Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:41

Toshkentda Mirziyoevga arz qilmoqchi bo‘lgan 6 ayol 10 kunga qamaldi


 23 iyul kuni o‘ttizga yaqin ayoldan olti nafari O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi, mayda bezorilikda ayblanib 10 sutkaga qamaldi, qolganiga ogohlantirish berilib, qo‘yib yuborildi.
23 iyul kuni o‘ttizga yaqin ayoldan olti nafari O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi, mayda bezorilikda ayblanib 10 sutkaga qamaldi, qolganiga ogohlantirish berilib, qo‘yib yuborildi.

Toshkentda militsiya va prokuratura ustidan arz qilish maqsadida prezident Shavkat Mirziyoevning qabuliga kirish uchun borgan bir guruh ayol qo‘lga olindi.

Bu haqda xabar qilgan mahalliy huquq himoyachisiga ko‘ra, 23 iyul kuni o‘ttizga yaqin ayoldan olti nafari mayda bezorilikda ayblanib 10 sutkaga qamalgan, qolganiga ogohlantirish berilib, qo‘yib yuborilgan.

Yakkasaroy tuman IIBsi mulozimi ayollarning qo‘lga olingani haqda izoh berolmasligini aytish bilan cheklandi.​

Toshkentlik huquq faoli Tatyana Dovlatovaning Ozodlikka aytishicha, 23 iyul kuni o‘ttizga yaqin ayol huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan bosim va tahdidlarga uchrayotganini prezidentga aytish uchun uning qabuliga bormoqchi bo‘lishgan, lekin ular prezident idorasi oldida qo‘lga olinib, Yakkasaroy tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

- Yakkasaroy tuman IIBsida 6 soat ushlab turilgach, ayrimlari ogohlantirilib qo‘yib yuborilgan, olti nafarini esa Ma’muriy javobgarlik kodeksining 183-moddasi, mayda bezorilikda ayblab 10 sutkaga qamashdi, - deydi Dovlatova.

Hozir shikoyatchi 6 ayol Toshkentning xalq orasida "Panelniy" deb tanilgan hibsxonasi – Toshkent shahar IIBga qarashli vaqtinchalik saqlash markazida ushlab turilibdi.

Toshkentning xalq orasida "Panelniy" deb tanilgan hibsxonasi.
Toshkentning xalq orasida "Panelniy" deb tanilgan hibsxonasi.

Militsiya bo‘limida ushlab turilib, qo‘yib yuborilgan ayollardan biri ular Toshkentning Mustqallik maydoniga, prezident apparati joylashgan bino oldiga ertalab borishganini aytadi.

- Prezident korteji idora yoniga yaqinlashgan paytda, bizni avtobus kelib to‘sdi, keyin kuch bilan bizni avtobusga bosib olib ketishdi, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan shikoyatchi ayollardan biri.

Toshkentlik huquq faoli Tatyana Dovlatova qo‘lga olinganlardan uchtasining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lganini aytdi.

- Ulardan birini o‘g‘li qamoqda o‘lgan ekan. Uning iddaosicha, o‘g‘lini qamoqda qiynab o‘ldirishgan. Yana biri xorijda yashayotgan oilasiga qo‘shilish uchun chiqish vizasini yillardan beri ololmayapti. Bormagan joyi, shikoyat etmagan idorasi qolmagach bular mana shu muammolarni prezidentning o‘ziga aytish uchun borishgan, lekin Panelniyga qamab qo‘yishgan. Ularning balog‘atga yetmagan bolalari bor. Qamalganlardan biri Zulfiya Hudoyberganovaning alohida e’tiborga muxtoj, gapirolmaydigan bolasi bor ekan, hozir u qamoqdan xat chiqarib, shahar sudidan unga belgilangan chorani qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda. Ushlangan yana bir ayolning ikki yoshli bolasi ham borligini aniqladik. Axir O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, uch yoshgacha bo‘lgan bolalari bor ayollar qamalmasligi kerak. Bundan tashqari qamoqxona xarajatlari, uch marta ovqat va yashash ham ayollarni o‘zlaridan undirilar ekan, - deydi Tatyana Dovlatova.

Qamoqqa olingan ayollardan biri Zulfiya Hudoybeganovaning ma’muriy ishlar bo‘yicha shahar sudiga murojaati.
Qamoqqa olingan ayollardan biri Zulfiya Hudoybeganovaning ma’muriy ishlar bo‘yicha shahar sudiga murojaati.

O‘zbekistonda 2016 yildan buyon prezident virtual qabulxonasi ishga tushirilgan va prezidentga arz qilish uchun Internet orqali murojaat qilish imkoni bor.

O‘zbekiston rasmiy matbuotiga ko‘ra, Prezident virtual qabulxonasi o‘tgan salkam ikki yil ichida aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etishning ta’sirchan mexanizmiga aylangan.

Lekin, huquq faoli Tatyana Dovlatovaning aytishicha, qamoqqa olingan ayollar Mirziyoevning qabuliga borishdan oldin o‘z muammolari haqida prezident Virtual qabulxonasiga ham murojaat qilganlar, lekin natija bo‘lmagan.

Ozodlik Toshkentda prezident qabuliga bormoqchi bo‘lgan ayollarning qo‘lga olinishi haqida izoh so‘rab, O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati va Yakkasaroy IIBsiga murojaat etdi.

Prezident matbuot xizmati mulozimi ayollarning qo‘lga olinganidan xabarsiz ekanini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan Yakkasaroy tumani IIBsi mulozimi esa, ayollarning qo‘lga olingani haqda izoh berolmasligini aytish bilan cheklandi.

O‘zbekistonda bundan oldin ham prezident qabuliga bormoqchi bo‘lganlar qo‘lga olingani haqda Ozodlik xabar bergan.

O‘tgan yilning iyun oyida Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumani militsiyasida vafot etgan tadbirkorning onasi Karomat Qodirova prezident qabuliga borayotganida qo‘lga olinib, 15 sutkaga qamalgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG