Shu oy o‘rtalarida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “qidiruvdagi shaxslar” ro‘yxatidan olib tashlangan o‘zbekistonlik ishbilarmon, Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti, ayni paytda Xalqaro boks federatsiyasi - AIBA prezidenti vazifasini bajarayotgan G‘ofur Rahimov 27 iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati bilan uchrashgan. Bir oy avval Rahimov va rafiqasining ismi IIV qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida paydo bo‘lgan edi.
O‘zbekistonda ta’magirlik, jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan daromadlarni legallashtirish va shuningdek, hujjatlarni qalbakilashtirishda gumon qilinib qidiruvga berilgan, shu oy o‘rtalarida esa IIVning "qidirilayotganlar ro‘yxati"dan olib tashlangan Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti, 67 yoshli G‘ofur Rahimov Toshkentga keldi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga ko‘ra, Rahimov 27 iyul kuni MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashgan.
Rahimov o‘z chiqishida "O‘zbekiston Olimpiya harakatida inqilobiy o‘zgarishlar" yuz berayotgani va bu prezident Mirziyoev olib borayotgan siyosatning muhim yo‘nalishi ekanini aytgan.
Rahimov O‘zbekistonni 2010 yilda tark etganidan buyon ilk bor Toshkentga kelgan va 27 iyul kuni qaytib ketgan.
2013 yilning 6 fevralida G‘afur Rahimovga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165 (tovlamachilik), 243 (jinoiy faoliyatda olingan daromadlarni legallashtirish) va 228 (hujjatlarni qalbakilashtirish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etish ayblovlari qo‘yilgan edi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi G‘ofur Rahimovga 2013 yilning fevralida qidiruv e’lon qilgan.
Rahimov ismi 2016 yilning 15 sentabriga qadar Interpolning O‘zbekistondagi milliy vakolatxonasi qidiruv lentasida ham bo‘lgan.
O‘tgan oy Rahimov va uning turmush o‘rtog‘i ekani aytilayotgan Lola Rahimovalarning ismi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining qidirilayotgan shaxslar ro‘yxatida qayta paydo bo‘ldi.
12 iyul kuni esa Ozodlik G‘afur Rahimovga qidiruv to‘xtatilgani va uning O‘zbekistonga qaytishiga huquqiy izn berilgani haqda xabar qildi.
Joriy yil may oyida Rahimov boshqaraëtgan Xalqaro boks assotsiatsiyasi rasmiy saytida tadbirkorning Vashington va Londondagi advokatlaridan o‘ziga qo‘yilgan sanksiyani qayta ko‘rib chiqish talabi bilan AQSh Moliya vazirligiga murojaat qilishni so‘ragani xabari paydo bo‘ldi.
Bu bayonotda G‘afur Rahimovning quyidagi so‘zlari keltirilgan:
“Men hech qachon uyushgan jinoiy guruh bilan aloqador bo‘lmaganman hamda men hech qachon hech qanday jinoyatlarda ayblanmaganman. AQSh Moliya vazirligi bosimi davom etayotgan bo‘lsada, men AIBA boshqaruvi va moliyaviy barqarorligini tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarimni davom ettiraman. Men boksni yaxshi ko‘raman. AIBA har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tadi va menga qarshi asossiz ayblovlarga qaramay, hayotimni sportga bag‘ishlashda davom etaman”.
G‘afur Rahimov AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanksiyalari ro‘yxatiga ilk bor 2012 yilning 23 fevral kuni "Yevroosiyodagi jinoiy sindikat" yetakchilaridan biri sifatida kiritilgan edi.
"Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda"¸ deb yozilgan AQSh Moliya vazirligi o‘z rasmiy saytida 2013 yil 30 oktabrida e’lon qilgan hujjat matnida.
Ayni shu sanada AQSh Moliya vazirligi G‘afur Rahimovga aloqador deb ko‘rilgan yana olti shaxs va to‘rt shirkatga nisbatan jazo choralari joriy qilgan edi.
Bu ro‘yxatga nomlari kiritilgan shaxs va shirkatlarning AQSh banklaridagi hisoblarini muzlatilgan va AQSh fuqarolarining ular bilan har qanday hamkorligi taqiqlangan.