Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga uch yil rahbarlik qilgan Muzaffar Pardaev hibsga olingan. Bu haqda Ozodlikning O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasiga yaqin ikki manbasi bir-biridan mustaqil ravishda xabar qildi.
Bu ikki manbaning bir xil ma’lumotlariga ko‘ra, “yirik kamomad”da gumonlanayotgan Pardaev o‘n kundan buyon Davlat xavfsizlik xizmatining tergov izolyatorida so‘roq qilinmoqda.
Muzaffar Pardaev 2015 yil iyunidan buyon Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Ozodlikning Soliq qo‘mitasiga yaqin birinchi manbasiga ko‘ra, Pardaev soliq tizimida olib borilayotgan tekshiruvlar doirasida 4 iyun kuni hibsga olingan.
Hibs etilishidan bir kun o‘tib Muzaffar Pardaevning lavozimidan olingani e’lon qilindi va o‘rniga uning muovini bo‘lib ishlagan Normat Tursunov Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga boshliq etib tayinlandi.
- Shahar byudjetiga tushumlar tekshirilgan, yirik kamomad chiqqan. Hozir Pardaev soliq tizimidagi boshqa o‘nlab amaldorlar bilan birga so‘roq qilinmoqda, - dedi Ozodlikning O‘zbekiston Soliq qo‘mitasiga yaqin ikkinchi manbasi.
Pardaevning hibsga olingani yuzasidan Ozodlik Toshkent shahar soliq boshqarmasidan ham O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatidan ham izoh ololmadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 iyun kuni soliq va moliya idoralari rahbarlari ishtirokida Toshkentda o‘tgan videoselektor majlisida Toshkent shahar soliq boshqarmasini qattiq tanqid qilgan edi.
“Toshkent bozorlaridan tushumlar byudjetga emas, amaldorlarning cho‘ntagiga tushgan. “Chilonzor” buyum savdo kompleksida 791 nafar shaxs soliq to‘lamasdan savdo qilib kelayotgani aniqlandi. Toshkent shahridagi avtomobillarni saqlash joylaridagi tushumlar nazorati yo‘qligi tufayli mahalliy byudjetga 18 milliard so‘mdan ortiq soliq tushirilmagan. Shuncha pul cho‘ntakka ketyapti”, - degan edi Mirziyoev.
Ayni shu majlisda Mirziyoev O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Nazarali Norboevlarning ham egallab turgan lavozimidan chetlatilgani aytgandi.
Bundan avval O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpievning birinchi o‘rinbosari Abdusalom Yo‘ldoshev va uning o‘g‘li Javlonbek 28 may O‘zbekistonga qo‘shni davlatlardan birida qo‘lga olinib, O‘zbekiston xavfsizlik kuchlariga topshirilgan edi.
“Turmada o‘tirganlar aytib beryapti - bitta soliqchi ishga joylashish uchun 30-40 ming dollar berarkan, janob Yo‘ldoshev (Abdusalom Yo‘ldoshev) kattakoniga oborib berarkan”, deya ta’kidlagan prezident Mirziyoev 5 iyun kungi selektor majlisda..
O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasini so‘nggi 14 yilda boshqarib kelgan kelgan 72 yashar general Botir Parpiev joriy yilning 11 mayida Prezident Mirziyoev tomonidan o‘z vazifasidan bo‘shatilib, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisi etib tayinlangan edi.
O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Parpievning yaqin qarindoshlaridan 4 kishi 27, 28 may kunlari ishdan olingani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.