdiqulova.
Bekobod shahar ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, 25 may kuni shunday vqoea bo‘lganini tasdiqlar ekan, bu ishni shahar prokuraturasi tekshirayotganini aytdi.
Bekobod shahar prokuraturasining mulozimi telefon orqali bu haqda ma’lumot berilmasligini aytdi.
O‘zbekistonda maktab va kollej o‘quvchilari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payayotganligi kuzatilmoqda.
Jumladan, o‘tgan oy davomida Ozodlik o‘z joniga qasd qilgan 3 nafar maktab o‘quvchisi haqida xabar bergan edi.
Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumani Qo‘qonovul mahallasida 54-sonli maktabning 9 sinf o‘quvchisi F.J 17 may kuni o‘z uyining yerto‘lasida osilgan holda topilgan edi.
3 may kuni Toshkentning Yashnobod tumanidagi 69-son maktab o‘quvchisi o‘z uyida osilgan xolda topilgandi.
17 aprel kuni esa Samarqand tumani 45-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi o‘z uyi molxonasi ustuniga o‘zini osgani haqda qo‘shnilari Ozodlikka ma’lum qilgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilning 9 noyabr kuni Samarqand viloyat Xalq deputatlari kengashida qilgan chiqishida¸ viloyatdagi dolzarb muammolar qatorida ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish darajasining yuqoriligicha qolayotganini tilga olgan edi.
“Bu ko‘rsatkich 145 tani tashkil etadi”¸ degan prezident¸ bu raqamning qaysi davrga oid ekanini ham¸ ayollarni o‘zini o‘ldirishga majburlayotgan omillarni ham aniqlashtirmagan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, 2010 yilda har 100 ming o‘zbekistonlikdan 7 nafari o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa¸ 2016 yilga kelib¸ bu nisbat har yuz mingdan 9,2 ni tashkil qilgan.
Bu tashkilotning 2016 yilgi hisobotiga ko‘ra¸ o‘z joniga qasd qilish dunyo bo‘ylab 15-29 yoshdagilar o‘rtasida eng ko‘p uchraydi va keyingi yillarda suitsid 15-19 yoshdagi qizlar o‘rtasidagi o‘limning birinchi sababiga aylangan; o‘zini o‘ldirayotganlarning 80 foizga yaqini kambag‘al yoki o‘rtahol oilalardan.