Bundan sakkiz yil oldin Avstraliyadan O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng o‘n yilu ikki oylik qamoq jazosiga hukm qilingan andijonlik qochqin, 53 yashar Dilorom Abduqodirova 14 iyun kuni ozodlikka chiqarildi.
Bu xabarni tasdiqlagan Dilorom Abduqodirovaning yaqinlariga ko‘ra, u prezident Shavkat Mirziyoevning Ramazon hayiti munosabati bilan e’lon qilgan avfiga ko‘ra ozod qilingan.
Andijon voqealaridan keyin mamlakatni tark etgan Dilorom Abduqodirova 2010 yilda O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng hibsga olingan edi.
Ismi sir qolishini so‘ragan Dilorom Abduqodirovaning yaqinlaridan birining aytishicha, avf e’lon qilingandan keyin uni tezda ozod qilishgan:
“Dokumentlarini ham tezda tayyorlab, birpasda chiqarishibdi. Hayitdan bir kun oldin, arafa kuni o‘zi yashagan Andijon tumanining Xakan qishlog‘idagi uyiga kirib kelishdi. Ham hayit, ham opamizning ozod etilgani nur ustiga nur bo‘ldi. Ko‘rinishlari va kayfiyatlari yaxshi, Xudoga shukr”, deydi qarindoshlardan biri.
Prezident Shavkat Mirziyoev 12 iyun kuni Ramazon Hayiti munosabati bilan 226 nafar mahbusni avf etish haqidagi farmonga imzo chekkan edi.
Avstraliyadan Andijonga qaytib borgan qochqin ayol 45 yashar Dilorom Abduqodirova 2010 yilning 30 aprel kuni chegarani noqonuniy kesib o‘tish, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz hamda noqonuniy diniy oqimga a’zolikda aybli deb topilgan va 10 yilu 2 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Dilorom Abduqodirova 2005 yilning 13 mayida Andijonda sodir bo‘lgan qonli qirg‘in payti hukumat kuchlari yog‘dirgan o‘q yomg‘iridan qochib, Qirg‘iziston janubiga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan yuzlab andijonliklarning biri. Ammo o‘sha kuni uning eri va to‘rt farzandi maydonni tark etolmay, O‘zbekistonda qolib ketishgan.
Qariyb besh yil davomida oilasidan uzoqda yashagan Abduqodirova shu yil boshida Andijonda qolgan erining tinimsiz bosimi ostida O‘zbekistonga qaytgan va sanoqli kunlardan so‘ng hibsga olingan edi.
Dilorom Abduqodirova Andijon voqealari xususida xolis ko‘rsatma bergan Mahbuba Zokirovaning opasi bo‘ladi.
Mahbuba Zokirova 2005 yilning kuzida O‘zbekiston Oliy Sudida bo‘lgan mahkamada Andijon voqealari bo‘yicha guvohlik bergan ikki yuzga yaqin guvohlar orasida "Bobur maydoniga yig‘ilgan olomonni hukumat askarlari otdi", deb ko‘rsatma bergan yagona guvoh bo‘lgan.
Biroq, O‘zbekiston Oliy Sudi Mahbuba Zokirovaning bu ko‘rsatmasini yolg‘on va asossiz deb baholagan edi.
Sud majlisidan so‘ng Mahbuba Zokirova o‘z uyiga olib borib qo‘yilgan va militsiya xodimlarining qattiq nazoratida yashab kelayotgan edi.
Dilorom Abduqodirova 2010 yilning boshida O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng hibsga olinib, ozodlikdan mahrum etilganidan so‘ng, 40 yoshli Mahbuba Zokirova ta’qiblardan qochib, farzandlari bilan qo‘shni mamlakatlardan biriga o‘tgan va BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligidan boshpana so‘ragan edi.
Mahbub Zokirova ayni paytda Avstraliya davlatidan boshpana olgan.