Namangan shahridagi Chorsu dehqon bozorida yillardan beri savdo qilib kelgan tadbirkorlar do‘konlari 21 iyulda shahar hokimligi tomonidan hech qanday ogohlantirishsiz yopib qo‘yildi.
Bu haqda Ozodlikka bir nechta tadbirkor arz qildi.
Bozor ma’muriyati shahar hokimligining bozorni tartibga solish chora-tadbirlari doirasida kiyim-kechak do‘konlari yopilganini tasdiqladi.
Chorsu bozorida 2010 yildan buyon do‘kon ijaraga olib, tadbirkorlik qilib kelgan Azimjon Dehqonov do‘konlar yopilishi ortidan o‘zi qatori yuzdan ortiq odam ishsiz qolgani, tadbirkorlar esa katta miqdorda ziyon ko‘rganini aytdi:
- Tadbirkorlarga kamida bir oy oldin ogohlantirish berilishi lozim edi. Ogohlantirish muddati o‘tganidan so‘nggina do‘konlar yopilishi kerak edi. Bular bir kunda “mollaringni olib chiqib ket”, deb ertasiga do‘konlarni muhrlayapti. Hozir savdogarlar molini nima qilishini bilmay yuribdi. Ozgina muhlat berilsa, mollarni ko‘tarasiga sotib, o‘z qo‘limiz bilan do‘konni topshirar edik, - deydi namanganlik tadbirkor.
Ozodlik bilan suhbatlashgan namanganlik boshqa bir tadbirkor shahar hokimligining do‘konlarni yopish qarorini prezident siyosatiga zid deb bilishini aytadi.
- Prezidentimiz bitta ish o‘rni yaratgan odamni boshimga ko‘taraman, deganlar. Hokimiyat do‘konlarni yopib, yuzlab odamlarni ishsiz qoldiryapti, - deydi ismi sir qolishini istagan namanganlik tadbirkor.
Bozor ma’muriyati shahar hokimligining bozorni tartibga cholish chora-tadbirlari doirasida kiyim-kechak do‘konlari yopilganini tasdiqladi.
- Dehqon bozoridan bir kilometr uzoqlikda kiyim-kechak do‘koni bo‘lmasligi kerak.Shuning uchun bozor hududidagi hamma kiyim-kechak do‘konlari yopildi. Ularga shaharning boshqa joyidan yoki “Do‘stlik” bozoridan do‘konlar taklif etilyapti, - dedi Chorsu bozorining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan mulozimi.
Yopilgan do‘konlar o‘rnida nima bo‘ladi?
Ozodlik bu savolga Chorsu dehqon bozori ma’muriyatidan ham, Namangan shahar hokimligining Iqtisodiyot kotibiyatidan ham javob ololmadi.
Hokimlikning Iqtisodiyot kotibiyati mulozimi bir soatda qayta telefon qilishimizni so‘radi, lekin qayta qilingan qo‘ng‘iroqlarga mulozim javob bermadi.
18 iyul kuni Chorsu bozorida yoymachilar savdo-sotiq qilishga qo‘yilmaganiga norozilik bildirib chiqqani haqda Ozodlik xabar bergan edi.
Namangan shahri Chorsu dehqon bozoridagi yoymachilar bilan militsiya xodimlari o‘rtasida yuz bergan tortishuv aks etgan videoda ayollarning militsiya xodimlari va hokimlik mulozimlari bilan tortishuvi va shovqin-suron bilan tunuka devorni buzib tashlagani ko‘rinadi.
Tunuka devorni buzishda ishtirok etgani uchun militsiya tomonidan ushlangan va jarimaga tortilgan ayollardan biri voqea tafsilotini Ozodlikka gapirib bergandi.
- Bu yerda shunchalik qo‘pol munosabat qilishyaptiki, cheki yo‘q. Ogohlantirish yo‘q, bir kunda kelib yig‘ishtiringlar, deyapti. Ulug‘bek degan hokim muovini kelib, narsalarimizni otib yubordilar, o‘zimizni tepib tashladilar. Devor tunuka yiqilib ketganidan so‘ng, meni kameraga tushgansan deb turib, uyimdan milisa olib ketdi va kechasi soat birgacha 3-sonli milisaxonada ushlab o‘tirdi, keyin qo‘yvorishdi. Juma kuni esa sayyor sud qilib, qariyb 800 ming so‘m jarima qilishdi, - deydi ayollardan biri.
O‘zbekistonda bozorlardagi rastalardan tashqarida, yo‘llarda savdo qiladigan kichik savdogarlarni mahalliy hokimlik va soliq inspektsiyasi xodimlari muntazam ta’qib qilib keladi.
O‘zbekistonning boshqa viloyat va tuman markazlarida bozorlarning buzilishi, yoymachilarning tirikchilik manbaidan judo qilinishi ularning keskin noroziligi manzarasida kechadi.
O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 27 martdagi 2853-sonli qarorga muvofiq mamlakatda bozorlar rekonstruksiya qilinmoqda.
O‘zbekistonning boshqa o‘nlab shaharlari bozorlaridagi do‘konlarning yopilishi yoki buzilishi savdogarlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.