Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:09

Prokurorning va’dasiga ishonib O‘zbekistonga qaytgan qidiruvdagi dindorlar aeroportda qo‘lga olindi


Aka-uka Abrol va Shuhrat Do‘smuhammedovlar Toshkent aeroportida. 2018, 28 may.
Aka-uka Abrol va Shuhrat Do‘smuhammedovlar Toshkent aeroportida. 2018, 28 may.

Besh yildan buyon qidiruvda bo‘lgan toshkentlik aka-uka Abrol va Shuhrat Do‘smuhammedovlar qamalmasligi haqidagi prokuror va’dasidan so‘ng 28 may kuni Istanbuldan Toshkentga qaytgach, aeroportda qarindoshlariga birrov ko‘rsatilganidan so‘ng qo‘lga olindi.

Aka-ukalar avval shahar prokuraturasida, so‘ngra Bosh prokuraturada so‘roq qilinganidan so‘ng Toshturmaga kiritildi.

Do‘smuhammedovlarning yaqinlari, prokuror prezident Shavkat Mirziyoevning ko‘rsatmalariga zid holda ularni aldaganligidan shikoyat qilmoqda.

Diniy ayblovlar bilan ayblangan aka-uka Do‘smuhammedovlar 2013 yilning fevralida O‘zbekistonni tark etgan edi.

Aeroportdayoq ushlandi

Toshkentning Shayxontohur tumanida yashagan 56 yashar Abrol va 53 yashar Shuhrat Do‘smuhammedovlar 28 may kuni Istanbul-Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga qaytgach, militsiya xodimlari tomonidan ushlandi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Shuhrat Do‘smuhammedovning xotini Maxsuda Do‘smuhammedovaning so‘zlariga ko‘ra, u eri va qaynisini birrov ko‘rishga ulgurgan, xolos:

- Mening xo‘jayinim Prezidentimiz qarorlariga ishonib, qamamas ekanlar deb, akalari bilan birga 28 may kuni qaytib kelishdi. Aeroportdan olib chiqishdiyu, besh minut ham gaplashmasimizdan ularni GUVDga olib ketishdi. Bir sutkadan keyin MVDga o‘tkazib yuborishdi. Yana bir kundan so‘ng esa davlat yollagan advokati telefon qilib, ular Toshturmaga o‘tkazildi, deb aytdi, deydi Maxsuda Do‘smuhammedova.

Prokuror va’dasida turmadi

Maxsuda Do‘smuhammedova Toshkent shahar prokurorining eri va qaynisi shu oy oxirigacha qaytib kelsa qamalmaydi, degan gapiga chippa-chin ishonib, ularni qaytishga ko‘ndirganini aytadi:

- Men 25 may kuni Toshkent shahar prokuraturasining 16-bo‘limi prokurori Jahongir Ismoilovning qabuliga borib, erim qaytib kelmoqchilar, qamamaysizlarmi deb so‘radim. U kishi, “hozir avf oyi bo‘lyapti, oyning oxirigacha kelsalar hammasi yaxshi bo‘ladi. Qamoq ehtiyot chorasini o‘zgartiramiz, ochiqda yurib tergov beradilar. Men o‘zim kutib olaman, xavotir olmang”, deb va’da berdi. Men o‘n martadan ko‘p qayta-qayta, “rostdanmi, xat qog‘oz qilib bermaysizmi”, deb so‘rasam, yo‘q, qamamaymiz, dedi. Keyin Bahodir degan GUVD xodimi telefon qilib, bilet olsalar kopiyasini menga bering, dedi. Men erim bilan gaplashib, kelaveringlar, prokuror va’da berdi, dedim. Lekin, bizni aldashdi, prezident aytganlariga teskari ish qilishdi,- dedi Maxsuda Do‘smuhammedova.

Suhbatdoshning aytishicha, uning eri Shuhrat Do‘smuhammedov Toshkentda tadbirkorlik bilan shug‘ullangan, oddiy namozxon bo‘lgan va hech qanday diniy tashkilotlar faoliyatida ishtirok etmagan:

- Erim besh mahal namozini kanda qilmaydigan oddiy odam. Davlat va siyosat bilan ishi bo‘lmagan. 2012 yilda uning bir qancha namozxon tanishlarini qamoqqa olishni boshlashganda, u ham akasi bilan yashirinishga majbur bo‘lgan va keyin mamlakatdan chiqib ketgan edi. Keyin uni qidiruvga berishgandi, deydi Maxsuda Do‘smuhammedova.

"Qamoq va qiynoqdan qo‘rqib vatanni tark etishga majbur bo‘lgan edi"

Shuhrat Do‘smuhammedov akasi Abrol bilan birga O‘zbekistonni 2013 yilning fevralida tark etgan.

