Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limining etti nafar zobiti va safdori ishdan bo‘shatildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, xizmat tekshiruvi davomida o‘z vazifalarini ijro etishda qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, xodimlarning xizmat olib borish faoliyatini tegishli tartibda nazorat qilmagan hamda shaxsiy tarkib bilan yakka tartibdagi tarbiyaviy ishlar olib borilishini yetarli darajada tashkil etmaganliklari uchun Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov, uning birinchi o‘rinbosari Izzatillo Xo‘djamqulov hamda kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Sheraliev, shahar IIB JQB boshlig‘i Alisher Shukurov Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatilgan, viloyat IIB va shahar IIBning bir qator rahbar xodimlariga nisbatan boshqa intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Xabarda ushbu voqea sodir etilishi bilan bog‘liq holatlarda xizmat vazifalarini bajarmagan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB katta inspektor navbatchisi Nasim Aliev va navbatchi yordamchisi Jahongir Shodievlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgani ham yozilgan.
Kattaqo‘rg‘on shahar IIB profilaktika inspektori Shamshod To‘xtaev esa ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi ishchi guruhi Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganayotganligi aytiladi.
Ozodlikning 4 iyul kuni e’lon qilgan "Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limiga olib kelingan ayollar qip-yalang‘och qilib tahqirlandi" maqolasidan so‘ng, 5 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘z saytida Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili San’at Umarov ushlangani va uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida rasmiy bayonot e’lon qilgan edi.
Samarqand shahar sudi 6 iyulda Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili San’at Umarovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilishi haqida ajrim chiqardi.
Ajrimga ko‘ra, San’at Umarov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi "a" bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.
San’at Umarov 1988 yilda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan.
Ozodlikda e’lon qilingan videotasvirdan o‘g‘rilikda gumonlanib, yana bir ayolning militsiya bo‘linmasiga olib kelingani va tasvirga tushmagan ikkinchi ayolning ham kadr ortida tahqirlangani tushuniladi.
Ammo, shu paytgacha O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasi ikkinchi ayolning kimligi va uni tahqirlagan militsiya xodimlari haqida hech qanday izoh bergani yo‘q.