Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:36

O‘zbekiston Xalq rassomi Muborak Yo‘ldoshev olamdan o‘tdi


O‘zbekiston Xalq rassomi Muborak Yo‘ldoshev qizi Manzura Yo‘ldosheva bilan.
O‘zbekiston Xalq rassomi Muborak Yo‘ldoshev qizi Manzura Yo‘ldosheva bilan.

8 iyul kuni O‘zbekiston Xalq rassomi¸ o‘nlab sahna asarlarini bezagan dekorator Muborak Yo‘ldoshev 85 yoshida Toshkentda olamdan o‘tdi.

Bu haqda Ozodlikka rassomning shogirdlari ma’lum qildi.

Rassom o‘zbek ssenografiya sohasiniing tamal toshini qo‘yganlardan biri sifatida qadrlanadi. Rassomning Alisher Navoiy nomli Opera va balet teatrida Puchinining “Floriya Toska” asariga sahnalashtirgan bezaklari Moskvadagi Baxrushin muzeyida saqlanadi va bu bezaklar 1964 yilda Sovet ensiklopediyasiga kiritilgan.

Samarqand mavzusi rassom asarlarida alohida o‘rin tutadi
Samarqand mavzusi rassom asarlarida alohida o‘rin tutadi

Yo‘ldoshevning “Tohir va Zuhra”, “Samarqand afsonasi”, “Ravshan va Zulxumor”, “Zafar”, “Yoriltosh” singari ko‘plab spektakllarga yaratgan bezaklari teatr rassomligini o‘rganayotgan talabalar uchun namuna sifatida o‘rganiladi.

1934 yili Chimkentda tug‘ilgan rassom hali 3 yashar paytida uning ziyoli otasi Stalin repressiyasidan qochib Qo‘rg‘ontepaga olib kelganini Ozodlik muxbiriga hikoya qilib bergandi.

Rassomning hayot paytida eslashicha¸ u bu sargardonlikda otasidan judo bo‘lib yetimxonada katta bo‘lgan.

Rasm chizishni yetimxonada o‘rgangan rassom tahsilni Dushanbedagi Badiiy bilim yurtda davom ettiradi. 1956 yili esa Toshkent teatr va rassomlik institutiga o‘qishga kiradi.

1962 yilda institutni tugatgan rassom Samarqand teatrida ishlab boshlaydi.

Rassom 1964 yilda Samarqand teatrida qo‘yilgan “Jizel” asariga yaratgan bezaklari uchun Lenin ordeni bilan mukofotlangan.

Uzbekistan - painting of people's painter of Uzbekistan Muborak Yoldoshev
Uzbekistan - painting of people's painter of Uzbekistan Muborak Yoldoshev

2000 yilda O‘zbekiston xalq rassomi unvoniga loyiq ko‘rilgan rassom 2017 yilda Nukusdagi mashhur muzey¸ I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyida “Dostonlar himoyachisi” nomli tasviriy san’at ko‘rgazmasini ochib bu muzeyda tirikligida ko‘rgazma ochgan uchta rassomdan biri bo‘ldi. Bundan oldin bu muzeyda O‘rol Tansiqboev va Jo‘lliboy Izentaev kabi taniqli rassomlarning shaxsiy ko‘rgazmasi ochilgan edi.

Rassomning asarlari¸ Moskva¸ Olmaota¸ Toshkent¸ Samarqand va Urganchdagi muzeylarda saqlanadi.

XS
SM
MD
LG