Abrol Do‘smuhammedovning ayni paytda Turkiyada yashayotgan xotini Zamira Do‘smuhammedovaning Ozodlikka aytishicha, uning erini 2012 yilda bir oy Toshkent shahar IIBBda asossiz ushlab, qiynoqqa solishgandan so‘ng, ukasi bilan mamlakatdan chiqib ketgan:

- Bir oy ushlab turib, qiynab, qo‘yib yuborishdi. Keyin yana o‘sha yilning dekabrida militsiya xodimlari uyga kelishdi. O‘sha paytda xo‘jayinim uyda yo‘q edi. Xo‘jayinimning bir necha o‘rtoqlarini olib borib qiynoqqa solgan, bir o‘rtog‘i o‘lgan payt edi. Bizga ham shunday kun keladi deb, keyin mamlakatdan chiqib ketishdi. Olti oydan so‘ng ortlaridan men ham to‘rt bolam bimlan Turkiyaga bordim. Bir azob bilan yashadik. Mana prezident o‘zgarib, yaxshi xabarlar kela boshladi. Xo‘jayinim ham endi vatanga qaytamiz, bizni hech qanday aybimiz yo‘q, deyishdi. Uydan yaxshi xabarlar kelganidan so‘ng, uch kun ichida bilet olib jo‘nab ketishdi. Lekin aeroportdan ushlab olib ketib, qamab qo‘yishibdi,- dedi Zamira Do‘smuhammedova.

Aka-ukalar nimada ayblangan?

Aka-uka Do‘smuhammedovlarning davlat tomonidan tayinlangan advokati Shohidaning (advokat familiyasini Ozodlikka aytmadi – tahr.) aytishicha, Abrol va Shuhrat Do‘smuhammedovlar O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244- moddaci, birinchi va ikkinchi qismi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish; diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan ayblanib, qidiruvga berilgan bo‘lgan:

- Ular qidiruvda bo‘lgan, mana o‘zlari kelishdi, endi o‘shanga qarab tekshirishadi. Keyin avf etish tadbiq qilinadi. Bularni sirtdan qamoqqa olishga avval qaror qilingan, endi o‘shani otmen qilish kerak. Menimcha, hozir shu narsani hal qilishyapti,- dedi advokat.

Ozodlik Toshkent shahar prokuraturasining 16-bo‘lim prokurori Jahongir Ismoilov bilan bog‘landi. Prokuror bu haqda telefon orqali hech qanday ma’lumot bermasligini aytdi.

Qaytganlar va qaytmoqchi bo‘layotgan qidiruvdagilar

O‘zbekiston Prezidentining "qora ro‘yxat"ga tushgan dindorlarni qayta tekshirib vatanga qaytarish haqidagi topshirig‘idan keyin, ommaviy bo‘lmasada, ammo qidiruvdagi shaxslarning mamlakatga qaytishi kuzatilmoqda.

Joriy yilning mart oyida Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan qidiruvga berilgan marg‘ilonlik Botirjon Ibragimov to‘rt yildan so‘ng o‘z ixtiyori bilan xorijdan O‘zbekistonga qaytdi.

4 yildan buyon Qirg‘izistonda yashab yurgan namanganlik Baxtiyor Hamroev 28 mart kuni O‘zbekistonga qaytib keldi. Namanganga yetib kelishi bilanoq shahar ichki ishlar bo‘limiga borib, “taslim bo‘lgan” Baxtiyor 1-2 soatga cho‘zilgan suhbatdan so‘ng qo‘yib yuborildi

4 farzandning otasi, 48 yashar kattaqo‘rg‘onlik Muhiddin Sayfullaev O‘zbekistonda diniy motivlar bilan jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, qidiruvga berilgani uchun 13 yildan Misrda yashamoqda. Ozodlik bilan suhbatda Sayfullaev yaqinda O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridan vatanga qaytishiga izn beruvchi kafolat xatlari olganini aytdi.

Besh yildan buyon Turkiyada qochqinlikda yashayotgan samarqandlik O‘tkir Rasulov ham O‘zbekistondagi o‘zgarishlardan so‘ng vatanga qaytish haqida Ozodlikka gapirgan edi.

Prezident siyosati

2017 yil 15 iyunda prezident Mirziyoev mamlakat imomlari va diniy xizmatchilar ishtirokida o‘tkazgan videoselektor majlisida "qora ro‘yxat"ga tushgan dindorlarni qayta tekshirish, qamoqdagi dindorlarning oilasi bilan ishlash haqida topshiriq bergan edi

2017 yilning 1 sentabrida Toshkentdagi Xasti Imom masjidi hovlisidagi Baroqxon madrasasida imom xatiblar bilan uchrashar ekan, prezident "qora ro‘yxat"da turgan 17 ming musulmondan 16 ming nafari ro‘yxatdan chiqarilganiva ulardan 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlanganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG