Samarqand viloyat, Jomboy tuman hokimi Umidjon Nazarov 9 iyul kuni o‘tkazgan yig‘ilishida g‘alla o‘rimi otryadlari rahbarlari va tuman tashkilotlari rahbarlariga 10 tonnadan g‘alla topish haqida topshiriq bergan. Bu haqda yig‘ilishda ishtirok etgan tashkilot rahbarlaridan biri Ozodlikka xabar berdi.
Jomboy tuman hokimi Ozodlik bilan suhbatda, bunday topshiriq berilganini inkor qildi va g‘alla rejasi ortig‘i bilan bajarilganini ta’kidladi.
Ammo, Ozodlik qo‘lga kiritgan hujjatda tumanning g‘alla topshirish rejasi hali bajarilmagani aks etgan.
9 iyul kuni g‘alla o‘rimi bo‘yicha tuman mas’ullari bilan Jomboy tuman hokimi Umidjon Nazarov o‘tkazgan kengaytirilgan yig‘ilishda qatnashgan, ismi sir qolishini so‘ragan mahalliy tashkilot rahbarlaridan birining Ozodlikka aytishicha, hokim tuman g‘alla rejasining bajarilishiga 1400 tonna g‘alla yetmayotgani uchun hammani koyigan:
“Asabiy tarzda o‘tgan yig‘ilishda xokim bir oydan buyon oyliksiz, tekinga g‘alla o‘rimida yurgan o‘rim otryadlari rahbarlari va tuman tashkilotlari rahbarlariga 10 tonnadan g‘alla topish yoki kilosiga 1650 so‘mdan umumiy 16 500 000 so‘m topib kelish majburiyatini qo‘ydi. Bu vazifani bajarmaganing arizangni yoz, dedi. Hokimning aytishicha, tashkilot rahbarlari xohlasa shu tumanning, xohlasa qo‘shni tumanning rejasini bajargan fermerlardan g‘alla sotib olishi mumkin ekan”, deydi tashkilot rahbarlaridan biri.
Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, hokim g‘allani ortig‘i bilan bajargan fermerlarning ham qolgan-qutgan g‘allasini o‘rdirishni shart qilib qo‘ygan:
“Bu topshiriq, ya’ni g‘allani tortib olishga otryad rahbarlari, tuman prokurori Amin Boymatov va IIB boshlig‘i Amir Haydarov biriktirillb. Erta tongdan alohida tashkil etilgan IIB xodimlari va prokuratura guruhi fermerlardan so‘rab o‘tirmasdan, ularning rejadan ortib qolgan bug‘doyini o‘rdirishga boshladi. Buning boshida tuman hokimi turibdi. Mening ham ishchilarimga beraman deb, rejadan orttirgan bug‘doyimni bir dona qoldirmay o‘rib ketishdi. Endi ishchilarimning mehnat haqini qaerdan topib beraman?”, deydi fermerlardan biri.
Jomboy tuman hokimi Umidjon Nazarov Ozodlik bilan suhbatda, tashkilot rahbarlariga o‘n tonnadan bug‘doy topib topshirish majburiyati yuklatilganini inkor qildi:
- G‘alla rejam to‘lib ketgan bo‘lsa, oshig‘i bilan bajargan bo‘lsam, nima keragi bor bunaqa gaplarni? 3,5 ming tonna ortig‘i bilan bajardim. Bu noto‘g‘ri informatsiya, haliyam dalada g‘alla bor, haliyam o‘rilyapti. Hech qanaqa unaqa majlis bo‘lmagan, men sizga yuz foiz kafolat beraman, - dedi hokim.
Uning aytishicha, fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyi ham o‘zlarida qolgan:
- Yuz foiz o‘zlarida qolgan. Lyuboyidan so‘rashingiz mumkin. Ular nima qiladi, uyiga hammasini o‘rib olmaydiyu, o‘z ixtiyori bilan bajarmaganlarga sotib yuboradi, dedi tuman hokimi Umidjon Nazarov 11 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda.
Ozodlik suhbatlashgan fermer esa, tuman rejasi hali to‘lmaganini aytib, buning tasdig‘i sifatida Ozodlikka g‘alla topshirish rejasi haqidagi ma’lumotni yubordi.
Bu ma’lumotda, 10 iyulgacha tumanning g‘alla rejasi 96 foizga bajarilgani ko‘rsatilgan. Hokim aytgan ortiqcha 3,5 ming tonna g‘alla haqida gap ham yo‘q.
Ozodlik 11 iyul kuni Jomboy tuman hokimligining qishloq xo‘jalik boshqarmasi bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirmagan mulozimning aytishicha, Jomboyda 11 iyul kuni sanasida g‘alla torshirish rejasi bajarilmagan.
Ozodlik fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyi tortib olinayotgani haqida ilgari ham xabar bergan.
20 iyun kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan ikki nafar fermer, har gektar yerdan topshiriladigan bug‘doy sentneri hokimning buyrug‘i bilan 4-5 sentnerga sun’iy ravishda oshirilganidan shikoyat qilgan edi.
Joriy yilning 18 iyunida Surxondaryodan Ozodlikka bog‘langan fermerlarga ko‘ra, g‘alla rejasini bajarmagan fermerlardan topshirilmagan bug‘doyning har kilosi uchun 1200 so‘mdan pul talab qilingan. Fermerlar iddaosicha, MIB boshchiligidagi mutasaddi tashkilotlar xodimlari g‘alla uchun pul berishga qurbi yetmagan fermerlarning chorva mollari tortib olingan.