Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:42

So‘kong‘ichligi bilan tanilgan Bo‘z hokimi boshidan qattiq jarohat olib kasalxonaga yotqizildi


Bo‘z tumani hokimi Abdurashid Mamirov
Bo‘z tumani hokimi Abdurashid Mamirov

Bir-biridan mustaqil andijonlik uch manbaning Ozodlikka xabar berishicha, 21 iyun kuni kechasi boshidan qattiq jarohat olgan Bo‘z tuman hokimi Abdurashid Mamirov Andijon shahridagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga yotqizilgan.

Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining Ozodlik muxbiri 26 iyun kuni gaplashgan mulozimi Mamirovning 22 iyun kuni boshidan operatsiya qilingani va hozirda og‘ir ahvolda qolayotganini bildirdi.

Ayni paytda Ozodlik gaplashgan mahalliy mulozimlar¸ hokim boshiga yetkazilgan jarohat sababini turlicha izohlashdi.

Ozodlik suhbatlashgan bir-biridan mustaqil uch mahalliy mulozim hokimning qattiq kaltak zarbidan boshi va tanasidan kuchli jarohat olganini iddao qildi.

Ayni paytda¸ viloyat huquq tizimi mulozimi Abdurashid Mamirovning "yiqilib jarohat olgani" va voqeada jinoyat alomatlari yo‘qligi bois¸ jinoiy ish ochilmaganini bildirdi.

Hokimlik rasmiysi: Hokim kasalxonada!

Ozodlik Bo‘z tuman hokimining kuchli jarohat bilan kasalxonaga yotqizilgani xabariga aniqlik kiritish maqsadida 26 iyun kuni Bo‘z tuman hokimi qabulxonasi bilan bog‘landi.

Go‘shakni ko‘targan mulozim Abdurashid Mamirovning qattiq jarohat olib, Andijondagi kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi¸ voqeaning boshqa tafsilotlarini ochiqlashni istamadi.

“Ha, hozir kasalxonadalar. Lekin nimadan jarohat olganlari tafsilotini bilmayman”, dedi o‘zini tanishtirmagan hokimlik mulozimi.

Tibbiyot xodimi: Hokim boshidan operatsiya qilindi!

Abdurashid Mamirovning kasalxonaga olib kelinganidan keyingi vaziyatidan bevosita xabardor Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassisi, uning zudlik bilan operatsiya qilingani va hozirda og‘ir ahvolda qolayotganini bildirdi.

“22 iyun, shanba kuni jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bosh suyagi bir necha joyidan sinib ketgan, miya lat yegan, qovurg‘alar ham singan. Hozir hushiga kelgan, lekin ahvoli og‘ir”, dedi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan tibbiyot mutasaddisi.

Ayni paytda bu rasmiy ham hokimning boshiga kim tomonidan¸ qanday jarohat yetkazilgani¸ qovurg‘alari sinishiga qanday zarba sabab bo‘lgani haqidagi savollarni ochiq qoldirdi.

“Buni men bilmayman. Bu tomoni ichki ishlarning vazifasi”, degan bu suhbatdosh¸ jarohat ortida jinoiy sabablar borligiga ishorat qildi.

Huquq tizimi rasmiysi: Hokim yiqilib tushgan!

Andijon viloyati huquq tizimidagi mulozim Abdurashid Mamirovning jarohat bilan kasalxonaga yotqizilganini tasdiqlar ekan, hokimning kaltaklab ketilgani haqidagi xabarlarni inkor qildi.

“Abdurashid Mamirov yiqilib tushib, jarohat olgan. Shuning uchun kasalxonada davolanayapti. Bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilmagan”, dedi bu mulozim.

Abdurashid Mamirovning aynan qaerda¸ qanday vaziyatda jarohat olgani haqida Ozodlikka bir-biriga zid xabarlar kelmoqda.

Ayrim mahalliy mulozimlar voqeaning hokim selektordan qaytayotganda yo‘lda ro‘y berganini aytsa¸ boshqalari hokimning o‘ziga ajratilgan ikki qavatli namunaviy uyda sodir bo‘lganini iddao qildi.

"Hokimning oilasi Marhamat tumanida yashaydi. 21 iyun kuni kechqurun selektordan uyiga qaytgan. Ertasiga¸ 22 iyun kuni uni uyidan¸ qonga belangan¸ behush holda topishgan. Rasmiylar¸ hokimning o‘zi ikkinchi qavatdan yiqilib tushib¸ jarohat olgan¸ deyapti. Lekin xalq orasida boshqacha versiyalar tarqagan"¸ dedi hokim bilan bir mahallada yashovchi bo‘zliklardan biri.

(Bu versiyalardan qay biri haqiqiy ekaniga Ozodlik hozircha oydinlik kirita olmadi. Voqea tafsilotlaridan bevosita xabardor bo‘lsangiz¸ ularni Ozodlikka yo‘llashingiz mumkin.)

Andijonda tanilgan so‘kong‘ich hokim

Abdurashid Mamirov 2017 yilning fevralida Bo‘z tumani hokimi etib tayinlangan edi.

Bundan avval u Andijon viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Mamirov hokim bo‘lganidan so‘ng mahalliy tashkilot rahbarlarini urganligi va haqorat qilganligi haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan.

Jumladan, Bo‘z tumani hokimi Abdurashid Mamirov 2017 yil aprel oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Farmonovni haqorat qilib, o‘z xodimlariga kaltaklatgan edi.

2017 yil dekabr oyida hokimlikda o‘tkazgan yig‘ilishning Ozodlikka yuborilgan audioyozuvida esa, Abdurashid Mamirov bog‘chalarga tungi navbatchi qo‘ymagan va yig‘ilishga kech qolgan mudiralarni bog‘cha, maktab va kollej rahbarlarini “nahs, tvar, itdan tarqagan, harom” kabi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG