Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:58

Sud hukmiga qaramay maktab direktori vazifasida qolayotgan ayol erini pichoqlaganlikda gumonlanmoqda


Qo‘qon shahridagi 33- umumta’lim maktabi
Qo‘qon shahridagi 33- umumta’lim maktabi

Qo‘qon shahridagi 33-umumta’lim maktabi direktori Shoira Muratova 2 iyun kuni kechasi eri Rustam Muratovni pichoqlaganlikda gumonlanmoqda. Qo‘qon shahar ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi: Vrachlar Muratovning hayotini saqlab qolgan.

Qo‘qon shahar ichki ishlar bo‘limi mulozimi 8 iyun kuni Ozodlik muxbiri savoliga javoban bunday dedi:

"Ha, bu voqea 2 iyun kuni kechasi bo‘lgan. Er o‘lmagan, kasalxonaga yotqizilgan. Hozir bu ish yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda. Boshqa tafsilotlarini ayta olmayman", dedi mulozim.

Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limining yuristi Qosimxon Jalilov ham mazkur hodisa yuzasidan idorada surishtiruv olib borilayotganini Ozodlikka aytdi:.

"Hozir men ichki ishlardan Shoira Muratovaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildimi yoki yo‘qmi, qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, qaysi modda bo‘yicha, shuni aniqlayapman. Xalq ta’lim bo‘limi hozir bu masalani o‘rganyapti, keyin xulosa beradi”, dedi Qosimxon Jalilov 7 iyun kuni.

Qo‘qon shahar tez tibbiy yordam kasalxonasidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, Rustam Muratov 2 iyun kuni kechqurun qornidan o‘tkir tig‘ bilan jarohatlanish tashxisi bilan qabul qilingan va unga yengil jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Ismi sir qolishni so‘ragan shifokorning aytishicha, ertasi kuni soat 18da Rustam Muratovni yaqinlari uyiga olib ketgan.

Maktab o‘qituvchilaridan birining aytishicha, Muratovlar oilasidagi janjal pedagoglar orasida xavotirga sabab bo‘lmoqda.

“Eri og‘ir ahvolda Qo‘qon shahar tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga olib kelingan. Shifoxonaga zudlik bilan shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Komil Bobojonov yetib kelgan. U voqeani o‘rganib, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mudiri Ma’ruf Turdimatov va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Ravshan Rasulovlarni chaqirtirdi. Rasmiylar voqeani bosti-bosti qilishlari ham mumkin”, deya iddao qildi o‘qituvchi.

Ozodlikda oilaviy janjal nimadan kelib chiqqani haqida ma’lumot yo‘q.

Shoira Muratovaning o‘zi Ozodlikning "Eringizni nega pichoqladingiz?" degan savolini eshitib, ajablanmadi va darhol quyidagi javobni berdi:

"Hech qanaqa unaqa voqea bo‘lmagan. Kechirasiz, mening siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q",- dedi Shoira Muratova.

Ismi oshkor etilishini istamagan ayrim hamkasblarining Ozodlikka ma’lum qilishicha, 2 iyun kungi oilaviy mojarosi, boz ustiga undan oldin chiqqan sud hukmiga qaramasdan 44 yashar Shoira Muratova maktab direktori sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Direktor avval qanday jinoyatda ayblangan edi?

Ozodlik bilan suhbatlashgan 33 - maktab o‘qituvchilari shu yili byudjet mablag‘larini talon-taroj qilishda ayblanib, sudga tortilganidan keyin ham Muratovaning direktorlik lavozimidan bo‘shatilmagani o‘zlari uchun jumboq bo‘lib qolayotganini aytishmoqda.

Maktab o‘qituvchilari Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi sudlov hay’atining Shoira Muratova apellyatsiyasi bo‘yicha chiqargan ajrimi nusxasini Ozodlikka taqdim qildi.

Sud ajrimidan nusxa
Sud ajrimidan nusxa

Unda yozilishicha, Shoira Muratova Qo‘qon shahar sudining 22 yanvardagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 167-, 209-, 59-, 45- moddalari bilan ayblanib, bir yil mansab lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan.

Sud ajrimidan nusxa
Sud ajrimidan nusxa

Shoira Muratova sudning bu hukmidan norozi bo‘lib, yuqori instansiya sudiga apellyatsiya shikoyati yozgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi sudlov hay’atining joriy yil 24 martida chiqargan ajrimida, “Sudlangan Sh.Muratovaning sud hukmida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikdagi aybi, o‘zining sudda aybiga iqror bo‘lib bergan ko‘rsatmasidan tashqari, fuqaroviy da’vogar, guvohlarning ko‘rsatuvlari, shuningdek tekshirish dalolatnomasi va boshqa dalillar bilan isbotlangan"i aytiladi.

Ajrimda yozilishicha, “ish holatiga ko‘ra, Sh.Muratova bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, mansab mavqesini suiiste’mol qilib, byudjet mablag‘ini rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilgan".

Lekin, sudlov hay’ati Shoira Muratova ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatni birinchi bor sodir etgani, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani, jinoyatni ochishda faol yordam bergani va yetkazilgan ziyonni qoplagani uchun undan 167-moddani olib tashlaydi va boshqa moddalarni o‘z kuchida qoldiradi.

Garchi sudning mart oyida chiqqan bu ajrimida Shoira Muratova 1 yil mansab lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa-da, u direktorlik faoliyatini davom ettirmoqda.

Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limining yuristi Qosimxon Jalilovga ko‘ra, ​Shoira Muratovaning ishda qolish-qolmasligi masalasi muhokama qilinmoqda.

"Insonga pichoq ko‘targan pedagog maktabga direktor bo‘lishi noto‘g‘ri, albatta", - Qosimxon Jalilov

XS
SM
MD
LG