Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:40

Peskov chempionatga borganlardan "bola tug‘ish ishi"ni ayollarga qoldirdi


Tamara Pletnyova, Davlat Dumasi qo‘mitasida rais
Tamara Pletnyova, Davlat Dumasi qo‘mitasida rais

Rossiya parlamenti deputati Tamara Pletnyova futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga kelgan xorijliklar bilan jinsiy aloqaga kirishmaslik bo‘yicha bergan tavsiya hanuz tarmoqlarda bahs bo‘lmoqda.

Deputat xonimning, “ayniqsa boshqa irq vakillari”dan bola tug‘ish nomaqbul ekani" haqidagi bayonoti jiddiy e’tirozga sabab bo‘ldi.

Deputatning bu bayonotidan noqulay ahvolga tushgan Rossiya prezidenti ma’muriyati 14 iyun kuni bu masalani “rossiyalik ayollar o‘zlari hal etsin”, deb bayonot berishga majbur bo‘ldi.

Rossiya - olam e’tiborida

14 iyun kuni Moskvada Futbol bo‘yicha Jahon Chempionati ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu kuniyoq chempionatning birinchi matchi - Rossiya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tribunadan uyinni kuzatib turgan Vladimir Putin va MDH davlatlaridan kelgan yuqori lavozimli mehmonlar ko‘z oldida ruslar jamoasi Ramazon oyining oxirgi kunida ro‘za tutayotgan Saudiya Arabistoni futbolchilari ustidan yirik 5:0 hisobiga g‘alaba qozondi.

Bu sport turi bo‘yicha 21 marotaba o‘tkazilayotgan Jahon chempionati ham Rossiya, ham parchalanib ketgan Sovet Ittifoqi tarixida birinchi chempionatdir.

Rossiyaga yuzlab davlatdan tashrif buyurgan va Moskva ko‘chalarini shovqin-to‘zon va o‘yin-kulguga to‘ldirgan futbol ishqibozlari nafaqat oddiy rossiyaliklar, balki yuqori mansabga ega amaldorlarni ham gangiratib qo‘ygan ko‘rinadi.

(Futbol ishqibozlari Moskva ko‘chalarida)

Jinsiy aloqadan tiyilish tavsiyasi

Rossiya parlamenti – Davlat Dumasining Oila, ayollar va bolalar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisasi Tamara Pletnyova rossiyalik ayollarni xorijdan kelayotgan ishqibozlar bilan jinsiy aloqalarga kirishmaslikni tavsiya qildi.

“Govorit Moskva” radiostansiyasiga bergan intervyuda xonim Pletnyova bunday aloqalar “to‘liq bo‘lmagan oilalarda bolalar tug‘ilishiga olib kelishi mumkinligi”dan o‘z hamyurtlarini ogohlantirdi.

- Bunday munosabatlardan tug‘ilgan bolachalar qiynalishadi, Sovet davrida ham shunday bo‘lgan. Yaxshi, agar ular o‘z irqidan tug‘sa, boshqa irqdan tug‘sa bormi... Biz o‘z bolalarimizni tug‘ishimiz kerak. Men millatchi emasmanku-ya, ammo haqiqat shu. Men bolalar qiynalishini, ularni tashlab ketishlarini va bu bolakaylar bu yerda qolishlarini bilaman, dedi ko‘pni ko‘rganini aytgan Tamara Pletnyova.

KPRFning Dumadagi vakilasi 1980 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida xorijliklardan tug‘ib qo‘ygan juda ko‘plab yolg‘iz onalar paydo bo‘lganini eslatib, bunga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini bildirdi.

142 millionlik Rossiya parlamentida qonunlarni qabul qiluvchi bu Duma deputatifaqat rossiyaliklar “millatidan qat’iy nazar sevgi asosida” rossiyaliklarga turmushga chiqishi va bola qilishi kerakligini uqtirdi.

2 million 400 mingdan ziyod chipta

Haqiqatan FIFA mutasaddilari chempinat davomida birgina Moskvaga 1 milliondan ziyod sayyoh kelishini ma’lum qildi. Hozirga qadar FIFA rasmiy sayti orqali 2 million 400 mingdan ziyod chipta sotilgani e’lon qilindi.

Kommunist ayolning irqchilik va millatchilik hidi kelayotgan bu bayonotidan noqulay ahvolga tushgan uning hamkasblaridan biri, aksincha, rus ayollarini chempionat davomida “xorijlik mehmonlar va futbolchilar bilan” ko‘proq sevishish va ishqiy munosabatlarga kirishishga chaqirdi.

Dumaning Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi rahbari Mixail Degtyaryov bu uchrashuvlar Jahon chempinati-2018ning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan “ajoyib natija, insonparvarlik va madaniy hissasi” ekaniga urg‘u berdi.

Internet deputatning bu so‘zlariga memlar va hazil-mutoyiba bilan darhol va shafqatsiz javob qaytardi.

Oshiq-ma’shuqlik ishlari

Tarmoqlarda katta shov-shuv ko‘tarib yuborgan bu muhokamalarga Rossiya prezidenti Dmitriy Peskov ham qo‘shilishga majbur bo‘ldi va oshiq-mashuqlik ishlar har kimning o‘z ixtiyori ekanini bildirib qo‘ydi:

- Rossiyalik ayollarimiz masalasiga to‘xtalsak, ular o‘zlari bu masalalar yechimini topa olsa kerak. Ular dunyodagi eng yaxshi ayollardir, deya ta’kidladi Kreml vakili.

Peskov biri-biridan o‘ngsiz bayonotlarni qilayotgan hamyurtlariga har bir futbol ishqivozi pasporti tagiga “Rasizmga yo‘q degin!” shiori bitilgani va bu bellashuvlarning eng asosiy maqsadi ekanini ma’lum qildi.

Tarixdagi ilk chempionat

Futbol bo‘yicha jahon chempionati Rossiya tarixida birinchi marta bo‘lib o‘tmoqda. 14 iyundan 15 iyulgacha 32 terma jamoa Moskva, Sankt-Peterburg, Samara, Saransk, Rostov-Don, Sochi, Qozon, Kaliningrad, Volgograd, Nijniy Novgorod va Yekaterinburgda musobaqalar o‘tkaziladi.

Pley-off o‘yinlari: 1/8 —30 iyundan 3 iyulgacha, 1/4 — 6 va 7 iyulda, yarim finallar Sankt-Peterburgda (10 iyulda) va Moskvada (11 iyulda) o‘tkaziladi. Uchinchi o‘rin uchun o‘yin 14 iyul kuni Sankt-Peterburgda, chempionat finali 15 iyul kuni Moskvada bo‘lib o‘tadi.

XS
SM
MD
LG