Namangan viloyat, Chortoq tumanidagi maktablardan birining 7-sinfni tugatgan o‘quvchisi farzand ko‘rgani ortidan, tumandagi barcha maktablarning ta’tilda bo‘lgan o‘qituvchilari ishga chaqirib olindi.
Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan o‘qituvchilarning aytishicha, ularga uyma-uy yurib ota-onalarga farzandlarini ehtiyotlashni tushuntirish, tushuntirish ishlari o‘tkazilgani isboti sifatida o‘quvchi va ota-onalar bilan suratga tushib, uni tuman xalq ta’limi bo‘limiga topshirish vazifasi yuklatilgan.
Chortoq tuman ichki ishlar bo‘limi mulozimi 7-sinfni tugatgan o‘quvchi qiz farzandli bo‘lganini tasdiqladi.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri ham o‘qituvchilarning ta’tildan chaqirib olinganini tasdiqlar ekan, ta’tildagi ishlangan kunlar keyingi ta’tillarga qo‘shib berilishini aytdi.
Chortoq tumanidagi maktablardan birining 7-sinfini tugatgan o‘quvchisi (maktabning raqami va o‘quvchining ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum – tahr.) farzand ko‘rgani haqidagi xabarni tuman ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi tasdiqladi:
“Hozir bu ish yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. O‘quvchini homilador qilib qo‘yganlikda gumonlangan shaxslardan DNK analizlari olib tekshirilmoqda. Boshqa tafsilotlar ochiqlanmaydi”, dedi ichki ishlar mulozimi.
Ozodlikka murojaat qilgan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining aytishicha, bu voqea sodir bo‘lgandan taxminan 10 kun o‘tib, ular ta’tildan chaqirib olingan:
“Maktabimiz direktori ta’tildagi o‘qituvchilarni chaqirtirib oldi. Hozir uyma-uy kirib, ota-onalarga shunaqa voqea bo‘pti, qizingizni nazorat qilib boring, ehtiyot qiling deb tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. O‘quvchi qizlar balog‘at yoshiga yetgan bo‘lsa, olib borib UZI qildiryapmiz. Ota-onalar bilan suhbatlashgandan so‘ng, bitta oq varaqqa suhbat mazmunini yozib, o‘quvchi, uning ota yoki onasi bilan birga rasmga tushib, alьbom shaklida zavuchlarga topshiryapmiz. U esa to‘plab xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Shohista Turg‘unovaga topshiryapti”, deydi o‘qituvchi.
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa o‘qituvchining aytishicha, ular ota-onalardan kafolat xatlari olgan bo‘lsa ham, yana qaytadan xuddi shunday ishni takror qilishga majburlanyapti:
“Men boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. 25 mayda ota-onalarni chaqirtirib, mana bolalarni sizlarga eson-omon topshirdik, deb kafolat xatlari yozdirib olganmiz. Endi yana uyma-uy yurib, ota-onalardan bolalaringizni ehtiyot qiling deb, rasmga tushib yuribmiz. Tasavvur qiling, mening sinfimda 32 ta o‘quvchi bo‘lsa, axir uni aylanib, suhbatlarni yozib, rasmga tushib bo‘lguncha kamida o‘n kun vaqt kerak bo‘ladi. Men bu issiqlarda besh kundan buyon yuribman, hali tugatolmadim. Ta’tilda bunaqa ortiqcha dahmazaning nima keragi bor? Nega biz ta’til vaqtida ham bekorga ishlashimiz kerak?, deb savol beradi o‘qituvchi.
Chortoq tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Shohista Turg‘unova 18 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda, 7-sinf o‘quvchisining farzandli bo‘lganini yashirishga urindi:
“Yo‘q, u qiz tug‘magan, shunchaki ginekologik tarafdan muammo bo‘lgani uchun, o‘zimni o‘ldiraman, deb aytgan ekan, shunga shov-shuv bo‘lib ketdi. Biz borib hammasini tinchitdik. Shu voqeadan keyin haqiqatan ham ayrim o‘qituvchilarni ta’tildan chaqirtirib oldik, ular o‘quvchilar bilan uchrashuvlar tashkil qiladi, ta’tillari qanday o‘tayotgani bilan qiziqadi. Lekin, ular bu ishga necha kun sarflagan bo‘lsa, yangi o‘quv yilida unga shu ishlagan kunlari uchun ta’til beriladi”, dedi xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Shohista Turg‘unova.
Chortoq tumani hokimining xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Adiba Asraqulova, Ozodlik bilan suhbatda, muxbirning 7-sinf o‘quvchisi farzand ko‘rgani haqidagi savolini eshitishi bilanoq, aloqani uzib qo‘ydi.
Ozodlik 13 yoshida tug‘ib qo‘ygan o‘quvchi qizning oilaviy sharoiti haqida ma’lumot ololmadi.
O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining balog‘at yoshiga yetmay homilador bo‘lib qolish holatlari favqulodda yangilik emas.
O‘zbekiston Ma’naviyat-targ‘ibot markazi raisi Qahramon Quranboev 2015 yilning 1 iyulida san’atkorlar bilan o‘tkazgan tadbirda bu haqda shunday degan edi:
- 2013 yilgi ma’lumotni aytaman. 13 yoshli 200 dan oshiq qizimiz tug‘ib qo‘ydi. 13 yoshida 200 tadan oshiq o‘zbekistonlik qiz tug‘di! Bu qizlar aksariyatining yo otasi ketgan yo onasi ketgan yoki ota-onasi ketgan¸ bola bu yerda sarson. Mana yaqinda eshitgan bo‘lsanglar¸ Xorazmda 12 yashar qiz o‘zining akasidan tug‘di. Toshkent shahrida o‘tgan yili bo‘lgan voqea – Yunusobodda ikkita 13 yashar qizimiz o‘zini otasidan tug‘di. Mana endi savol tug‘iladi – ma’naviyat kerakmi yo kerak emasmi?, degan edi Respublika Ma’naviyat-targ‘ibot markazi rahbari Qahramon Quronboev.