Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:33

Jizzax hokimi fermerlarni rejadan ortgan g‘allasi puliga mashina olishga majburlamoqda


Bug‘doy va bug‘doyzor
Bug‘doy va bug‘doyzor

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev g‘alla topshirish rejasini bajargan fermerlarning ortib qolgan bug‘doyini davlat narxida sotishga va ularni Asakada ishlab chiqarilgan avtomobillarni kreditga sotib olishga majburlamoqda.

Viloyat hokimligi rasmiysi, "ilg‘or fermerlar"ga avtomobil taklif qilinayotganini aytar ekan, mashinalarning majburan sotilayotganini rad etishga urindi.

Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri 12 iyul kuni rejadan orttirgan g‘allasining davlat narxida majburan o‘rib olinganidan shikoya qildi.

“Men o‘zimga to‘q, moshinlarim bor, katta fermerlardan biriman. Agar hozir sizga ortib qolgan qancha bug‘doyimni tortib olishgani va menga qanaqa mashina tiqishtirishganini aytsam, kimligim bilinib qoladi. Xullas gap bunday, men plandan ortiq, masalan, 50 tonna bug‘doyimni o‘rib olishgan bo‘lsa, menga majburan Jentra mashinasini berishadi. O‘ylaysizki, men xursand bo‘ldimmi, deb. Yo‘q, xafa bo‘ldim, chunki menga haqqi-halol qoladigan g‘allamni bozordan teng yarim baravar narxida sotib olishadi”, deydi zafarobodlik fermer.

Bu suhbatdosh¸ viloyat hokimini g‘alla rejasini bajarish maqsadida har xil “o‘yin”lar o‘ylab topayotganlikda ayblaydi.

“Davlat bizdan bug‘doyning kilosini 750 so‘mdan sotib olayapti. Agar, misol uchun rejadan orttirgan 50 tonna bug‘doyimni davlat sotib olsa bu 37,5 million so‘m bo‘ladi. Agar bu bug‘doy o‘zimda qolib, bozor narxi, 1600-1700 so‘mdan sotganimda edi, kamida 80 million so‘m bo‘lardi. Ko‘rayapsizmi, men 42,5 million so‘m yutqazayapman. Hokim viloyat rejasini bajarish uchun ana shu “hiyla”ni o‘ylab topdi. Go‘yo, ilg‘or fermerlarni taqdirlaganday bo‘lib, aslida bizni shilib olyapti”, deydi fermer.

Ismi sir qolishini so‘ragan jizzaxlik boshqa fermerning aytishicha, rejadan tashqari 30 tonna bug‘doyi bo‘lgan fermerga Spark, 40 tonnaga Ravon, 50 tonnaga Jentra, 100 tonnaga Kaptiva avtomobilini majburan sotib olish majburiyati yuklatilgan.

“Davlat narxida sotib olingan bug‘doy bilan mashina narxining bir qismi qoplanayapti. Qolganiga “Xalq banki”dan kredit rasmiylashtirilayapti. Bu kredit fermerning bug‘doy va paxtasi pulidan ushlab qolinadi ekan. Kredit foizi ham bizning bo‘ynimizda qolayapti. Agar mashina olmasang, qolgan bug‘doyingni o‘rib olgani kombayn bermayman¸ deyapti”, deydi fermer.

Zafarobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboev Ozodlik bilan 12 iyul kungi suhbatda fermerlarning rejadan ortgan bug‘doyiga aralashmaganini aytdi.

“Ha, o‘zlari shartnoma qilib olishayapti, hech kim ularni majburlamagan. Bizda qancha fermer mashina olganini bilmayman, bu ishlarga men aralashganim yo‘q”, dedi Zafarobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboev.

Jizzax viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi viloyat hokimining topshirig‘i bilan Asakadagi “GM O’zbekiston” qo‘shma korxonasidan fermerlarga sotish uchun 300 ta avtomobil olib kelinganini tasdiqladi.

Mulozim bu avtomobillar ilg‘or fermerlarni taqdirlash uchun keltirilganini aytdi.

“Hech qaysi fermer ortiqcha bug‘doyingga mashina sotib ol deb, majburlanmagan. Hammasi shartnoma asosida amalga oshirilayapti. Bu fermerlarga qulaylikku. Masalan, hozir mashina sotib olish uchun oldindan ariza berish kerak, oylab navbatda turish kerak, kutish kerak. Bizda esa, ilg‘or fermerlar mashinaning kalitini olib minib ketayapti. O‘z ixtiyorlari bilan, majburlash yo‘q”, dedi hokimlik mulozimi.

Ozodlik fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyi tortib olinayotgani haqida ilgari ham xabar bergan.

Samarqand viloyat, Jomboy tuman hokimi Umidjon Nazarov 9 iyul kuni o‘tkazgan yig‘ilishida g‘alla o‘rimi otryadlari rahbarlari va tuman tashkilotlari rahbarlariga 10 tonnadan g‘alla topish haqida topshiriq bergan edi.

20 iyun kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan ikki nafar fermer, har gektar yerdan topshiriladigan bug‘doy tsentneri hokimning buyrug‘i bilan 4-5 tsentnerga sun’iy ravishda oshirilganidan shikoyat qilgan edi.

Joriy yilning 18 iyunida Surxondaryodan Ozodlikka bog‘langan fermerlarga ko‘ra, g‘alla rejasini bajarmagan fermerlardan topshirilmagan bug‘doyning har kilosi uchun 1200 so‘mdan pul talab qilingan. Fermerlar iddaosicha, MIB boshchiligidagi mutasaddi tashkilotlar xodimlari g‘alla uchun pul berishga qurbi yetmagan fermerlarning chorva mollari tortib olingan.

XS
SM
MD
LG