Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:51

Moskvada yo‘lovchilarni bosib ketgan qirg‘izistonlik muhojir sportchi bo‘lib chiqdi (VIDEO)


Avtohalokat Moskvaning Ilьinka ko‘chasida sodir bo‘ldi
Avtohalokat Moskvaning Ilьinka ko‘chasida sodir bo‘ldi

16 iyun kuni Moskva markazida 8 nafar yo‘lovchi, jumladan meksikalik futbol ishqibozlarini avtomashinasida bosib ketgan qirg‘izistonlik 28 yashar Chingiz Anarbek o‘g‘li pankration bo‘yicha Jahon chempionati bronzasi sohibi bo‘lib chiqdi.

Muhojir yigitning Moskvada taksichilikdan tashqari oshpazlik ham qilgani va avariya sodir bo‘lganida mast holatda bo‘lmagani – shunchaki charchoqdan uxlab qolgani aytilmoqda.

16 iyun kuni kechki soat 7 larda Qizil maydon yaqinida ro‘y bergan avtohalokat oqibatida ikki meksikalik, ikki ozarbayjonlik, ikki rossiyalik va bir ukrainalik jami 7 nafar jabrlanuvchi turli jarohat bilan kasalxonaga keltirildi.

Umurtqasidan jarohatlagan 56 yoshli rossiyalik ayol va yana bir piyodadan tashqari boshqa jarohatlanganlarning shifoxonadan chiqarilgani aytilmoqda.

Moskva politsiyasi qirg‘izistonlik haydovchi bilan o‘tkazilgan so‘roq yozilgan videoni o‘z rasmiy saytida yoyinladi.

Politsiyachilarga so‘roq davomida bergan ko‘rsatmalarida Chingiz Anarbek o‘g‘li Moskvaga ishlash uchun bir oycha avval kelgani, ikki yildan beri mashina haydashi, haydovchilik guvohnomasini esa 2013 yil olganini aytadi.

Ichki ishlar boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra¸ shu davr mobaynida u biror marta yo‘l harakati qoidalarini buzmagan.

So‘roq davomida Chingiz Anarbek o‘g‘li hodisadan avval 20 soat dam olmasdan ishlaganini aytadi. Chingizga ko‘ra, bundan oldan u 2-3 soatgina uxlagan, so‘ngra pul ishlash uchun "Sheremetyevo" aeroportiga chiqib ketgan.

Pankrationchi Chingiz Anarbek o‘g‘li (chapdan birinchi)
Pankrationchi Chingiz Anarbek o‘g‘li (chapdan birinchi)

Qirg‘izistonlik muhojir hodisa qanday sodir bo‘lganini o‘zi ham bilmay qolganini aytadi.

- Tormozni bosmoqchi edim, yana bir kishini o‘tkazib yubormoqchiydim. Bir zum hushim boshimdan uchib, gaz tepkisini bosib yuboribman. Men tormozni bosdim, deb o‘ylovdim. Nimadir bo‘lib, hushim boshimdan uchdi. Keyin odamlarni urib yubordim. Buni ko‘rib, qochib qoldim, dedi Chingiz.

Haydovchiga ko‘ra, u g‘azablangan olomon qo‘lida tilka-pora bo‘lmaslik uchun voqea joyidan qochgan.

Tergovchining "Sodir bo‘lgan hodisadan afsusdamisiz?" degan savoliga qirg‘izistonlik taksichi: "Juda afsusdaman", deya javob bergan.

Tarmoqlarda Chingizning avariya joyidan "O‘ldirmanglar!", deb qochib ketishga urinayotgani videosi ham tarqaldi.

Hodisa ortidan Rossiya ommaviy axborot vositalarida 1990 yilda tug‘ilgan qirg‘izistonlik bu muhojir mast holatda bo‘lgani xabari tarqatildi. Biroq politsiya bunday ayblovlarga asos yo‘qligi – u mast bo‘lmaganini e’lon qildi.

Surishtiruv davomida sportchi va namozxon ekanini aytgan Chingiz Anarbek o‘g‘lining 2017 yilda Sochidagi pankration bo‘yicha Jahon chempionati bronzasi sohibi ekani aytilmoqda.

Qirg‘iziston MMA va pankration federatsiyasining Rossiyadagi vakili Ulan Qo‘shmatov bu haqda o‘zining Feysbuk sahifasida xabar qildi.

Chingiz Anarbek o‘g‘li Moskvadagi “Usmon-Umar” sportklubida doimiy mashq qilib kelgan. Yaqinlariga ko‘ra¸ ikki farzandning otasi bo‘lgan muhojir kredit olgan va qarzlarini yopish uchun bir nechta joyda ishlashga majbur bo‘lgan. Rossiyada10 yildan buyon mehnat qilayotgan muhojir yigit taksichilikdan tashqari mahalliy kafelardan birida oshpazlik ham qilib kelgan.

Ozodlikning qirg‘iz xizmati xabariga ko‘ra, qirg‘izistonliklar og‘ir vaziyatga tushib qolgan hamyurtiga kompensatsiya va jabrlanuvchilarga dori-darmon uchun mablag‘ yig‘a boshlangan.

Politsiya hodisa yuzasidan ehtiyotsizlik tufayli badanga og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati qoidasini buzish, RF JK 264 moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Mazkur moddaga muvofiq, taksichi ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG