Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:26

“Obod qishloq”: Hokimiyat uyini ta’mirlay olmayotganlarni uyini buzish bilan qo‘rqitmoqda


Qiziltepa tumani, Toshrabot qishlog‘idagi Oqrabot mahallasi (Bu va maqoladagi boshqa suratlar ushbu mahallada yashovchi aholi tomonidan Ozodlikka jo‘natilgan)
Qiziltepa tumani, Toshrabot qishlog‘idagi Oqrabot mahallasi (Bu va maqoladagi boshqa suratlar ushbu mahallada yashovchi aholi tomonidan Ozodlikka jo‘natilgan)

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Toshrabot qishlog‘ida yashovchi ayrim oilalar “Obod qishloq” dasturi ijrosi doirasida mahalliy mulozimlarning o‘zlariga tazyiq qilayotganini aytmoqda. Ozodlikka bog‘langan toshrabotliklarga ko‘ra, mahalla ma’muriyati uyining old tomonini Mustaqillik bayramiga qadar ta’mirlamaganlarning uyi buzilishi va ishdan haydalishi bilan tahdid qilgan.

“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan Qiziltepa tumanidagi Toshrabot qishlog‘ini obodonlashtirish ishlarini¸ dastlabki rejaga ko‘ra¸ 31 dekabrgacha yakunlash belgilangan.

Biroq mahalla faollariga ko‘ra, hokimlik qishloqni obodonlashtirishni rejadan avval tugatib, "Mustaqillik bayramiga sovg‘a qilish"ni rejalashtirmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan ayrim toshrabotliklar iddaosiga ko‘ra, obodonlashtirishni tezroq tugatish uchun aholiga bosim va tazyiq qilinmoqda.

“Akam zavodda ishlaydi. Uyingizni tezroq ta’mirlamasangiz, zavoddan haydattiraman” deyishdi mahalladan kelib. Hisoblab ko‘rsak, 2 million so‘mdan ziyod pul ketar ekan uyimizning ko‘cha tomonini ta’mirlab, darvoza o‘rtanish uchun. Hozir buncha pulimiz yo‘qligini aytsak, “ishdan haydataman, uyingni buzaman”, deyishdi. Qo‘shnilarimizdan biri bankdan kredit olib, uyini shifer qildi, yana biri kreditga darvoza qo‘ydirdi. Lekin biz kredit olsak¸ uni qaytarish imkonimiz yo‘qligi uchun¸ nima qilishni bilmayapmiz”, deydi Toshrabot qishlog‘ida yashovchi yigit ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Qishloqliklarning aytishicha¸ ayni kunlarda Toshrabotdagi 10ta mahallada bir paytning o‘zida obodonlashtirish ishlari qizg‘in ketayapti. Xususan¸ Oqrabot mahallasida yashovchilardan biri¸ o‘z mahallasidagi kam ta’minlangan oilalarga mahalliy hokimlik tomonidan bosim o‘tkazilayotganini aytadi.

“Masalan, mahallamizdagi bitta oilada otasi vafot etgan. Onasi maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. O‘g‘li kontrakt asosida o‘qiydi. Shularga mahalladan kelib, uyingni tezroq ta’mirlamasang, onangni ishdan haydab, uy-joyingni ekskavator bilan surib tashlaymiz” deyishdi. Eshitishimizcha, qarz olib uyini ta’mirlashga majbur bo‘lishibdi”, deydi oqrabotlik ayol.

Oqrabot mahallasi raisi Bekpo‘lat Karimov Ozodlik bilan suhbatda o‘z mahallasida aholiga tazyiq bo‘layotganini inkor qildi.

“Ta’mirlashga kuchi yetmaganlarga uyini buzish bilan tahdid qilish boshqa mahallalarda bo‘lishi mumkin. Buni men ham eshitganman. Lekin men bunday gap aytishga uyalaman. Vijdonim qabul qilmaydi. Bu gapni aytgandan ko‘ra, kuchi yetmasa, tadbirkorni olib kelib, uyini ta’mirlab beraman. Yoki bankdan kredit olishni taklif qilamiz. Mahalladagi 50 foiz odam kreditga uyini shiferlab, darvoza o‘rnatdi”, dedi Bekpo‘lat Karimov.

Karimovga ko‘ra, bu mahallada 553 ta xonadon bo‘lib, hozirda uylarni oqlash, ta’mirlash ishlarining 60 foizi yakunlangan. Karimov obodonlashtirish va ta’mirlash ishlarining 1 sentabrgacha yakunlash rejalanganini tasdiqladi.

Qishloq yo‘llari
Qishloq yo‘llari

Toshrabot qishlog‘idagi boshqa bir mahalla faoliga ko‘ra, ko‘chalarni asfalt qilish va mahallalarga vodoprovod quvurlarini tortish uchun byudjetdan mablag‘ ajratilishi rejalangan, biroq mulozimlar ularga bu ishlarni homiylar hisobiga qilishni topshirgan.

“Hozir sponsor izlayapmiz. Tadbirkorlarimizdan iltimos qilayapmiz. Hali sponsor topganimizcha yo‘q. Mustaqillik bayramigacha ulgurmoqchimiz”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mahalla faoli.

​Qiziltepa tuman hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi “Obod qishloq” dasturi prezident qarori doirasida amalga oshirilayotgani, byudjetdan ajratilgan mablag‘lar ham maqsadli sarflanayotgani va aholini majburlash holatlari yo‘qligini ta’kidladi.

27 iyun kuni o‘tgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoev bu borada qilinayotgan ishlarni tanqid qilib, jumladan, dasturni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar masalasida rahbarlar sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini ta’qidladi.

"Joylardagi haqiqiy ahvolni biz xalqimizdan yashirmaymiz va borini qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsatib boramiz. Albatta, bu ko‘pchilikka yoqmayapti, ko‘p rahbarlar buni hazm qila olmayapti. Lekin biz bu boradagi barcha holatni va boshlagan ishlarimizni xalqimiz bilan bamaslahat va jamoatchilik nazorati ostida amalga oshiramiz", dedi Mirziyoev.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda “Obod qishloq” dasturi uchun 3 trillion 447 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi rejalangan bo‘lib, jami joriy yilda 159 ta tumandagi 386 ta qishloqda qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston prezidentining shu yil 29 mart kungi farmoniga ko‘ra, “Obod qishloq” dasturi davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari, mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha mablag‘lari, tarmoq korxonalarining mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari, “Mahalla” jamg‘armasining va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari, hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalanishi ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG