Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:46

OzodTa'sir: Qarshi tuman IIB sobiq boshlig‘i ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Bu suratning Qarshi tumanida bo‘lib o‘tgan voqeaga aloqasi yo‘q.
Bu suratning Qarshi tumanida bo‘lib o‘tgan voqeaga aloqasi yo‘q.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 9 iyul kuni Qashqadaryo viloyat, Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limining mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov olib borilmoqda.​

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, tergov qilinayotganlar orasida o‘z vazifasidan chetlatilgan Qarshi shahar IIB sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabov ham bor.

Mahalliy fermerlarning aytishicha, militsiya formasida yurgan sobiq boshliq Jahongir Rajabov ularning ba’zilaridan kechirim so‘ragan, ba’zilariga esa, arizasini qaytarib olish talabi bilan bosim o‘tkazmoqda.

Qarshi tumanidagi bir necha fermerning tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rajabov tomonidan muntazam kaltaklanib kelgani haqida, ularning aytganlariga tayanib, Ozodlik xabar qilganidan so‘ng, IIB boshlig‘i ishdan chetlatilgan va viloyat prokuraturasi bu holat yuzasidan tekshirish boshlagan edi.

Huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimining Ozodlikka aytishicha, Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabov ustidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 206-moddasi(hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu moddaga ko‘ra javobgarlikka tortilgan shaxsning aybi sudda isbotlansa, "u eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

Jahongir Rajabov tomonidan kaltaklanganini iddao qilgan fermerlardan biri Rahmatullo Xo‘jamurodovning aytishicha, viloyat prokuraturasining tergovchisi bu ish bo‘yicha surishtiruv olib bormoqda:

“O‘tgan hafta boshida viloyat prokuraturasiga chaqirtirdi. Jabrlangan to‘rt fermer birga bordik. Umid Jahongirov degan tergovchi, nima qilaylik, chora ko‘raylikmi yoki da’volaringdan voz kechasizlarmi, deb so‘radi. Men, qonunda qanday yozilgan bo‘lsa, shunday chora ko‘ring, deb aytdim. Boshqa fermerlar ham shu gapni aytishdi”, dedi fermer Rahmatullo Xo‘jamurodov.

Uning aytishicha, tuman IIBning sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabov o‘rtaga odam qo‘yib, ularga bu voqeada o‘zining aybdor emasligini tushintirmoqchi bo‘lgan:

“Qarshi tuman qishloq xo‘jalik boshqarmasi mulozimi Ro‘zimurodov Gulmurod, 6 iyul kuni bizga telefon qilib, Jahongir Rajbaov biz bilan uchrashmoqchi ekanligini, kechirim so‘ramoqchi ekanligini aytdi. Biz bormaymiz, kerak emas, dedik. Lekin Gulmurod aka jonimizga qo‘ymay Abduhamid Nazarovning dala shiyponiga chaqirtirdi. Biz o‘sha to‘rt fermer, Muxtor Toshev, Abduhamid Nazarov, Bahriddin To‘raev va men Jahongir Rajabov bilan uchrashdik. U militsiya formasida keldi. Avvalgiday qo‘pol emas, yumshoqqina bo‘lib qolibdi. Kulib kelib, ko‘rishdi. Endi meni ham tushuninglar, men o‘zim uchun qilmayapman, men ham shu sektorni rahbariman, shunga mendan ham talab qilishadi, shunaqa bo‘p qoldi, deb uzr so‘ragannamo qilganday bo‘ldi. Lekin, ochiq meni kechiringlar, demadi. Biz ham hammasi qonuniy bo‘lsin, dedik”, deydi fermer Rahmatullo Xo‘jamurodov.

Ammo, Jahongir Rajabov tomonidan kaltaklanganini iddao qilgan yana bir fermer Nafisa Kenjaevaning aytishicha, sobiq boshliq fermerlardan “bu ayol pogonimni yulib oldi” degan yolg‘on ko‘rsatmani majburan yozdirib olmoqda:

“Tergovchi bizni "guvohlar" bilan betma-bet qildi. Ular yuzing-ko‘zing demay, “sen nachalnikni pogonini yulib olgansan”, deb tuhmat qilyapti. Sobiq boshliq gruppa olib kelib, har bir fermerdan majburan menga qarshi ko‘rsatma yozib olgan. Bu haqda fermerlarning o‘zlari menga aytishdi. Ular “nachalnik milisa bu ayolni urgani yo‘q, aksincha, bu ayol uni haqorat qilib pogonini yulib olgan”, deb yozib berishgan ekan. Endi bitta ishonchim viloyatdan kelgan tergovchidan, uning adolat qilishiga umid qilib qolyapman”, dedi fermer Nafisa Kenjaeva.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Qarshi tumani IIB sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini inkor qilmadi. Mulozim bu haqda batafsil ma’lumot berolmasligini aytdi.

Qarshi tumani IIB sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabovning mobil telefoni o‘chirilgani bois, u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Qashqardaryo viloyati Qarshi tumanida bug‘doy rejasini bajara olmagan fermerlarning tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rajabov tomonidan muntazam kaltaklangani haqida 27 iyun kuni fermerlarning o‘zlari Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG