Termiz shahar militsiyasi 4 yoshli qizchani jinsiy zo‘rlaganlikda gumonlanayotgan 30 yoshlardagi erkakni qidirmoqda. Surxondaryo huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, qidiruv amaliyoti Termizning Bog‘zor mahallasida yashovchi 4 yoshli qizcha (qizchaning ismi-sharifi Ozodlikka ma’lum¸ axloq qoidalari nuqtai nazaridan oshkor qilinmayotir – tahr.) zo‘rlangan bo‘lishi mumkinligi haqida uning ota-onasi militsiyaga shikoyat qilishi ortidan boshlangan.
Voqea 16 iyun kuni Termiz shahri Bog‘zor mahallasidagi 7-sonli sanatoriy tipidagi bog‘cha yaqinida sodir bo‘lgan.
Zo‘rlashga urinish sahnasi bog‘chaning xavfsizlik kamerasiga tushib qolgan esa-da, militsiya gumonlanuvchini topa olmayapti.
- Bog‘cha kamerasiga tushib qolgan tasvirlar va guvohlarning ko‘rsatmalari bo‘yicha gumonlanuvchi qidirilyapti, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Surxondaryo viloyati huquq-tartibot idoralarida ishlovchi mulozim.
Ozodlik bilan suhbatlashgan voqea tafsilotidan bevosita xabardor termizliklardan biriga ko‘ra, 4 yoshli qizcha 16 iyun kuni bog‘cha yaqinidagi limonariyda uni noma’lum erkak zo‘rlaganini ota-onasiga aytib bergan.
Shundan so‘ng qizning ota-onasi darhol Termiz shahar ichki ishlar bo‘limiga arz qilgan.
Termiz shahridagi 9-sonli bog‘chaning ismi sir qolishini istagan xodimasiga ko‘ra, militsiya tergovchilari sanatoriy tipidagi bu bog‘chaning xavfsizlik kamerasini tekshirgan.
Bog‘cha xodimasi zo‘rlash sahnasi bog‘cha kamerasiga tushib qolganini tasdiqladi.
"18 iyun kuni tergovchilar kelib, bog‘chaning xavfsizlik kamerasi xotirasini tekshirishdi. Kamera bog‘cha tashqarini ham qamraydi. Videoda qizcha kalyaskasini sudrab kelyapti. Odamlar o‘tib turibdi. Shu payt o‘ttiz yoshlaridagi noma’lum erkak kelib qizni zo‘rlik bilan bog‘cha yonidagi limonariy tomon yetaklayapti. Erkakni yuzi aniq ko‘rinmaydi. Keyin qizchani nimadir qilyapti, nima qilayotgani aniq ko‘rinmaydi. Lekin qizcha ota-onasiga shu erkak zo‘rlaganini aytgan," dydi bog‘cha hodimasi.
"Bog‘zor" mahallasi faollaridan biri¸ hozircha jinoyatni sodir qilgan shaxsga oid aniq ma’lumot yo‘qligini aytdi.
"Qizchani uyi shu bog‘chaga yaqin. Ota-onasi aptekada ishlaydi. Qiz o‘ynab yurganida, uni noma’lum shaxs limonariyga olib borib, zo‘rlagan va o‘zi qochib ketgan. Qizcha uyga yig‘lab kelib, onasiga aytib bergan. Keyin melisalar keldi. Hozir qidirishyapti, topa olishmayapti", dedi mahalla faollaridan biri.
O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlarning zo‘rlangani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.
Shu yilning fevral oyida Farg‘onada noma’lum erkak 6 yoshli Kibriyo ismli qiz o‘lik holda topilgan edi.
Ikki yil avval Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli shahrida militsiya 9 yoshli qizni zo‘rlagan erkakni topa olmagan edi.
2015 yil Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida esa 7 yashar qizaloqni zo‘rlagan 15 yashar o‘smir to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.